O‘zbekistonga hurmatsizlikni samolyot trapidan boshlagan Sergey Lavrovning tashrifi qanday o‘tdi?
Tahlil
−
24 aprel
1651421 yil. Rossiyadek katta davlatning tashqi siyosatini 21 yildan beri boshqarib kelayotgan tajribali diplomat Sergey Lavrov O‘zbekistonga kelib ketdi. Odatda tajriba o‘z so‘zini aytadi, deyishadi. Lavrovning O‘zbekistonga tashrifida ham uning ko‘p yillik tajribasi ish berdimi, u Samarqandga kelishdan ko‘zlagan maqsadiga silliqlik bilan, keling, o‘zi umuman maqsadiga yetdimi, bunisi hozircha qorong‘i.
Ammo uning O‘zbekiston yerida 2 kun davomida qilgan harakatlari va aytgan gaplari o‘zbek jamoatchiligining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Keling, bugun shularni ko‘rib chiqamiz.
Sergey Lavrov 22 aprel kuni kechqurun O‘zbekistonga keldi. Uni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov quchoq ochib kutib kutib oldi.
Biroq 75 yoshli Lavrov parvozdan charchagan chog‘i, o‘zbekistonlik mavqedoshi bilan quchoqlashib ko‘rishishni istamadi. U Baxtiyor Saidovning yelkasiga qo‘lini qo‘yib qo‘yaqoldi. Bu holat esa ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida muhokamalarga sabab bo‘ldi va Rossiya Tashqi ishlar vazirining hurmatsizligi sifatida baholandi. Xususan, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja Lavrovning bu harakatiga e’tibor qaratar ekan, Rossiyaning TIV rahbari bu diplomatik protokol qoidalariga zid ekanini yaxshi bilishi kerakligini, qarib qolib buni tushunmasa, iste’foga chiqqani durustligini aytdi.
“O‘ylab ko‘rsak, boshqa davlatning Tashqi ishlar vaziri kelib, o‘ziga teng Tashqi ishlar vazirining quchog‘ini qabul qilmasdan, o‘nlab kameralar ko‘z o‘ngida uning yelkasiga bemalol panjasini qo‘yib javob qaytarishi — bu diplomatik protokol qoidalariga zid ekanini yaxshi bilishi kerak. Biz endi dominantlikni (ya’ni ustuvorlikni) shu yo‘l ila namoyon qilmoqchi ekanini qabul qilmaymiz va buni noverbal uslub orqali namoyish etmoqchi bo‘lganligini anglaymiz. Biz nozik Sharq odamlarimiz, janob Lavrov qarib qolib buni tushunmasa iste’foga chiqsin!”, deydi Qo‘dratxo‘ja.
Shuningdek, u o‘z paytlarida SSSR TIV rahbari Andrey Andreyevich Gromiko bunday “choyxonacha og‘aynigarchilik”ni O‘zSSR TIV rahbari Rafiq Nishonovga nisbatan ep ko‘rmaganini yozgan.
“O‘sha marhum Rafiq Nishonovning shogirdi bo‘lmish Lavrov nega endi kim bo‘lishidan qat’i nazar, biz teng ichida teng davlatning rasmiysiga nisbatan bunday hurmatsizlikni namoyon etmoqda? Sen kimsan o‘zi? Sen kimsanki, Amir Temur va undan ham oldin o‘nlab buyuklar asos solgan 3,5 ming yillik tarix va davlatchilikka ega davlatda o‘zingni shunday betarbiya tutasan? Axir mustaqil O‘zbekistonning 40 million aholisi bor, biz o‘zgalardan kam emasmiz! Biz mustaqil davlatmiz! Olg‘a O‘zbekiston!
O‘zga hududga o‘z qoidalari (V chujoy monastir so svoim ustavom ne lezut) bilan kirmang, deyman jo‘ralar…!!!”, deydi Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Bu Lavrovning O‘zbekiston tuprog‘iga qo‘ygan ilk qadamidagi harakati edi. Tashrif esa endi boshlanayotgandi.
Ertasi kuni Rossiya bosh diplomati Samarqand shahridagi Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yishga bordi. Gul qo‘yilgach, Lavrovning ko‘zi atrofdagi yozuvlarga tushdi. Buni qarangki, O‘zbekiston hududidagi yodgorlik yonida davlat tilida “Sen doim qalbimizdasan, jigarim” deb va uning ingliz tilidagi tarjimasi “You are always in our heart, my dear”, deb yozilgan. Lavrovni esa bu yerda rus tilida biror jumla yozilmagani o‘ylantiribdi.
“Ko‘ryapman, u yerda inglizcha yozuv bor. Ammo men ruschani ko‘rmayapman. Ona - eng muqaddas”, deganmish Lavrov gidga qarab.
Lavrovning bu qilig‘i ham o‘zbek jamoatchiligiga yoqmadi. Masalan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov hurmat so‘rab olinmasligini eslatdi.
“Rus siyosatchilari O‘zbekistonda rus madaniyati va rus tiliga bo‘lgan munosabatni yomonlashtirish uchun hamma yo‘llarni sinab ko‘rishmoqda. Nega O‘zbekistonda yoshlar hech kim eslatib turmasa ham ingliz, nemis, turk va arab tillarini o‘rganishga harakat qiladi. So‘rab olingan hurmat va yolg‘on yaratilgan ehtiyojdan faqat teskari natija bo‘lishini vazir Lavrov bilmasligi mumkin emas”, dedi deputat.
Yana bir deputat Odiljon Tojiyev esa Lavrovning bu gapiga “Qizil maydonga o‘zbekcha yozilsa, keyin o‘ylab ko‘rishimiz mumkin”, deya javob qaytardi.
“O‘zbek xalqi tilni majburiyat emas, imkoniyat deb tanlaydi. Xorij tilini sun’iy targ‘ib qilish muhabbat emas, qarshi munosabat uyg‘otadi. Qolaversa, hurmat talab qilinmaydi — u singadi.
P.S. Moskva Bosh maydoniga o‘zbekcha ham yozilsa, keyin o‘ylab ko‘rishimiz mumkin”.
Sherzodxon Qudratxo‘ja esa har bir mamlakat o‘zining hududidagi tarixiy obida yoki haykali atrofida qaysi tilda yozishini faqat o‘zi hal qilishini, O‘zbekiston Rossiyaning koloniyasi emasligini eslatdi.
“Chetdan kelib, boshqa davlatning Tashqi ishlar vaziri bizni tanqid qilishi noto‘g‘ri. Zero, biz ularning koloniyasi emasmiz! Bizning vazirlar ham Rossiyaga borganda ba’zi masalalar bo‘yicha Lavrov kabi dadil savol berishni o‘rganishlari kerak, shekilli.
Xususan, nega bizning Rossiyadagi migrantlar diskriminatsiya qilinadi? Nimaga ularga nisbatan mahalliy hokimiyat, migratsion xizmatlar yoki politsiya tomonidan oddiy inson huquqlarini poymol qiluvchi holatlar qo‘llanilsa, Rossiya jamoatchiligi va davlat rasmiylari jim turadi?
Sergey Lavrov kelib bizga “ona timsoli — muqaddas” ekanini tushuntirmoqchi ekan, oddiy bir yozuvni bor yo‘qligiga diqqat qaratarkan, biz ham unga “inson huquqlari ham muqaddas” ekanini diqqat e’tiboriga solishimiz va eslatishimiz kerak”, deydi u.
Lavrovning tashrifiga qaytadigan bo‘lsak, u Baxtiyor Saidov bilan muzokara o‘tkazdi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qabulida bo‘ldi. Suhbatda O‘zbekiston-Rossiya do‘stlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralardan so‘ng, Lavrov O‘zbekistonga tashrifining yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani ham o‘tkazdi. 35 daqiqa davom etgan matbuot anjumani davomida diplomat qator masalalarga to‘xtaldi va jurnalistlarning savollariga javob berdi. Xususan, u O‘zbekiston rahbariyatiga Rossiyaning Ukrainadagi urushni hal qilish uchun AQSH bilan olib borayotgan muzokaralari haqida axborot berganini aytdi.
“Biz o‘zbekistonlik do‘stlarimizga "Ukraina inqirozini hal qilish bo‘yicha" so‘nggi o‘zgarishlar haqida, jumladan, AQSH bilan aloqalarimiz kontekstida hamda Qo‘shma Shtatlar ukrainaliklar va yevropaliklar bilan hamkorlikda so‘nggi kunlarda ilgari surayotgan g‘oyalar kontekstida batafsil ma’lumot berib boryapmiz”, dedi Lavrov.
Shuningdek, Lavrov AQSHning tariflar bo‘yicha tajribalari Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo rivojlanishiga xavf tug‘dirmasligini aytdi.
“O‘ylaymanki, bu holat O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi savdo munosabatlariga ta’sir qilishi mumkin. Rossiyaning bunga nima aloqasi bor? Rossiya O‘zbekiston bilan ikki tomonlama kelishuvlar asosida savdo qiladi, O‘zbekistonga AQSHdan tovarlar biz orqali kelmaydi, O‘zbekiston tovarlari ham biz orqali AQSHga ketmaydi. Bu yerda Rossiya-O‘zbekiston savdosi rivojlanishi uchun hech qanday xavf-xatar ko‘rmayapman”, dedi vazir.
Bundan tashqari, Lavrovdan migrantlar haqida ham so‘rashdi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistondan Rossiyaga borayotgan mehnat migrantlari rus tili va Rossiya qonunlarini bilishi kerakligini eslatdi.
“Vaziyatni global miqyosda olib boradigan bo‘lsak, albatta, mehnat muhojirlari sonining qisqarishiga olib keladigan choralar bizning manfaatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi, chunki ishchi kuchi tanqisligi tegishli rejalarni kamroq reallashtirishi mumkin. Ammo muammoning ikkinchi qismi – Rossiya qonunlariga rioya qilish va mehnat muhojirlari orasida jinoiy tendensiyalarning rivojlanishining oldini olish”, dedi u.
Eng g‘alati gapga esa endi yetib keldik. Xabaringiz bor, 3-4 aprel kunlari, aynan, Samarqand shahrida Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari hamda Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirok etdi. Sammit yakunida ikki mintaqa orasidagi munosabatlar strategik darajaga chiqdi.
Lavrovga esa Yevroittifoqning Markaziy Osiyodagi ayrim loyihalarga pul tikayotgani yoqmabdi. Matbuot anjumanida u Rossiya davlatlarning ichki ishlariga aralashishga qarshi ekanini aytib turib, o‘z gapini o‘zi inkor etgandek, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi nozik sohalarni moliyalashtirayotganidan nolidi.
“Biz ittifoqchilarimiz va strategik hamkorlarimizning ko‘p vektorli siyosat olib borishiga qarshi emasmiz. Ammo Markaziy Osiyoning ayrim hamkorlari o‘zaro manfaatli loyihalarni taklif qilishdan ko‘ra, mintaqa davlatlarining davlat tuzilmalariga, jumladan, chegara hududlari, statistika, bojxona kabi nozik sohalarga kirib borishga qaratilgan dasturlarga mablag‘ ajratish orqali o‘z manfaatlarini ko‘zlashga harakat qilsalar, buni ma’qullab bo‘lmaydi, albatta. Markaziy Osiyo davlatlari esa buni ko‘rib turibdi”, deya iddao qildi Lavrov.
Sherzodxon Qudratxo‘ja Lavrovning bu gapiga ham javob qaytarib, kim bilan qanday aloqalar o‘rnatishni yoki qay darajada hamkorlik qilishni davlatning o‘zi hal qilishini aytdi.
“Lavrov O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining hamkorligi to‘g‘risida ham gapiribdi. Kim bilan qanday aloqalar o‘rnatishni yoki qay darajada hamkorlik qilishni davlatning o‘zi hal qiladi! O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q. Jumladan, Yevropa Ittifoqi bilan ham o‘zaro aloqalar darajasini O‘zbekistonning o‘zi belgilaydi. Bu davlatimizning tashqi siyosati ko‘p vektorlik ekanligini ko‘rsatadi”, dedi u.
Shu o‘rinda aytish joizki, yuqorida eshitganingiz bari jamoatchilikka ochiq bo‘lgan narsalar. Lavrovning bu gaplari qayerda aytilgani ma’lum, jamoatchilik vakillarining munosabatlari esa ularning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozildi.
Umid qilamizki, Lavrov bilan uchrashgan O‘zbekiston rasmiylari ham unga davlatning o‘rinli munosabat va pozitsiyasini yetkazgan.
LiveBarchasi