Jahon chempionatidagi siyosiy xaos yoxud mundial oldidan yuzaga kelgan janjallar

Tahlil

image

Futbol dunyoni birlashtiradi, ammo bu safar emas. Xalqaro Futbol Assotsiatsiyalari Federatsiyasining (FIFA) ushbu shiori AQSH Prezidenti Donald Trampning izolyatsionistik  siyosatidan ustun bo‘la olmayapti. Qo‘shma Shtatlar va Eron o‘rtasidagi konflikt, immigratsiya masalasidagi cheklovlar va hatto mezbon davlatlar o‘rtasidagi nostabil aloqalar ham Jahon Chempionatini chetlab o‘tmadi.

Eron terma jamoasi bilan bo‘lgan muammoli vaziyatlar ommani ikkiga bo‘linishiga olib kelgan bo‘lsa, ba’zi milliy terma jamoalarni, xususan O‘zbekistonlik futbolchilarni ham jinoyatchilardek tekshirilgani muxlislarni g‘azablantirmoqda. 2025 yilda Afrikaning eng yaxshi hakami deb topilgan somalilik Umar Abdulqodir Artanning mamlakatga kiritilmasdan qaytarib yuborilgani esa, internetda keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Hatto G‘arb manbalari tomonidan inson huquqlarini buzuvchi sifatida propaganda qilib kelingan, 2018 yilda Jahon Chempionati o‘tkazilgan Rossiyada ham bunday keskin siyosiy qarorlar kuzatilmagan edi. Bir so‘z bilan aytganda, 2026 yilgi Jahon Chempionati siyosiy xaosga aylanib bomroqda.

Hech qayerga sig‘mayotgan Eron jamoasi

Shu yilning 28 fevral sanasida Isroil va AQSHning Eronga hujumlari natijasida boshlangan Yaqin Sharqdagi urush Tehron va Vashington o‘rtasidagi dushmanchilik kayfiyatini yana alangalatib yubordi. Minglab insonlar halok bo‘ldi, millionlab oddiy aholi uy-joyidan, bor-budidan ayrildi.

Aynan mana shu mojaro fonida Eron terma jamoasi AQSHda uyushtirilayotgan Jahon Chempionatiga borishga majbur. Aksiga olib Eronning barcha guruh bosqichi o‘yinlari AQSH shaharlarida belgilangan.

Dastlab, Eron Sport vaziri Ahmad Donyamali mamlakat terma jamoasi shu yozda 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok eta olmasligini ma’lum qilgan edi. AQSH rahbari ham o‘zining “Truth Social” tarmog‘ida xavfsizlik masalalarini ro‘kach qilib Eron terma jamoasiga Jahon chempionatiga kelmaslikni maslahat berib post joyladi.

“Eron milliy futbol jamoasi jahon chempionatida qatnashishi mumkin, ammo men ularning ishtirokini o‘z xavfsizligi va himoyasi uchun to‘g‘ri qaror deb hisoblamayman. Bu masalaga e’tibor qaratganingiz uchun rahmat”, deb yozadi Tramp.

Federatsiya matbuot kotibi Amir Mehdi Alavi bu qarorni sport bilan bog‘liq bo‘lmagan harakat sifatida ta’rifladi va hech kim terma jamoani Jahon chempionatida ishtirok etishdan chetlashtirishga haqli emasligini aytgan. Sport vaziri Donyamali esa, FIFA’dan o‘yinlarni AQSHda o‘tkazmaslikni talab qilib murojaat jo‘natdi. Uning aytishicha, hozirgi vaziyatda turnirni AQSHda o‘tkazish to‘g‘ri emas. Eron hali ham urush holatida bo‘lib, bu ko‘plab sohalarga, jumladan aviaqatnovlarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

“Agar o‘yinlar Meksikada o‘tkazilsa, balki qandaydir choralar ko‘ra olarmiz. Jahon chempionatiga ikki-uch oy vaqt qoldi, biz esa, hali ham urush holatidamiz, parvozlar maxsus sharoitda. Boshqa tomondan, ularning o‘zlari ham farzandlaringiz, sportchilar xavfsizlikda emas, deb tahdid qilishdi”, deydi vazir.

Bu so‘rovga Meksika ham rozilik bildirdi. Prezident Klaudiya Sheynbaum Meksika uchun hech qanday to‘siq yo‘qligini aytgan. Natijada, Eron Futbol Federatsiyasi rahbari Mehdi Taj rasmiy bayonot berib, jamoani turnirda ishtirok etishini ma’lum qildi.

Shunga qaramay, Vashington Eron jamoasiga yetarlicha muammolar yarata oldi. Eron delegatsiyasining bir qismi AQSH vizasini ololmadi. Garchi futbolchilarga mamlakatga kirishga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, murabbiylar shtabining a’zolari, texnik maslahatchilar va boshqa muhim shaxslarga viza masalasi hal qilib berilmagan. Eron televideniyesi xabar qilishicha, Federatsiya kotibi Hidoyat Mombeyni va vitse-prezident Mehdi Muhammad Nabi, shuningdek yana 12 ta ma’muriy xodim Los-Anjeles va Sietlda bo‘ladigan o‘yinlar oldidan AQSHga kirishga ruxsat ololmagan. Eron Futbol Federatsiyasi buni qasddan kamsituvchi harakat deb baholadi va Vashingtonni sportga siyosatni aralashtirishda aybladi.

Davlat kotibi Marko Rubio esa, muammo o‘yinchilarda emas, “ular bilan birga kelmoqchi bo‘lgan ba’zi boshqa odamlar” bilan bog‘liq ekanligini ma’lum qilib, delegatsiya tarkibidagi ko‘plab shaxslar umuman sportga aloqasi yo‘q odamlar ekanligini aytgan. Rubioning aytishicha ularning ba’zilari Islom Inqilob Qo‘riqchilar Korpusi bilan aloqador bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari eronlik futbolchilarga ham AQSHda qolishga ruxsat etilmagan. Xavfsizlik yuzasidan jamoa AQSHdagi o‘yinlarda ishtirok etadi, ammo o‘yin tugashi bilan mamlakatni tark etishga majbur. Dastlab Eron terma jamoasining yig‘ini AQSHning Arizona shtatida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Biroq AQSH bilan qurolli mojaro va jamoa xavfsizligi borasidagi xavotirlar tufayli, Eron tomoni FIFA’dan mashg‘ulot bazasini Meksikaga ko‘chirishni so‘ragach, jamoa faqat o‘yinlar uchun AQSHga keladigan bo‘ldi.

Aksiga olib, eronliklar guruhdagi 3 ta o‘yinining barchasini AQSH shaharlarida o‘ynaydi: 15 iyun – Los-Anjelesda Yangi Zelandiyaga qarshi; 21 iyun – yana Los-Anjelesda Belgiyaga qarshi; 26 iyun – Sietlda Misrga qarshi.

Siyosiy mojaro nafaqat futbolchilarga, balki eronlik futbol muxlislariga ham ta’sir etmoqda. Eron federatsiyasi mamlakat terma jamoasining muxlislari uchun ajratilgan chiptalar musobaqadan bir necha kun oldin bekor qilingani haqida xabar qildi. Bu esa, yanada keskin munosabatlarga sabab bo‘lmoqda.  “Muxlislar siyosiy nizolar uchun to‘lov to‘lamasligi kerak”, mazmunidagi sharhlar nafaqat Eron, balki boshqa xalqaro aktorlar tomonidan ham ta’kidlanmoqda.

Qisqa qilib aytganda, bu galgi Jahon Chempionati eronliklar uchun unutilmas yil bo‘lib qoladi, ammo salbiy ma’noda.

Somalilik hakam qaytarib yuborildi

Umar Abdulqodir Artan – 34 yoshli somalilik futbol hakami. U Jahon chempionati final bosqichida ishlaydigan birinchi somalilik hakam sifatida tarixga kirishi mumkin edi. Ammo AQSHning immigratsiya siyosati Artanning orzularini chippakka chiqardi.

Umar Abdulqodir Artan FIFA’ning 52 nafar Jahon chempionati hakamlari ro‘yxatiga kiritilgan edi, ammo hech qanday rasmiy sabablarsiz AQSH hukumati uni deportatsiya qilib yubordi. FIFA 8 iyun kuni ommaviy axborot vositalariga bergan bayonotida Artanning 2026-yilgi Jahon chempionatida mashg‘ulot o‘tkaza olmasligi va hakamlik qila olmasligini tasdiqladi.

Tramp ma’muriyati turli sabablarga ko‘ra, 39 davlatga immigratsiya taqiqini qo‘ygan. Bular orasida Somali ham bor edi. Istanbuldan Mayami xalqaro aeroportiga diplomatik passport bilan kelgan Artan tekshiruv ishlaridan keyin noma’lum sabablar bilan mamlakatdan chiqarib yuborildi. Hakam FIFA’dan yordam so‘raganiga qaramay, tashkilot hech qanday yordam bera olmadi.

“Biz Oyda emas, Yer sayyorasida yashayapmiz. Biz hukumatlar va politsiyani boshqara oladigan dunyo podshohlari emasmiz. FIFA – bu sport tashkiloti. Biz qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz. Ba’zan xotirjam bo‘lish ham muhim. Barcha muammolarni hal qilish ustida ishlayapmiz, ammo har doim ham baqirish va tanqid qilish yechim topishga yordam bermaydi”, deydi Infantino.

Bu esa FIFA prezidenti Janni Infantinoga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini tarqalishiga olib keldi.  Hatto uni “sportning eng buyuk qo‘rqoqlaridan biri”, deb ham atashmoqda.

Ular futbolchilar, jinoyatchilar emas

AQSHning bunday “mehmondo‘stligi” internetda e’tirozli videolardan tortib, millionlab “mem”largacha sabab bo‘lmoqda. Xavfsizlik masalasi albatta muhim, ammo, faqat ba’zi jamoalargagina yo‘naltirilgan bunday jiddiy tekshiruv ishlarini qanday tushunish kerak?

Niderlandiya bilan o‘yin oldidan O‘zbekiston delegatsiyasining ham jiddiy tekshiruvdan o‘tkazilgani haqida videolar tarqaldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Fabio Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabi a’zolaridan avtobusdan tushgandan so‘ng smartfonlarini topshirishlari va cho‘ntaklarini bo‘shatishlari so‘ralgan. Jamoa a’zolarining sumkalari ham yerga yig‘ib olinib maxsus itlar bilan tekshirilgan.

Ammo shu kuni O‘zbekiston bilan o‘ynagan Niderlandiya delegatsiyasiga bunday munosabat ko‘rsatilmagan. Bu esa, o‘zbekistonlik muhlislarda AQSH hukumatiga nisbatan nafrat uyg‘otdi. Internetda e’tirozli munosabatlar va “Ular futbolchilar, jinoyatchilar emas”, mazmunidagi postlar ko‘payib ketdi.

Vaziyatni yumshatish uchun terma jamoa murabbiyi Kannavaro hammasi joyida ekanligini, hech qanday noodatiy tintuvlar o‘tkazilmaganini ma’lum qildi.

“Bular odatiy, standart tekshiruvlar edi. Odamlar bir narsani anglamayaptilar: Jahon chempionatiga kelgan milliy terma jamoalar safar qilganida, oddiy yo‘lovchilar singari aeroport terminallaridan o‘tishmaydi. Ularni jamoalar uchun maxsus ajratilgan avtobuslarda to‘g‘ri samolyot maydoniga olib chiqishadi”, deydi murabbiy.

Shuningdek, Senegal, Iroq va hatto Belgiya terma jamoalarining azolari ham jiddiy tekshiruvlardan o‘tgan.

Senegallik futbolchilar va xodimlar Texas shtatining San-Antonio shahridagi aeroportda samolyotdan tushishlari bilan darhol tekshiruvdan o‘tkazilgan. Xavfsizlik xodimlari mehmonlarni metall detektorlar yordamida tintuvdan o‘tkazgan, jamoa a’zolarining barcha sumkalarini ko‘zdan kechirib, poyabzallarini ham yechishga majbur qilgan.

“AQSHda bo‘lib o‘tayotgan bu FIFA Jahon chempionati boshlanishidan oldin ham eng yomon turnirga aylanib bormoqda! Bu shunday bo‘lishi kerak emas”, dedi Angliya terma jamoasining sobiq yarim himoyachisi Stiven Jerrard.

Mutaxassislarning fikricha, futbolchilar duch kelayotgan muammolar ularning o‘yinlariga ham ta’sir etishi mumkin.
Manashu fonda, AQSHning ayrim siyosati va noodatiy migratsiya qonunlari boshqa Jahon chempionatlarida uchramagani va hatto 1936 yilgi natsistlar Germaniyasida o‘tkazilgan musobaqada ham vaziyat bu qadar bo‘lmagani aytilmoqda.

“Hatto natsistlar ham o‘zlarini biroz jilovlashga urinishgan. 1936 yilgi Berlin Olimpiya o‘yinlari arafasida Uchinchi Reyx chet ellik mehmonlar ko‘ziga qanday ko‘rinishini yaxshi tushungan holda, o‘zining ashaddiy va shafqatsiz qiyofasini biroz xonaki ko‘rsatishga harakat qilgandi. Do‘konlar va jamoat joylaridan yahudiylarga qarshi shior hamda tasvirlar olib tashlangan”, deb yozadi jurnalist Jonatan Lyu.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Donald Trampning siyosati dunyoning eng katta tantanasi bo‘lmish – Jahon Chempionatini ham chetlab o‘tmadi. Kayfiyatni tushuruvchi holatlar ko‘p bo‘ldi, ammo bunday xabarlar kamayishiga umid qilib qolamiz. Futbol dunyoni birlashtirsin!


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing