Trampni sotishyapti, Pashinyan Putinga “sakrayapti”, Germaniya Rossiyaga qarshi – Weekend

Tahlil

Reklama
0:00

AQSH Rossiyaga qarshi “do‘zaxiy” sanksiyalarni qo‘llashni boshlaydi. Tramp yangi qonunni imzoladi. Putin esa bunga keskin javob berib, cheklovlar faqatgina AQSHning o‘ziga qiyinchilik olib kelishini aytdi. “Rossiya va Ukrainani yarashtirib qo‘yaman” deyayotgan Tramp nega birdan o‘rtaga sovuqlik tushirdi?

Rossiya atigi 24 soat ichida ikki mingga yaqin askar yo‘qotdi. Mahalliy aholi hatto “alkash”lar ham majburan harbiy xizmatga olib ketilayotganini aytmoqda. Nima, Moskva armiyasi shu qadar kuchsizlandimi?

Yamandagi husiylar Makkaga hujum qilgani aytilyapti. Saudiya Arabistoni musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan shaharga ham dron yuborganini rasman e’lon qildi. Husiylar bu ayblovni “ochiq-oydin yolg‘on” deyapti. Kimga ishonish kerak?

Germaniya Rossiyaga qarshi urushga tayyorlanyapti. Hatto kunlik yaradorlar soni taxminan hisoblab chiqilgan, ularni davolashning ehtimoliy choralari ham ko‘rilgan. Urush kattalashadimi?

Donald Tramp amaldorlarni “iflos itlar” deb atadi va Eron bo‘yicha maxfiy rejalarni oshkor qilayotganlarni shafqatsiz jazolashini aytdi. Oq uy ichidagi ayg‘oqchilik o‘yini ortida kim yo nima yashiringan? Ichkaridan Trampga tuzoq qo‘yilganmi?

AQSH Oyda jang qilmoqchi

Vashington siyosiy sahnasi ham, xalqaro maydon ham bir vaqtning o‘zida bir nechta frontda keskinlik va strategik noaniqlik girdobiga sho‘ng‘imoqda. AQSH atrofidagi siyosiy o‘yinlar – Yaqin Sharqdagi harbiy ssenariylardan tortib, Moskvaga qarshi iqtisodiy bosim va hatto Oy orbitasidagi harbiylashuv poygasigacha kengaygan.

Yaqin Sharq yo‘nalishidagi voqealar Vashingtonning ichki qarama-qarshiliklarini va oqshomgi “maxfiy” xabarlarning tashqariga sizib chiqishi atrofidagi mashmashalarni yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha maxfiy ma’lumotlarning tarqalib ketishida aybdorlarni topishga va ularni o‘z qilmishlari uchun badal to‘lash me’yoridan ortiq to‘lashga majbur qilishga va’da berdi. U o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida “The Washington Post” nashrining “Eron haqidagi sizib chiqqan ma’lumotlar Tramp haqida nima deydi?” nomli materialiga kutilgan va agressiv uslubda javob qaytardi. Amerikaning amaldagi yetakchisi axborot sizdiruvchilarini iflos itlar deb atagan.

“Juda qiziq. Albatta o‘qib chiqish kerak! Sizib chiqarishda davom eting, ey iflos itlar! Sizlarni topganimizda, juda qimmatli badal to‘laysizlar”, deya keskin munosabat bildirdi.

Oq uy rahbarining bu kabi g‘azabiga sabab bo‘lgan “The Washington Post” maqolasida yozilishicha, Eronga qarshi ehtimoliy harbiy operatsiya boshlanishidan oldin Tramp zarbaning og‘ir oqibatlari haqida Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard tomonidan bir necha bor ogohlantirilgan.

Qolaversa, “The Wall Street Journal” taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyida Gabbard Prezidentni hujum sodir etilgan taqdirda Tehron zudlik bilan Hormuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yishi va bu holat jahon energiya bozorini misli ko‘rilmagan darajada beqarorlashtirishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. WP nashri yuqori martabali harbiylarning ham shunday xavotirda bo‘lganini qo‘shimcha qiladi. Materialda aytilishicha, “Vitse-prezident Jey Di Vens, o‘z navbatida, ehtiyotkorona yondashuv va muzokaralar tarafdori bo‘lgan, ularning fikricha, bu urushdan ko‘ra kamroq xarajat talab qilgan”. Material muallifi, taniqli kolumnist Mark Tissen esa ushbu ogohlantirishlarni matbuotga sizdirayotgan doiralarni nizo oqibatlari uchun butun mas’uliyatni Trampning zimmasiga yuklashga urinayotganlikda ayblaydi. Tissenning fikricha, ma’muriyat ichidagi e’tirozlar va ehtiyotkor chaqiriqlarga qaramay, Prezidentning zarba berish qarori Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan qat’iyatli qadamdir. Maqolada Eronning ko‘p yillik tajovuzkor deb baholangan siyosati ham eslangan.

“Agar Eron bularning barchasini yadroviy soyabonsiz qilgan bo‘lsa, unga ega bo‘lsa, qanday vayronkorliklar keltirib chiqarishini tassavvur qilib ko‘ring”, deyiladi maqolada.

Muallif, shuningdek, uzoq muddatli bitimlarga shubha bilan qaragan.

“Trampning Eronga hujumi xato emas edi. Bu mening hayotimdagi har qanday prezident tomonidan tashqi siyosatda qabul qilingan eng jasur qaror bo‘ldi”, degan xulosani ilgari suradi jurnalist.

Lekin Vashington va Tehron o‘rtasidagi tugallanmagan hisob-kitoblar hali o‘z kulminatsiyasiga yetgani yo‘q. AQSH Prezidenti “Axios” nashriga bergan intervyusida Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha tez orada yana bir keskin qarorni e’lon qilishini ma’lum qildi.

“Oldimda muhim qaror qabul qilish vazifasi turdi. Men ularga bostirib kirishni va ularni yo‘q qilishni xohlaymanmi yoki yo‘qmi? Bu muhim qaror. Men bilan har qanday narsa yuz berishi mumkin”, deydi Tramp ommaviy zarbalarni qayta boshlash ehtimoliga ishora qilib.

Shu bilan birga, Oq uy rahbari 2026 yilning 22-26 sentyabr kunlari Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasi doirasida Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Bahrayn, Kuveyt va Ommon vakillari bilan uchrashib, Eron masalasini muhokama qilishini bildirdi. U arab mamlakatlari haqida ham bosimli fikr bildirgan.

“Men ularning hozirda qaysi mavqeda ekanini va ahvoli qandayligini bilmoqchiman. Biz har doim ular haqida juda g‘amxo‘rlik qilganmiz”, deydi prezident.

Trampning o‘zi 22 sentyabr kuni BMT minbaridan nutq so‘zlaydi va bu chiqish Eron bilan bog‘liq navbatdagi qadamlarga oydinlik kiritishi kutilmoqda.

AQSH Rossiyaga “Do‘zaxiy” sanksiyalar qo‘llamoqchi

Vashingtonning ikkinchi yirik geosiyosiy frontida esa Moskvaga qarshi navbatdagi iqtisodiy “qamal” tayyorlanmoqda. AQSH Kongressi Vakillar palatasi Rossiyaga qarshi “do‘zaxiy” sanksiyalar joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ko‘pchilik ovozi bilan ma’qulladi. 262 kishi rozi bo‘lgan, 159 ta qarshi ovoz berilgan va 12 kishi betaraf qolgan. Avgust oyi boshida Senatdan o‘tgan ushbu hujjat imzolash uchun Trampga yuborilgan va Tramp uni 18 sentyabr kuni imzoladi.

Qonunning to‘liq nomi “Lindsi Gremning 2026 yilgi Rossiya va Eronga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonuni”. U Rossiyaga nisbatan qonunda nazarda tutilgan sanksiyalar, bojlar va taqiqlarni nazarda tutadi hamda kengaytiradi. Shuningdek, Eronga qarshi amaldagi sanksiyalar muddatini uzaytiradi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Trampga “ushbu o‘ta muhim qonunni imzolagani uchun” minnatdorlik bildirgan.

“Lindsi Grem bu yerda, Ukrainada bo‘lganida, Rossiyaga bosimni bo‘shashtirmaslik, sanksiyalarni kuchaytirish va tinchlikka erishish yo‘lini izlash qanchalik muhimligi haqida doimo gapirar edi. Jumladan, Rossiya neftini sotib olish, Rossiyaga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish hamda Putin va urush bilan bog‘liq Rossiya kompaniyalarini boshqa mamlakatlardagi odatiy biznes munosabatlariga jalb qilish bo‘yicha qarorlar qabul qilinadigan poytaxtlarda ham”, deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.

Sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun tashabbuskori 2026 yilning iyul oyida vafot etgan respublikachi-senator Lindsi Grem bo‘lgan edi. Ushbu qonun loyihasi Rossiyaning neft va gazini sotib oluvchi uchinchi davlatlarga nisbatan ikkilamchi cheklovlarni nazarda tutadi. Hujjatga muvofiq, AQSHga olib kiriladigan Rossiya mahsulotlariga 500 foizgacha, Rossiya energiya resurslarini xarid qiluvchi mamlakatlardan import qilinadigan tovarlarga esa 100 foizgacha boj solinishi mumkin.

Moskva esa ushbu chora-tadbirlarga doimgidek keskin va istehzoli munosabat bildirdi. Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi qonun loyihasini Tramp ma’muriyatiga berilgan “ayiq xizmati” deb atab, cheklovlar Amerika iqtisodiyotining o‘ziga zarba bo‘lishidan ogohlantirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa avvalroq iqtisodiy cheklovlar haqida fikr bildirgan edi.

“Sanksiyalar qancha ko‘p bo‘lsa, ularni joriy qilayotganlar uchun shuncha yomon”, deya kesatgan edi.

Kreml rasmiylari misli ko‘rilmagan cheklovlar Moskvaning maqsadlarini o‘zgartira olmaganini ta’kidlamoqda. 17 sentyabr kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov yangi sanksiyalar bo‘yicha munosabat bildirdi.

“Biz, albatta, ushbu hujjatning ko‘rib chiqilishini kuzatyapmiz. Bu do‘stona bo‘lmagan harakatlarga taalluqli va albatta, AQSH tomonidan qandaydir qo‘shimcha sanksiyalarning joriy etilishi Ukrainada tinchlik o‘rnatish yo‘llarini izlash borasidagi sa’y-harakatlarni faqat qiyinlashtiradi”, deya ogohlantirdi Peskov.

AQSHning geosiyosiy ambitsiyalari faqat Yerdagi harbiy va iqtisodiy to‘qnashuvlar bilan cheklanib qolmayapti. Vashington koinotni ham potensial harbiy harakatlar maydoniga aylantirish harakatini ochiq e’lon qildi. 16 sentyabr kuni o‘tkazilgan Air, Space and Cyber konferensiyasida Trampning bosh harbiy maslahatchisi, Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi rahbari general Den Keyn Amerika armiyasi “dengiz tubidan tortib Oy atrofidagi fazogacha” bo‘lgan sohalarda “jang qilishga, bardosh berishga va g‘alaba qozonishga” tayyor turishi shartligini ma’lum qildi. Ushbu pozitsiyani AQSH Kosmik kuchlari qo‘mondoni general-leytenant Gregori Gannon ham qo‘llab-quvvatlab, insoniyat koinotga chuqurroq kirib borayotgan bir paytda harbiylarning asosiy vazifasi “AQSH manfaatlarini himoya qilish” ekanini aytdi.

“Xitoy Xalq Respublikasi kabi bizning ehtimoliy raqiblarimiz kosmosning ba’zi qismlarida faol faoliyat olib bormoqda. Shu sababli yaqin besh yilda Kosmik kuchlar shaxsiy tarkibini 25 ming kishiga yetkazish rejalashtirilgan”, deb qo‘shimcha qildi u.

Ushbu harbiy chaqiriqlar Vashington tomonidan koinotga kosmik qurol chiqarilgani tasdiqlanganidan bir necha kun o‘tib yangragani vaziyatning qanchalik jiddiy ekanini ko‘rsatadi. 2019 yilda Trampning birinchi prezidentlik davrida tashkil etilgan Kosmik kuchlarga javoban, Xitoy 2024 yilda o‘zning harbiy-kosmik bo‘linmalarini tuzgan edi. Amerika qurolining koinotga olib chiqilishiga javoban Pekin Tashqi ishlar vazirligi Xitoy “kosmik fazoda qurol joylashtirish, militarizatsiya va qurollanish poygasiga mutlaqo qarshi” ekanini bildirgan. Amerikalik harbiylarning bu kabi chaqiriqlari xalqaro konvensiyalarni hamda AQSH va Xitoy 1967 yilda imzolagan Kosmos to‘g‘risidagi shartnomani ochiqdan-ochiq chetlab o‘tish deganidir. Chunki mazkur shartnomada Oy va boshqa samoviy jismlardan “faqat tinchlik maqsadlarida” foydalanish hamda koinotga ommaviy qirg‘in qurollarini joylashtirishni taqiqlash qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Xalqaro siyosatda diplomatiya, iqtisodiy sanksiyalar va harbiy tahdidlar bir-biriga qorishib ketdi. Dunyo shusiz ham notinch. Global xavfsizlik masalasi yangi va ancha xatarli bosqichga kelib qolganida AQSHning harakatlari boshqalarnikidan ko‘proqdek.

Rossiya 24 soatda 2 mingta askarini yo‘qotdi

Bugungi global geosiyosiy manzara shunchaki keskinlashayotgani yo‘q, balki u tizimli ravishda yangi va yanada xatarli davrga qadam qo‘ymoqda. Rossiya – Ukraina urushi harbiy va diplomatik jabhalardan chiqib, endilikda chuqur strategik, iqtisodiy hamda gumanitar inqirozlarni keltirib chiqarmoqda. Maydondagi to‘qnashuvlar doirasi tobora kengayib, u nafaqat davlatlar chegaralarini, balki BMT hisobotlarida ta’kidlanganidek, butun dunyo xavfsizlik arxitekturasini sinovdan o‘tkazmoqda.

Harbiy harakatlar teatrida Ukraina Mudofaa kuchlari Rossiya hududidagi va bosib olingan joylardagi muhim logistika hamda energetika infratuzilmalariga doimiy zarbalar berish strategiyasini davom ettirmoqda. 17 sentyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zning Telegram-kanalida maxsus xizmatlar hamkorligida amalga oshirilgan navbatdagi amaliyot videosini e’lon qildi. Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina Xavfsizlik xizmati, Maxsus operatsiyalar kuchlari, Bosh razvedka boshqarmasi va Tashqi razvedka xizmati hamkorligida Yaroslavl viloyatidagi “Slavneft-YANOS” neftni qayta ishlash zavodi hamda Rostov-Dondagi “Markaziy” harbiy aerodromiga zarbalar berilgan. Keyinchalik Ukraina Bosh shtabi ham ushbu hujum tafsilotlarini tasdiqladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rostovdagi aerodromda Rossiya harbiylariga qarashli 2 ta An-26 va 1 ta An-12 transport samolyoti hamda 3 ta vertolyot shikastlangan, hududda yong‘in va portlashlar qayd etilgan. Shuningdek, yiliga qariyb 15 million tonna neftni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan va Rossiya qurolli kuchlari ehtiyojlarini yonilg‘i bilan ta’minlab kelayotgan “Slavneft-YANOS” korxonasining birlamchi qayta ishlash qurilmasiga zarar yetkazilgan. Bundan tashqari, “Ukrinform” bergan xabarga ko‘ra, Ukraina kuchlari vaqtincha bosib olingan Qrimdagi Saki aviabazasida Rossiyaning Su-24 samolyotini ham nishonga olgan.

Harbiy harakatlarning shiddati fonida har ikki tomondagi yo‘qotishlar statistikalari ham o‘sib bormoqda. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining 17 sentyabr kuni e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon Rossiya armiyasining yo‘qotishlari 1 million 513 ming 490 nafarga yetgan. So‘nggi bir sutkaning o‘zida Rossiya tomoni 1 960 nafar harbiy xizmatchisidan ayrilgan. Bosh shtab hisobotida ta’kidlanishicha, to‘liq miqyosli urush davomida Rossiya 12 346 ta tank, 25 345 ta zirhli jangovar mashina, 49 863 ta artilleriya tizimi, 520 mingdan ortiq uchuvchisiz uchish apparatlari hamda yuzlab samolyot va vertolyotlarini yo‘qotgan. Ammo Rossiya tomonidan bu raqamlar rasman tasdiqlanmagan.

Biroq frontdagi ulkan yo‘qotishlar Rossiya jamiyatining ichki ijtimoiy qatlamlariga ham bevosita ta’sir o‘tkazmay qolmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va keng muhokamalarga sabab bo‘lgan videoda rossiyalik fuqarolardan biri o‘z qishlog‘idagi demografik va ijtimoiy o‘zgarishlarni ochiq tasvirlaydi. Uning aytishicha urush tufayli “alkashlar” qirilib ketyapti.

“Bizning qishloqda birorta ham alkash qolmadi. Uchastka noziri hammasini maxsus harbiy operatsiyaga jo‘natdi va hammasi halok bo‘ldi”, deydi u.

Fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, bunday jarayonlar qamoqxonalarni ham qamrab olgan bo‘lib, hukumat “keraksiz yoki shubhali” deb qaralgan qatlamlardan xalos bo‘lish orqali jamiyatni qaysidir ma’noda “tozalamoqda”.

“Ko‘ryapsiz-ku, Putinning o‘zi aytdi-ku, maxsus harbiy operatsiya – bu ijtimoiy lift. Siz undan foydalanishingiz mumkin. Faqat u qanday narx evaziga, kim tirik qolishini aytmadi”, deya amaldagi siyosat ustidan achchiq piching qiladi.

Uning fikricha, urushdan omon qaytganlar keyinchalik “qon bilan hokimiyatga bog‘langan” holda turli davlat va jamiyat lavozimlariga tayinlanmoqda.

Ziddiyatning shiddatli tus olishi tinch aholi va fuqarolik infratuzilmalari uchun ham jiddiy xavf tug‘dirishda davom etmoqda. 16 sentyabr kuni Rossiya kuchlari Dnepropetrovsk viloyatining Nikopol tumanida yo‘lovchi avtobusiga kamikadze-dron orqali zarba bergan. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Ganjaning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida 5 kishi voqea joyida halok bo‘lgan, 7 kishi esa og‘ir jarohatlar olgan. Rossiya va Ukraina o‘rtasida bunday ob’ektlarga berilayotgan zarbalar ko‘lami tobora ortib bormoqda. Masalan, joriy hafta boshida Polsha chegarasi yaqinida Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaning sobiq yuqori martabali mulozimlarini, jumladan Boris Jonson va Karl Bildtni olib ketayotgan diplomatik poyezd stansiyani tark etganidan bir necha daqiqa o‘tib dronlar hujumiga uchragan edi. Shu bilan birga, 15 sentyabrga o‘tar kechasi Ukraina kuchlari ham Taganrog shahriga raketalar va dronlar bilan zarba bergan.

Ushbu noaniq va holdan toydiruvchi sharoitda mojaroga diplomatik yechim topish va muzokaralar o‘tkazish borasidagi chaqiriqlar ham quloqqa chalinmoqda. Polshaning Varshava universiteti professori Adam Velomskiy X ijtimoiy tarmog‘ida Kiyev Rossiya bilan zudlik bilan muzokaralarni boshlashi kerakligini ilgari surdi.

“Kiyev bu urushda g‘alaba qila olmaydi. Shuning uchun muzokara stoliga o‘tirib, urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishishimiz kerak. Aksincha, demografik jihatdan holdan toygan Ukraina oxir-oqibat qulaydi”, degan ogohlikni berdi.

Uning fikricha, vaqt Moskva tomonida ishlamoqda va Ukrainaning safarbarlik resurslari cheklangan. Bunga javoban, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva diplomatik yo‘ldan voz kechmagani hamda AQSH ishtirokidagi ikki va uch tomonlama muzokaralarga tayyorligini bildirdi. Biroq Ukraina rahbariyati va xalqaro ittifoqchilar hozircha bunday shartlarga shubha bilan qaramoqda.

“Rossiyaning qilig‘idan xavotirda emasman”

Rossiyaning an’anaviy ittifoqchilari bilan munosabatlari ham tobora sovuqlashmoqda. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan hukumat oldidagi nutqida Yerevan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan chiqarib yuborilishidan mutlaqo xavotirda emasligini ma’lum qildi. U vaziyatni armanlarning “Kikosning o‘limi” ertagi bilan solishtirdi.

“Bizning fikrimiz shundan iboratki, agar bizni chiqarib yubormoqchi bo‘lishsa, chiqarib yuborishsin. Agar chiqarib yuborishni istashmasa, chiqarishmasin”, deya keskin va bepisand munosabat bildirdi.

Pashinyan, shuningdek, Gyumridagi Rossiya harbiy bazasining Armanistonda qolishi yoki chiqib ketishi ham Moskva qaroriga bog‘liqligini, u Yerevan xavfsizligi uchun daxlsiz omil emasligini ochiq aytdi.

“Bizga bu harbiy baza kerak emas. Rossiya – bizning do‘st mamlakatimiz. Agar ular uni olib chiqib ketmoqchi bo‘lishsa, olib chiqishsin, ertagayoq olib chiqishsin. Agar qolishni istashsa, biz Armaniston Respublikasida bizga kerak bo‘lmagan bazani saqlab turish shartlarini muhokama qilishga tayyormiz”, deydi u.

Germaniya Rossiyaga qarshi urushga tayyorlanmoqda

Mintaqaviy ziddiyatlarning fazoviy ko‘lami esa Yevropa davlatlarini harbiy tayyorgarliklarni kuchaytirishga majbur etmoqda. “Bloomberg” tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniya hukumati va mudofaa idoralari Rossiyaning NATO davlatlaridan biriga ehtimoliy hujumi ssenariylariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Germaniya armiyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri urush kelib chiqqan taqdirda, mamlakatga har kuni 1 000 nafargacha yarador harbiy olib kelinishi mumkin. Fuqarolik shifoxonalari hamda xirurglar harbiy jarohatlarni davolash bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazilmoqda. Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius Rossiya 2029 yilga borib NATO bilan to‘liq miqyosli urushga tayyor bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Ushbu xavotirlar BMT tomonidan 15 sentyabr kuni e’lon qilingan yangi global dokladda ham o‘z aksini topgan. Dunyoning 1,3 ming nafar ekspertlari va mas’ullari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, “yirik miqyosli urush” tahdidi oxirgi ikki yilda eng tez o‘sayotgan xavf sifatida 16 pog‘onaga ko‘tarilib, birinchi o‘ringa chiqib olgan. Respondentlarning 76 foizi yaqin yetti yil ichida global urush oqibatlari insoniyatga bevosita ta’sir qilishi mumkinligini taxmin qilmoqda. BMT dokladiga ko‘ra, ushbu tahdid bir vaqtning o‘zida dahshatlilik darajasi, vaqt bo‘yicha yaqinligi, boshqa inqirozlarni keltirib chiqarishi hamda xalqaro hamjamiyatning unga tayyor emasligi kabi 4 ta asosiy mezon bo‘yicha ham eng xatarli deb topilgan yagona global xavfdir.

Husiylar Makkaga hujum qildi(mi?)

Yaqin Sharqdagi tanglik esa shunchaki mintaqaviy nizo chegarasidan chiqib, global energiya xavfsizligi va harbiy muvozanatni ostin-ustun qiluvchi yangi, o‘ta xatarli bosqichga o‘tdi. AQSH va Eron o‘rtasida ortiq olti oydan beri davom etayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita to‘qnashuvlar oqibatida Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovi keskin qisqargan bir paytda, Yamandagi husiylar harakati ham front chizig‘ini kutilmagan darajada kengaytirdi. Husiylarning Qizil dengiz sohilidagi, xususan, dunyo savdosining arteriyasi hisoblangan Bob al-Mandab bo‘g‘oziga tutash hududlarni nazoratga olishi, Hormuz muammosidan qochib neft eksportini muqobil yo‘llar bilan ta’minlashga urinayotgan Saudiya Arabistoni uchun jiddiy strategik tahdidga aylandi.

Mintaqadagi harbiy harakatlar va havo to‘qnashuvlari so‘nggi kunlarda keskin tus oldi. 16 sentyabr kuni husiylar harakatining harbiy vakili, general Yahyo Sarining “The National” nashriga ma’lum qilishicha, husiylar Yamanning Marib provinsiyasi osmonida Saudiya Arabistoni Harbiy-havo kuchlariga tegishli F-15 qiruvchi samolyotini mahalliy ishlab chiqarilgan zenit raketasi bilan urib tushirgan. Sarining ta’kidlashicha, ushbu voqeadan so‘ng havo hududiga poymol bo‘lgan samolyotni qidirish uchun kirgan Saudiyaning boshqa F-15 va Eurofighter Typhoon qiruvchi samolyotlari ham husiylarning raketalariga nishon bo‘lib, hududdan chekinishga majbur bo‘lgan. Bundan tashqari, general Yahyo Sari o‘tgan hafta davomida Saudiya Yamanning Al-Baydo, Marib, Taiz, Xajja, Al-Jauf va Lahj provinsiyalariga 450 dan ortiq aviazarba berganini aytdi. Bu raqamlar 2015 yildan buyon davom etib kelayotgan, ammo so‘nggi yillarda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvlari sababli birmuncha tinchigan harbiy mojaro eng yuqori nuqtasiga yetganini ko‘rsatadi.

Havo to‘qnashuvlari bilan bir vaqtda axborot va diplomatik jabhada ham o‘zaro ayblovlar urushi qizimoqda. Arab koalitsiyasi vakili general-mayor Turki al-Malikining bayonot berishicha, Havo hujumidan mudofaa kuchlari 15 sentyabr kuni kechqurun musulmon dunyosi uchun muqaddas bo‘lgan Makka shahri yaqinida husiylarning zarba beruvchi dronini tutib qolgan va urib tushirgan. Al-Maliki Makka, ziyoratchilar va shahar mehmonlarining xavfsizligi Koalitsiya uchun “qizil chiziq” ekanini eslatib, bu husiylarning 2017 yil iyulida uchirilgan ballistik raketadan so‘ng Makkaga hujum qilishga bo‘lgan ikkinchi urinishi ekanini urg‘uladi. Biroq husiylar bu ayblovlarni zudlik bilan rad etdi. Husiylar siyosiy byurosi a’zosi Muhammad al-Farah “SABA” axborot agentligi orqali bergan bayonotida, guruh muqaddas shaharni nishonga olmaganini aytib, Ar-Riyodning da’volarini “ochiq-oydin yolg‘on” deb atadi.

Uyingizda o‘ling

Tailandda uzoq vaqtdan beri istiqomat qilib kelayotgan chet elliklarga kutilmagan va o‘ta keskin maslahat berildi. Mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari va Ichki ishlar vaziri Anutin Chanvirakun Tailand provinsiyalari gubernatorlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda xorijliklarning mahalliy hokimiyat vakolatlarini suiiste’mol qilmasdan, o‘z vataniga borib o‘lishi kerakligini ta’kidladi. Chanvirakun Tailand rasmiylari va mahalliy infratuzilmadan ortiqcha talablar qilayotgan chet elliklarga qarshi fikrlar ham bildirgan.

“Yaqinda men hatto xususiy qabriston tashkil etish bo‘yicha so‘rov tushganidan xabar topdim. Bu endi haddan tashqari ortiqcha, hamma chegaralardan chiqib ketishdir. Bu yerga kelishingizga ruxsat berganimiz uchun minnatdor bo‘lishingiz kerak. Halol mehnat qilib daromad topish uchun keling. Agar o‘lishingiz peshonangizga yozilgan bo‘lsa, o‘z vataningizga borib o‘ling. Bu yerda o‘lishning hojati yo‘q. Biz bergan imkoniyatlarni suiiste’mol qilishga urinmang”, deya bayonot berdi.

Ichki ishlar vazirining bu piching va kesatiq gaplari Tailand rahbariyatining xorijliklar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga nisbatan sabr kosasi to‘lganidan darak beradi.

Tailand hukumati so‘nggi paytlarda mamlakatda istiqomat qilayotgan va biznes yuritayotgan xorijliklarga nisbatan o‘zining diplomatik pardalarsiz va ancha keskin pozitsiyasini namoyish eta boshladi. “Tabassumlar mamlakati” sifatida tanilgan ushbu sayyohlik maskanida chet el fuqarolari va mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasidagi munosabatlar shunchaki mehmondo‘stlik va turizmdan tashqari, milliy suverenitet va huquqiy tartib masalasiga borib taqalmoqda. Mamlakat rasmiylarining so‘nggi chiqishlari Tailand xorijiy investitsiya va turistlar oqimiga muhtoj bo‘lsada, ularning mahalliy qonunchilik hamda madaniy qadriyatlarni chetlab o‘tishiga boshqa toqat qilmoqchi emasligini ko‘rsatib berdi.

Joriy hafta boshida Tailand rasmiylarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri farmoyishi bilan mamlakatda ikki yil oldin tashkil etilgan va mahalliy ma’muriyat tomonidan qabriston litsenziyasi uzaytirilmagan xususiy yahudiy qabristoni tugatilgan. Ta’kidlash joizki, Tailand aholisining ko‘pchiligi buddaviylikka e’tiqod qiladi va ushbu an’anaga ko‘ra, marhumlarning jasadi kuydiriladi. Shu sababli Qirollikda an’anaviy qabristonlar o‘ta kam uchraydi, mavjudlarining aksariyati musulmon va xitoy jamoalariga tegishli. Shuningdek, mamlakatda katolik va protestant nasroniylari uchun bir nechta rasmiy qabristonlar hamda bitta rus pravoslav qabristoni mavjud. Biroq, xorijiy jamoalarning rasmiy ruxsatsiz yoki litsenziyasi tugaganidan keyin ham noqonuniy yer ajratish va ob’ektlar barpo etish harakatlari Bangkok hukumati tomonidan qonunbuzarlik deb baholanmoqda.

Anutin Chanvirakun o‘z nutqida faqat qabristonlar masalasi bilan cheklanib qolgani yo‘q. U chet elliklarning hokimiyat ruxsatisiz Tailand hududida o‘z xohishi bilan diniy muassasalar va jamoalar tuzmasligi kerakligini alohida uqdirib o‘tdi. Vazir xorijlik tadbirkorlarning ayyorliklariga ham to‘xtalib, ayniqsa “restoran uchun litsenziya olib, uning o‘rniga ibodatxona yoki yopiq klublar ochish” amaliyotiga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi. Shu bilan birga, gubernatorlarga o‘z provinsiyalari hududida chet el fuqarolarining har qanday noqonuniy faoliyatiga hamda Tailand an’analari va xalqiga hurmatsizlik qilish holatlariga qat’iy chek qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.

Tailand hukumatining bu kabi keskin pozitsiyasi xorijliklarning mahalliy iqtisodiyotdagi noqonuniy harakatlariga ham daxldordir.

“Tailand chet elliklarni qabul qilishga tayyor, ammo hamkorlik o‘zaro manfaatli bo‘lishi kerak. Turizm mamlakatga mablag‘ va investitsiyalar olib keladi, ammo bu hech kimga boshqalarni suiiste’mol qilish yoki investitsiyalardan noqonuniy faoliyat yuritish uchun foydalanish huquqini bermaydi”, deydi Chanvirakun.

Vazir mamlakat hududida biznes tashkil etishda Tailand fuqarolaridan soxta nomdor a’zolar sifatida foydalanish, yashirin noqonuniy sxemalarni tuzish ham shunday tartib buzarliklar sirasiga kirishini tushuntirdi. Muhimi shundaki, Bangkok rasmiylari bu muammoni faqat bitta mintaqa vakillariga bog‘lamayotganini, gap Osiyo, Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo, Yevropa va Afrika davlatlaridan kelgan barcha chet el fuqarolari haqida ketayotganini aytmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing