Eron AQSHga urushni to‘xtatish bo‘yicha taklif yubordi

Olam

image

Eron Qatar orqali AQSHga urushni to‘xtatish bo‘yicha o‘z shartlarini yubordi. Tehron barcha frontlarda jangovar harakatlarni to‘xtatish, muzlatilgan mablag‘larni blokdan chiqarish va dengiz blokadasini bekor qilishni talab qilmoqda. Bu haqda Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Muhsin Rizoiy “Al Jazeera” telekanaliga ma’lum qildi.

“Biz Qatar vositachisi bilan aloqadamiz. U Vashingtonga urushni to‘xtatish bo‘yicha shartlarimizni yetkazdi. Endi bu masala yuzasidan Prezident Trampning javobini kutyapmiz”, degan Rizoiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronning taklifida urushni barcha frontlarda to‘xtatish, muzlatib qo‘yilgan moliyaviy mablag‘larni blokdan chiqarish hamda dengiz blokadasini olib tashlash kabi talablar bor.

Rizoiy, shuningdek, AQSH va Isroilning harakatlari Eronga Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomadan chiqish uchun asos berayotganini aytgan. Shu bilan birga, u Tehron marhum oliy rahbar tomonidan chiqarilgan yadro qurolidan foydalanishni taqiqlovchi fatvoga sodiq qolayotganini va Eronning yadroviy doktrinasi o‘zgarmaganini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, iyun o‘rtalarida AQSH va Eron tinchlik kelishuvini tuzish jarayonini boshlashga qaratilgan memorandumni imzolagan edi. Biroq 3 hafta o‘tib, vaziyat yana keskinlashgan. Vashington Tehronni Hormuz bo‘g‘ozida tijoriy kemalarga hujum qilishda ayblaganidan so‘ng, tomonlar o‘rtasida zarbalar almashinuvi qayta boshlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashington Eron bilan urushda tub burilish bosqichiga yaqinlashayotganini aytib, bu borada tez orada muhim qarorni e’lon qilish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing