Ukraina Moskvaga eng yirik dron hujumini uyushtirdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Rossiya poytaxti Moskva so‘nggi bir sutka ichida eng yirik dron hujumiga uchradi. Havo hujumidan mudofaa kuchlari kecha, 19 sentyabr kunidan buyon Moskva tomon yo‘nalgan 1600 dan ortiq uchuvchisiz uchish qurilmasini urib tushirdi. Bu haqda Moskva meri Sergey Sobyanin o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, yo‘q qilingan dronlarning 450 tasi Moskva shahriga yaqinlashayotgan paytda urib tushirilgan.

“Misli ko‘rilmagan hujum saylovlarni barbod qilish maqsadida rejalashtirilgani aniq. Dushman bunga erisha olmadi”, deb yozgan Sobyanin Telegram kanalida.

Dronlar hujumi oqibatida Moskva neftni qayta ishlash zavodi hududidagi ob’ektlardan biri shikastlangan. Shuningdek, dronlardan biri Moskvaning janubidagi Orexoviy bulvari hududidagi binoga urilgan.

Moskva viloyatidagi 17 ta okrug ham dronlar hujumiga uchragan. Hujum oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan, yana 6 kishi jarohatlangan.

Hujumlar sabab Moskvaning Domodedovo, Vnukovo, Sheremetevo va Jukovskiy aeroportlari samolyotlarni qabul qilish va jo‘natishni vaqtincha to‘xtatgan. 30 dan ortiq reys Moskva aeroportlariga qo‘na olmagan va boshqa shaharlardagi aeroportlarga yo‘naltirilgan.

Avvalroq, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina harbiy rahbariyati “Rossiya hujumlariga javoban uzoq masofaga harakat qiluvchi qurollardan foydalangan holda” yangi operatsiyalarni kelishib olganini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya kuchlari joriy yilning 18 sentyabr kuni kechqurun Sumi shahriga 6–7 ta boshqariladigan aviabomba bilan zarba bergandi. Hujum oqibatida 2 kishi halok bo‘lib, 7 kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing