Tramp “Sun’iy intellekt kuchlari” tuzishini ma’lum qildi
Olam
−
15:01 301 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakatda “Sun’iy intellekt kuchlari” tashkil etilishini ma’lum qildi. Bu haqda Tramp Truth Social’dagi sahifasida yozib qoldirdi.
Trampning aytishicha, yangi tuzilma sun’iy intellekt sohasidagi rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash bilan birga, texnologiyadan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarni ham nazorat qiladi. Biroq u “Sun’iy intellekt kuchlari”ning aniq vazifalari, tarkibi va qanday faoliyat yuritishi haqida hozircha batafsil ma’lumot bermagan.
AQSH Prezidenti sun’iy intellekt sanoatining rivojlanishiga to‘sqinlik qilinmasligini, aksincha, uni qo‘llab-quvvatlashlarini aytgan. Uning qayd etishicha, ma’lumotlar markazlariga qarshi bildirilgan e’tirozlar ham katta darajada muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
“Biz bu ajoyib sanoatning rivojlanishini hech qanday tarzda cheklamaymiz yoki unga bosim o‘tkazmaymiz. Aksincha, uni qo‘llab-quvvatlaymiz, yordam beramiz va rivojlanishini yaqindan kuzatib boramiz”, degan Tramp.
Shuningdek, u sun’iy intellektdan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan xavflar amaldagi jinoyat va fuqarolik huquqi tizimi orqali nazorat qilinishini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, Tramp yaqin orada “Sun’iy intellekt qiroli”ni tayinlashini ma’lum qilgan. Ushbu shaxs sun’iy intellekt xavfsizligi uchun mas’ul bo‘ladi. Prezident bu lavozimga faqat yuqori IQ darajasiga ega bo‘lganlar ariza topshirishi kerakligini aytgan.
Agar Tramp va’dasini amalga oshirsa, bu uning ikkinchi “Sun’iy intellekt qiroli” bo‘ladi. Avval ushbu lavozimni venchur kapitalisti Devid Saks egallagan. U bahorda lavozimni tark etib, tashqi maslahatchi sifatida faoliyatini davom ettirgandi.
Ma’lumot uchun, “Sun’iy intellekt kuchlari”ning harbiy yoki fuqarolik tuzilmasi bo‘lishi, vakolatlari va byudjeti hozircha aniqlashtirilmagan.
Tramp sun’iy intellekt kelajakda AQSH iqtisodiyotida katta o‘rin egallashini ta’kidlagan. Uning fikricha, ushbu texnologiya mamlakat yalpi ichki mahsulotining 25 foizigacha qismini tashkil qilishi mumkin. Shuningdek, u AQSH sun’iy intellekt sohasida Xitoy va dunyoning boshqa davlatlaridan oldinda ekanini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq amerikalik harbiylar shu bahorda Fors ko‘rfazida sun’iy intellektning xatosi oqibatida paydo bo‘lgan razvedka hisobotiga ishonib, Xitoy kemasiga zarba berishga tayyorgarlik ko‘rgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi