Saida Mirziyoyeva “Arqadag‘”ni tabrikladi
Jamiyat
−
24 aprel
11599O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovni bugun, 24 aprel kuni Samarqandda “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini qabul qilib olgani bilan tabrikladi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.
Saida Mirziyoyeva Gurbanguli Berdimuhamedovga “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini tantanali topshirish marosimida qatnashgani u uchun katta sharaf ekanini bildirgan.
“Marosimda Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Gurbanguli Malikguliyevich qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga beqiyos shaxsiy hissa qo‘shganlar.
Ushbu oliy mukofot bilan chin dildan muborakbod etamiz va O‘zbekistonga tashrifingiz bilan samimiy qutlaymiz!” deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Prezident yordamchisi bugun Gurbanguli Berdimuhamedovning to‘ng‘ich qizi Oguljahon Otaboyeva bilan ham uchrashdi. Ular birgalikda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi va Samarqand shahridagi inklyuziv ta’lim markazida bo‘lib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim olish imkoniyatidan teng foydalanish uchun sharoit yaratish ishlari bilan tanishgan.
Ma’lumot uchun, Gurbanguli Berdimuhamedov kecha, 23 aprel kuni tashrif bilan Samarqandga keldi. Tantanali ravishda ikki mamlakat bayroqlari bilan bezatilgan Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Samarqand shahridagi tadbirlar doirasida Mirziyoyev va Berdimuhamedov birgalikda Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat ko‘rsatdi. Shundan so‘ng, yetakchilar birgalikda “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘i hududida tashkil etilgan madaniy tadbirlarda ishtirok etdi. Bugun, 24 aprel kuni Samarqand shahrida Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedovning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti – "Oliy Darajali Do‘stlik" ordenini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev mukofotni topshirar ekan, Gurbanguli Berdimuhamedovning qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi ulkan xizmatlarini alohida qayd etdi.
LiveBarchasi