Zelenskiy Niderlandiyadan ham qurol so‘radi
Olam
−
01 aprel 2022 11798 3 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Niderlandiyadan mamlakatni qurol-yarog‘ bilan ta’minlashni va Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni so‘radi.
“Ozodlik o‘ziga kerak bo‘lgan barcha qurollarni olishi kerak. Qit’ada bor, sizda bor qurollarni. Bizga ko‘proq “Stringerlar” (zenit-raketa tizimlari – tahr.), Panzerfafaust (tankga qarshi granatomyot - tahr.) kerak. Bizga zudlik bilan osmonimizni xavfsiz qiladigan, shaharlarimizni blokdan chiqarishimiz mumkin bo‘lgan qurollar kerak: samolyotlar, tanklar, havo mudofaasi va tankga qarshi Spike komplekslari”, degan Zelenskiy Niderlandiya parlamentiga murojaatida.
Shuningdek, u Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish, rus kemalari uchun portlarni yopish va Rossiyaning energiya resurslaridan voz kechishga chaqirgan.
Avvalroq, Zelenskiy Avstraliya parlamentiga videomurojaatida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirgani haqida xabar bergandik.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Norvegiyadan kemalarga qarshi qurollar, “Garpun” raketalari va havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari yetkazib berishni so‘ragandi. Shundan so‘ng, Norvegiya hukumati Ukrainaga 2000 ta M72 tankka qarshi qurollarini yetkazib berishi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, Ukraina AQSH rasmiylaridan har kuni 500 ta Stinger zenit raketalari va tankga qarshi Javelin raketa komplekslarini yetkazib berishni so‘ragan edi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Live
Barchasi