Yana, yana, yana sanksiyalar kerak – Zelenskiy butun dunyo davlatlari rahbarlariga murojaat qildi
Olam
−
07 mart 2022
11382Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy dunyoni Rossiya Federatsiyasi bilan savdo aloqalarini boykot qilishga chaqirdi. Bu haqda davlat rahbari o‘zining navbatdagi videomurojaatida gapirgan.
“Biz 12 kundan beri bosqindan himoyalanyapmiz. Biz bu urushni hech qachon xohlamaganmiz, lekin u bizga olib kelindi. Biz o‘ldirishni orzu qilmaganmiz, lekin biz dushmanni o‘z yurtimizdan va hayotimizdan chiqarib tashlashimiz kerak. Bizga 80 yil davomida Yevropaning hech bir xalqi ko‘rmagan narsalarga chidash yozilgan. Yevropada yana kimdir xuddi shunday tajovuz qurboni bo‘ladimi yoki yo‘q, bu bizning zaminimizda hal qilinadi”, deydi Prezident.
Zelenskiy dunyo yetakchilari bilan gaplashgani va ular ham Kiyev singari fikrlayotganliklarini ifoda etgan: Ukraina qit’aning kelajagini o‘z qarshiliklari va do‘stlarining yordami bilan hal qiladi.
“Agar bosqin davom etsa va Rossiya Ukrainaga qarshi rejalaridan voz kechmagan bo‘lsa, unda tinchlik uchun urushga qarshi yangi sanksiyalar paketi, yangi sanksiyalar, yangi sanksiyalar qadami kerak. Bizga Rossiya eksportini boykot qilish, xususan, Rossiyadan neft va neft mahsulotlarini rad etish kerak. Siz buni embargo yoki shunchaki axloq deb atashingiz mumkin. Qachonki, terrorchiga pul berishdan bosh tortganingizda”, deydi Prezident.
Davlat rahbari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasiga tovarlar yetkazib berishni boykot qilishga chaqirdi.
“Agar ular sivilizatsiyalashgan qoidalarga rioya qila olmasalar, ular tovarlar va xizmatlarni olmasliklari kerak. Qo‘ying, urush ularni oziqlantirsin”, deydi Zelenskiy.
Uning aytishicha, xalqaro hamjamiyat yanada qat’iyroq harakat qilishi kerak.
“Kimdir aqlini yo‘qotsa, siz qo‘rquvni yo‘qotib, tijoratni unutishingiz kerak. Biz o‘zimizni himoya qilishimiz kerak. Davlatlarga ham, kompaniyalarga ham axloqli munosabatda bo‘lish kerak. Biz insoniyatni yo‘q qilmoqchi bo‘lgan g‘ayriinsoniy kuchga qarshi kurashishimiz kerak. Ukraina armiyasining muvaffaqiyati, ukrain xalqining irodasi, xalqaro sanksiyalar tamoyillariga sodiqlik – bu tinchlikka yo‘l”, deydi prezident.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi