Ukraina yaxlitligi borasida murosa bo‘lmaydi – Zelenskiy
Olam
−
30 mart 2022
11404Ukraina Rossiya bilan muzokaralarda hududiy yaxlitligi borasida yon bermaydi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy urushning 34-kun yakunlari haqidagi videomurojaatida aytib o‘tdi.
Murojaatda u kecha 29 mart kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarining yangi raundi natijalariga izoh bergan.
“Muzokaralar platformasidan kelayotgan signallarni ijobiy deb atash mumkin. Ammo bu signallar rus snaryadlarining portlashlarini to‘xtatmaydi. Albatta, biz barcha xavflarni ko‘ryapmiz. Tabiiyki, halokatimiz uchun kurashni davom ettirayotgan davlatning ayrim vakillarining so‘zlariga ishonish uchun asos ko‘rmayapmiz. Ukrainaliklar laqma emas. Ukrainaliklar bosqinning 34 kunida ham, Donbassdagi so‘nggi sakkiz yillik urushda ham faqatgina aniq natijaga ishonish mumkinligini allaqachon bilib oldilar.
Albatta, Ukraina muzokaralarga tayyor va muzokara jarayonini haqiqatan ham bizga bog‘liq bo‘lgan darajada davom ettiradi. Biz natijaga umid qilamiz. Biz uchun, davlat, suverenitet uchun haqiqiy xavfsizlik bo‘lishi kerak. Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi kafolatlanishi kerak. Suverenitetimiz va hududiy yaxlitligimiz borasida hech qanday murosa bo‘lishi mumkin emas va bo‘lmaydi ham. Bu aniq tamoyillar, mumkin bo‘lgan natijaning aniq tasavvuridir”, degan Zelenskiy.
Istanbuldagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha Ukraina Rossiya bilan tinchlik shartnomasi tuzish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, Kiyev Moskvaga 15 yil davomida Qrim va Sevastopolning maqomi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar olib borishni taklif qiladi, shu bilan birga mojaroni hal qilish uchun qurolli kuchlardan foydalanmaydi. Donbass masalasini ikki davlat prezidentlari alohida band sifatida muhokama qilishlari kerak bo‘ladi.
Ukraina, shuningdek, xavfsizlik kafolatlari evaziga NATO va boshqa ittifoqlarga qo‘shilish g‘oyasidan voz kechishga tayyorligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Ukraina delegatsiyasi ishtirokchilari Kiyev mamlakatning 1991 yilda bo‘lgan chegaralarinigina tan olishini ta’kidladilar.
O‘z navbatida, Rossiya tomoni Istanbuldagi uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Kiyev va Chernigov yo‘nalishlarida harbiy faollikni keskin qisqartirishini ma’lum qildi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi