Rossiyaning yana bir banki va kompaniyasi AQSHning “qora ro‘yxat”iga tushdi

Olam

image

AQSH Rossiyaning “Novikombank” va “ABR Menedjment” kompaniyasini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning bayonotida ma’lum qilindi

Blinkenga ko‘ra, AQSH rahbariyati “Novikombank” boshqaruvining to‘rt nafar a’zosiga, jumladan uning raisi Yelena Georgiyevaga, shuningdek “ABR Menedjment” rahbariyati va uning boshqaruv kengashining to‘rt nafar a’zosiga qarshi ham sanksiyalar joriy qilmoqda.

Bayonotda ta’kidlanishicha, cheklovlar Yuriy Kovalchuk, Kirill Kovalchuk, Dmitriy Lebedev va Sankt-Peterburg vitse-gubernatori Vladimir Knyagininga ham tegishli. Shu bilan birga, sanksiyalar Yuriy va Kirill Kovalchukning oila a’zolariga ham tegishli. 

Aytilishicha, amaldagi yangi cheklovlar Amerika fuqarolariga endi “qora ro‘yxat”ga kiritilgan shaxslar bilan biznes yuritish taqiqlanganligini bildiradi. 

Avvalroq, AQSH hukumati Rossiya Federatsiyasi Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning rafiqasi va uning ikki farzandlariga nisbatan sanksiyalar joriy qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 mart kuni Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga javoban rossiyaliklarga qarshi yangi shaxsiy sanksiyalarni e’lon qildi. Sakkiz kishi (oila a’zolari bilan birga) sanksiyalar ostida qoldi. “Transneft” rahbari Nikolay Tokarev, “Rostex” rahbari Sergey Chemezov va VEB.RF raisi Igor Shuvalov, milliarderlar Alisher Usmonov, Arkadiy Rotenberg va Boris Rotenberg, biznesmen Yevgeniy Prigojin va Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov. 

10 mart kuni Kanada rasmiylari Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov, jurnalist – RT rahbari Margarita Simonyan, teleboshlovchi Vladimir Solovev, Birinchi kanal bosh direktori Konstantin Ernst, tadbirkor Oleg Deripaska va besh kishini sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shdilar

Joriy yilning 8 mart kuni Yaponiya tomonidan Rossiya rezidentlariga kiritilgan sanksiyalar ro‘yxatidan ham Peskov o‘rin olgan

Mart oyi boshida esa Yevropa Ittifoqi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yaqin hisoblangan milliarderlarga sanksiya joriy qildi. Shuningdek, ushbu ro‘yxatda Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham bor

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

7

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing