Rossiya Ukrainadagi urush boshqaruvini tajribali qo‘mondonga topshirdi

Olam

image

Rossiya Ukrainadagi “operatsiyalar”ni yurituvchi qo‘mondonligini qayta tashkil qildi. Endilikda harbiy harakatlar Janubiy harbiy okrug qo‘mondoni, Suriyadagi jangovar harakatlarda katta tajriba orttirgan general Aleksandr Dvornikov tomonidan nazorat qilinadi.Bu haqda BBC xabar bergan.

Nashr manbasiga ko‘ra, joriy yilning 24 fevral kuni Ukrainaga bostirib kirgan harbiy qismlar o‘rtasida muvofiqlashtirish juda yomon bo‘lgan. 

“Bu qo‘mondon Rossiyaning Suriyadagi operatsiyalarida katta tajribaga ega. Shuning uchun biz umumiy qo‘mondonlik va nazorat yaxshilanishini kutamiz”, degan manba.

Shuningdek, u muzokaralar harbiy amaliyotlardan ustun bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. Shunday bo‘lgan taqdirda Kreml Rossiya Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabani nishonlayotgan 9 may arafasida qandaydir yutuqlar haqida xabar berishi mumkin. 

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, agar Rossiya hozirgacha qo‘shinlarning jang maydonida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishishiga to‘sqinlik qilgan harbiy taktikani o‘zgartirmasa, u holda ukraina qo‘shinlari o‘zlarining son bo‘yicha ustunligi bilan ham Rossiyaga qarshi samarali qarshilik ko‘rsata oladi. 

Eslatib o‘tamiz, AQSH razvedkasi Putin 9 mayda Ukraina urushidagi g‘alabasini e’lon qilmoqchiligi haqida ma’lumot tarqatgandi. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

178

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing