“Omon qolgan” vallomatlar, taslim bo‘lgan Atamboyev, ta’tilga chiqqan “UzAvto Motors” va boshqa xabarlar
Jamiyat
−
08 avgust 2019
7036Yakuniga yetayotgan 8 avgust kuni xalqaro maydonda va O‘zbekistonda qator muhim voqealar yuz berdi. Quyida bugunning eng muhim voqealariga to‘xtalib o‘tamiz.
O‘zbekistonda zilzila qayd etildi
Bugun, 8 avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 5:45 da Afg‘onistonda yer silkinishi qayd etildi. Bu haqda O‘zbekiston Rsepublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi xabar berdi.
Koordinatalar 37,01 gradus shimoliy kenglik, 69,42 gradus sharqiy uzunlik. Magnituda M=5,9. Chuqurlik h=180 km.
Shomurodovga xaridor chiqdi. “Rostov” uni sotmoqchi emas
Moskvaning SSKA klubi “Rostov”dan o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovni sotib olmoqchi. SSKA Fedor Chalovni qo‘yib yuborsa, Shomurodov transferini amalga oshiradi. Biroq “Rostov” hozircha o‘yinchisini qo‘yib yubormoqchi emas.
“UzAvto Motors” avtomobil ishlab chiqarishni to‘xtatadi
“UzAvto Motors” zavodi profilaktika ishlari tufayli avtomobil ishlab chiqarishni to‘xtatmoqda. Ish rejasiga muvofiq, 2019 yil 26 avgustdan boshlab “UzAvto Motors” AJ zavodlarida yillik rejali profilaktika ishlari boshlanadi.
Qozog‘iston Prezidenti vaziyatni kuzatmoqda
“Qozog‘iston Prezidenti Qirg‘izistondagi vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatmoqda. Davlat rahbari qo‘shni qardosh mamlakatda ro‘y berayotgan voqealar Qirg‘izistonning ichki ishi deb hisoblaydi. Qosim-Jomart Toqayev amaldagi qonun asosida vaziyatni tezroq normallashtirishga umid qilmoqda", dedi davlat rahbari matbuot kotibi Berik Vali.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” rozi bo‘lishga majbur bo‘ldi
Misrning "Nile Air" loukosteri "Sharm-el-sheyx –Toshkent – Sharm-el-sheyx" yo‘nalishida reyslarni amalga oshirish uchun slotlarga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi aralashuvidan so‘ng "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK Misr aviakompaniyasiga slotlar ajratishga rozi bo‘ldi. "Nile Air" vakili "Sharm-el-sheyx –Toshkent – Sharm-el-sheyx" yo‘nalishida parvozlarni amalga oshirish uchun slotlar olishga ko‘mak berishni so‘rab murojaat yo‘llagan.
YPX xodimini haqoratlagan haydovchi qamaldi
Ijtimoiy tarmoqlarda Cobalt avtomobili haydovchisi Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimini haqorat qilgani tasvirlangan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgan.
Voqea joriy yilning 3 avgust kuni soat taxminan 9:30 da Bektemir tumani Toshkent halqa yo‘lida “Compass” savdo majmuasi yaqinida yuz bergan. YPX xodimlari Cobalt haydovchisi qoida buzganini aniqlagan.
Video: YPX xodimi yo‘l o‘rtasida quroldan o‘q uzdi
Toshkentda YPX xodimi yo‘l o‘rtasida xizmat qurolidan yerga qarata o‘q uzgani haqida xabar bergan edik. Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, voqea haqiqatda 7 avgust kuni yuz bergan. Hozirda holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilyapti.
“Biz quroldan beixtiyor o‘q uzilishi va qurolning nosozligi bo‘yicha ham tekshiruv o‘tkazyapmiz”, deyiladi boshqarma xabarida.
Nazoratchi imtihonda singlisiga yordam berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda biologiya fanidan test topshiriqlarining telefonga olingan rasmi tarqalib, ko‘plab savollarni keltirib chiqardi. Davlat test markazi holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilganda quyidagilar ma’lum bo‘lgan.
Ko‘chalarda haroratni pasaytirish imkoni yaratiladi
2020 yil oxiriga qadar Parijda 30 gektar maydonda yangi yashil maydonlar yaratiladi va 20 ming yangi daraxt ekiladi. Mazkur "Yashil" strategiya haqida gapirgan Parij meri Ann Xidalgoning so‘zlariga ko‘ra, 72 million yevro qiymatidagi loyihaga muvofiq Eyfel minorasi yonida yangi istirohat bog‘ ham barpo etadi.
Harbiy qismda yirik portlash. Qurbonlar bor
Bugun, 8 avgust kuni Rossiyaning Arxangelsk viloyati Severodvin shahridagi harbiy qismda portlash va uning ortidan yong‘in yuz berdi. Yong‘in o‘chog‘i kemada bo‘lgan.
“Favqulodda vaziyat natijasida ikki kishi halok bo‘ldi. Voqea kemada boshlandi. Hozir u yerda yong‘in bo‘lyapti”, deyiladi xabarda.
Imtihonda past ball olgan abituriyentlar o‘ziga zarar yetkazishga urinyapti – DTM
Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida juda past ball to‘plagan abituriyentlar o‘ziga zarar yetkazishga harakat qilyapti. Bu haqda Davlat test markazi Bosh boshqarma boshlig‘i Diyorbek Qo‘chqorov ma’lum qildi.
“Test sinovlaridan juda kam ball yiqqan abituriyentlarning ota-onalari bizga farzandlarining bundan qattiq tushkunlikka tushgani va o‘ziga zarar yetkazishga harakat qilgani haqida shikoyatlar qilishmoqda”, dedi Diyorbek Qo‘chqorov.
IIB boshlig‘i komaga tushib qoldi
Chuy viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Samat Qurmanqulov sobiq Prezident Almazbek Atambayevning Qo‘y-Tosh shahrida joylashgan qarorgohiga bostirib kirish paytida tosh bilan berilgan zarbadan so‘ng komaga tushib qoldi.
“Tolibon” rahbari Toshkentga keldi
Bugun, 8 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Dohadagi Tolibon harakati rahbari, Mulla Barodar Oxun boshchiligidagi siyosiy idoraning vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Afg‘onistonda mamlakatda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish maqsadida tinch siyosiy jarayonni ilgari surish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Atamboyev taslim bo‘ldi
Qirg‘izistondagi spektakl davom etmoqda. Sobiq Prezident Almazbek Atamboyev huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan hibsga olingan. Bu haqda sobiq davlat rahbarining qarorgohidan TASSga xabar kelib tushgan.
“Atamboyevni yashash joyidan huquq-tartibot idoralari xodimlari olib chiqib ketishgan”, degan bosh shtab vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, Atamboyevning bir necha sheriklari, jumladan Prezident apparati sobiq rahbari Farid Niyozov, sobiq prezident bilan birga, Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi yashash joyidan olib chiqilgan.
“O‘tda yonmas”, “suvda cho‘kmas” uch vallomat yana “omon qoldi”!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 3 avgust kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Xorazm, Farg‘ona va Qashqadaryodagi “snos”larni qoralab, hokimlar Farhod Ermanov, Shuhrat G‘aniyev va Zafar Ro‘ziyevning xalqdan uzr so‘rashi kerakligi haqida gapirgan edi. O‘sha yig‘ilishda davlat rahbari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovga va Prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovga yuzlanib, “Bu masalalar hali tinchigani yo‘q. Shuning uchun Aripov va Nizomiddinovga topshiriq: qaysi viloyat hokimini ishdan olish bo‘yicha taklif berasizlar”, degan edi. Oradan vaqt o‘tib, Vazirlar Mahkamasi va Prezident Administratsiyasining bu boradagi bayonoti e’lon qilindi.
LiveBarchasi