Nazarboyev Erdo‘g‘an bilan ko‘rishdi, uning og‘zidan chiqqanlarni birma-bir qog‘ozga tushirdi
Olam
−
12 mart 2022
19007Avvalroq, Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan ushbu mamlakatga borgani haqida xabar bergan edik.
10 mart kuni Turkiyaga yetib borgan Nursulton Nazarboyev kecha, 11 mart kuni “Antaliya diplomatik forumi”da ishtirok etgan. Forumdan so‘ng Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an u bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Turkiya matbuotida Erdo‘g‘an nima uchun bugun mamlakatda siyosiy faoliyatni davom ettirmayotgan, o‘zi aytganidek, nafaqada bo‘lgan sobiq Prezident bilan uchrashgani va unda nimalar haqida suhbatlashilgani xususida ma’lumotlar mavjud emas. Turk matbuoti bunga aniqlik kiritmagan, qozoq matbuoti esa bu uchrashuvni go‘yo o‘tmagandek hisoblab, umuman xabar tarqatmagan.
Uchrashuv yopiq eshiklar ortida 35 daqiqa davom etgan.
Elboshining saytida uchrashuv haqida shunday xabar berilgan:
"Elboshi Turkiya Respublikasi Prezidentiga xalqaro forumda ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik bildirib, davom etayotgan global geosiyosiy o‘zgarishlar kontekstida ushbu tadbir muhimligini ta’kidladi.
O‘z navbatida Rajab Toyib Erdo‘g‘an Nursulton Nazarboyevning qozoq-turk munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishiga qo‘shgan katta hissasini qayd etdi. Turkiya Prezidenti Qozog‘iston Birinchi Prezidentining turkiy dunyo davlatlarining integratsiya jarayonlarini kengaytirish va chuqurlashtirish borasidagi faoliyatini ham yuqori baholadi.
Uchrashuvda tomonlar xalqaro kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashib, Ukrainadagi harbiy mojaroni diplomatiya yo‘li bilan hal qilish va davlatlararo muloqotni tiklash bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar muhimligini ta’kidladilar".
Ahamiyatli jihati shundaki, Erdo‘g‘an va Nazarboyev uchrashuvida Turkiya tarafidan Milliy razvedka xizmati rahbari Hakan Fidan ham ishtirok etgan. O‘zaro muloqotda razvedka xizmati boshlig‘ining ishtiroki sabablari ochiqlanmagan.
Yana bir diqqatga sazovor nuqta shuki, Nazarboyev bilan uchrashuv, garchi u davlatda rasmiy boshqaruv rolini o‘ynamasa ham, Qozog‘iston bayrog‘i ostida o‘tgan.
Shuningdek, "Antaliya diplomatiya forumi"da Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston delegatsiyasi bilan emas, balki Turkiya Respublikasi Milliy Majlisi raisi Mustafo Shentop, Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim bilan o‘tirgan. Nazarboyev Erdo‘g‘anning nutqini qo‘lida qog‘oz va qalam tutgancha yozib borayotgani QALAMPIR.UZ'ning e’tiborini tortdi.
Bu Birinchi Prezident Nazarboyevning yanvar oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan ommaviy norozilik namoyishlaridan keyin birinchi marta yirik tadbirda ishtirok etishi, shuningdek birinchi rasmiy xorijiy safari.
Ta’bir joiz bo‘lsa, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan munosabatlari doim yaxshi bo‘lib kelgan. Hatto, 2019 yilning oktyabr oyida Bakuda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo davlatlar rahbarlari sammitida ham Qozog‘iston nomidan amaldagi Prezident Qosim-Jomart To‘qayev emas, Nursulton Nazarboyev qatnashgan.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan “Turkiy kengashning bir umrlik faxriy raisi” sifatida e’lon qilindi.
Sammitda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevga Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining faxriy raisi ekanini anglatuvchi “Turk dunyosining eng oliy ordeni”ni topshirdi.
Nazarboyevning siyosiy intihosi
2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev, joriy yilning 5 yanvaridan Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi.
Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi.
Qozog‘iston parlamenti Majilisi (quyi palatasi) bugun, 2 mart kuni respublikaning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning qizi Darig‘a Nazarboyevani deputatlik vakolatlaridan iste’foga chiqishini ma’qulladi.
Avvalroq, Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketgandi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi.
28 yanvar kuni Nazarboyev “Nur Otan” partiyasi rasiligini ham Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdi.
2 fevral kuni Qozog‘iston parlamenti mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunni qabul qildi.