Isroil dunyo bo‘ylab elchixonalar va konsulliklarini yopdi – OAV
Olam
−
13 iyun 7918 2 daqiqa
Isroil Eronga uyushtirilgan harbiy zarbalardan so‘ng dunyo bo‘ylab elchixonalar va konsulliklarini yopdi. Bu haqda “The Times of Israel” nashri xabar berdi.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi Eronga qarshi amalga oshirilgan harbiy hujumlar munosabati bilan dunyo bo‘ylab o‘z fuqarolari va diplomatik missiyalari uchun maxsus ko‘rsatmalar berdi.
Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, bu paytdan boshlab Isroilning butun dunyodagi diplomatik vakolatxonalari o‘z faoliyatini to‘xtatadi.
“Isroilning xalqaro miqyosdagi elchixonalari yopiladi va konsullik xizmatlari ko‘rsatilmaydi”, deyiladi vazirlik ma’lumotnomasida.
Shuningdek, Isroil Tashqi ishlar vazirligi xorijdagi barcha isroilliklarga maxsus shaklni to‘ldirib, o‘z joylashuvi va vaziyati haqida yangilangan ma’lumotlarni taqdim etishni tavsiya qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Eronning “yadroviy dasturiga qarshi” profilaktik zarba berganini e’lon qilgan edi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aytishicha, operatsiyaning maqsadi “Eron yadroviy infratuzilmasiga, ballistik raketa ishlab chiqaruvchi zavodlariga va harbiy salohiyatiga zarar yetkazish” bo‘lgan.
Hujum oqibatida Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni general-mayor Husayn Salamiy halok bo‘ldi. IRNA va “Tasnim” axborot agentliklari xabariga ko‘ra, shuningdek, Eron Atom energiyasi tashkilotining sobiq rahbari Fereydun Abbosiy va Islomiy Ozod universiteti prezidenti Muhammad Mehdi Tehronchiy ham vafot etgan.
Eronning davlat IRIB telekanali ham Natanzdagi yadroviy dastur uchun muhim bo‘lgan ob’ektlarda bir nechta portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi.
Eron hukumati esa Isroil tomonidan o‘z hududiga uyushtirilgan, tinch aholi, jumladan, olimlar va harbiylar halok bo‘lgan zarbalariga qattiq javob berishini ma’lum qildi.
O‘zbekistonning Eron va Isroildagi elchixonalari ushbu mamlakatlardagi fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqib, qat’iy ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham fuqarolarga tegishli murojaat bilan chiqdi.
Shuningdek, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilning Eron yadroviy ob’ektlariga bergan zarbalaridan xavotir bildirib, tomonlarni bosiqlikka chaqirdi.
Live
Barchasi