BMT Bosh kotibi Isroilning Eronga hujumiga munosabat bildirdi

Olam

image

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilning Eron yadroviy ob’ektlariga bergan zarbalaridan xavotir bildirib, tomonlarni bosiqlikka chaqirdi. Bu haqda BMT rahbarining rasmiy vakili Farhan Haq bayonot berdi.

“Bosh kotib Yaqin Sharqda har qanday harbiy eskalatsiyani qoralaydi. Ayniqsa, Isroil tomonidan Erondagi yadroviy ob’ektlarga hujumlar uyushtirilgani jiddiy xavotir uyg‘otmoqda – aynan shunday davrda Eron va AQSH o‘rtasida Eron yadroviy dasturining maqomi yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda”, deyiladi bayonotda.

Guterrish har ikki tomonning maksimal darajada bosiqlik ko‘rsatishini va “har qanday holatda ham mojaroning kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikni” so‘ragan. Shuningdek, u BMT a’zo davlatlari Xavfsizlik Kengashi nizomi va xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq harakat qilishi lozimligini eslatgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Eronning “yadroviy dasturiga qarshi” profilaktik zarba berganini e’lon qilgan edi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aytishicha, operatsiyaning maqsadi “Eron yadroviy infratuzilmasiga, ballistik raketa ishlab chiqaruvchi zavodlariga va harbiy salohiyatiga zarar yetkazish” bo‘lgan.

Hujum oqibatida Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni general-mayor Husayn Salamiy halok bo‘ldi. IRNA va “Tasnim” axborot agentliklari xabariga ko‘ra, shuningdek, Eron Atom energiyasi tashkilotining sobiq rahbari Fereydun Abbosiy va Islomiy Ozod universiteti prezidenti Muhammad Mehdi Tehronchiy ham vafot etgan.

Eronning davlat IRIB telekanali ham Natanzdagi yadroviy dastur uchun muhim bo‘lgan ob’ektlarda bir nechta portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi.

Eron hukumati esa Isroil tomonidan o‘z hududiga uyushtirilgan, tinch aholi, jumladan, olimlar va harbiylar halok bo‘lgan zarbalariga qattiq javob berishini ma’lum qildi.

O‘zbekistonning Eron va Isroildagi elchixonalari ushbu mamlakatlardagi fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqib, qat’iy ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham fuqarolarga tegishli murojaat bilan chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Antoniu Guterrish Eron-Isroil yadroviy ob'ekt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing