Ash-Shara yana Yevropaga taklif qilindi

Olam

image

Germaniya kansleri Fridrix Mers kecha, 3 noyabr kuni Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Sharani Germaniyaga taklif qilib, mamlakatda jinoyat sodir etgan suriyalik fuqarolarni deportatsiya qilish masalasini muhokama etishni rejalashtirganini ma’lum qildi.

“Biz, albatta, jinoyat sodir etganlarni Suriyaga qaytarishda davom etamiz. Bu – bizning rejamiz. Endi buni aniq va amaliy tarzda yo‘lga qo‘yamiz”, dedi Mers jurnalistlarga.

Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya, shu bilan birga, Suriyani barqarorlashtirishga yordam bermoqchi. U ash-Shara bilan “bu muammoni birgalikda qanday hal etish mumkinligi” haqida gaplashish niyatida ekanini qo‘shimcha qildi.

Oldingi konservativ kansler Angela Merkel 10 yil avval qochqinlar uchun “ochiq eshiklar siyosati”ni amalga oshirgan, natijada Germaniyaga taxminan 1 million muhojir, asosan fuqarolik urushidagi Suriyadan qochganlar kirib kelgan edi.

Shundan beri Germaniyada o‘ng radikal partiyalarga qo‘llab-quvvatlash keskin oshdi, va Mers boshchiligidagi XDI partiyasi chegara xavfsizligi va migratsiya bo‘yicha ancha qat’iy siyosat yuritmoqda, deportatsiya jarayonlarini tezlashtirishni va’da qilgan.

“Yana bir bor aytaman: Suriyadagi fuqarolik urushi tugadi. Endi Germaniyada boshpana berish uchun asos qolmadi”, dedi Mers.

Sobiq prezident Bashar Asaddan hokimiyatni 2024 yil dekabrida qabul qilib olganidan beri, Ahmad ash-Shara bir qator xorijiy safarlarni amalga oshirdi. Uning o‘tish davri hukumati Asad davrida izolyatsiyaga uchragan Damashqning dunyo davlatlari bilan munosabatlarini tiklashga intilmoqda. 

Joriy yil 2 fevral kuni u Saudiya Arabistoniga ilk xorijiy tashrifini amalga oshirdi. Mazkur tashrif doirasida u Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. 3 fevral kuni u Makka shahrida Umra ziyoratini amalga oshirdi. Unga Ka’ba eshiklari ham ochib berildi. Ash-Sharaning 2-xorijiy safari Turkiyaga bo‘ldi. Ash-Shara muzokaralar chog‘ida hukm surgan ijobiy atmosfera uchun Erdo‘g‘anga  minnatdorlik bildirib, Turkiya Prezidentini eng qisqa vaqt ichida Suriyaga tashrif buyurishga taklif qildi. Qolaversa, ash-Shara 11 aprel kuni ham Turkiyaning Antaliya shahrida Antaliya diplomatiya forumi doirasida (ADF 2025) Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashgan edi.

7 may kuni Suriyaning yangi muvaqqat rahbari o‘zining birinchi Yevropaga tashrifini Fransiyadan boshladi va mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuv o‘tkazdi. 14 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashdi va unga Isroilni tan olish hamda Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilish taklifini berdi.  Qolaversa, 14 may kuni Ar-Riyod shahrida Turkiya, AQSH, Saudiya Arabistoni va Suriya yetakchilari ishtirokida onlayn formatdagi to‘rt tomonlama muloqot ham tashkil etilgandi.

Sentyabr oyida Ash-Shara BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida nutq so‘zladi, Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen bilan muzokara o‘tkazdi.

Oktyabrda esa u Moskvaga borib, Kremlda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazdi.

Ash-Sharaning noyabr boshlarida Vashingtonga tashrif buyurishi ham kutilmoqda.
 


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Suriya Fridrix Merts Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing