Ash-Shara Nyu-Yorkda YeI yetakchilari bilan uchrashdi

Olam

image

Kecha, 23 sentyabr kuni Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen BMT Bosh Assambleyasi doirasida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Ursula fon der Lyayen o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida qo‘shma bayonot e’lon qildi.

Bayonotda YeI rasmiylari uchrashuvni ijobiy baholab, asosiy e’tibor Suriyaning o‘tish davridagi muammolariga qaratilganini bildirgan. Ular Yevropa Ittifoqining “chinakam, inklyuziv, tinch va suriyaliklarning o‘zlari boshchilik qiladigan, zararli tashqi aralashuvlardan xoli o‘tish jarayoniga” bo‘lgan qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlagan.

“Biz siyosiy muloqotni kuchaytirishga, dolzarb gumanitar ehtiyojlarni qondirishga va Suriyaning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi hamda qayta qurilishini qo‘llab-quvvatlashga sodiqmiz”, deyiladi bayonotda.

Ash-Shara esa alohida chiqishida Isroil Suriya suverenitetini hurmat qiluvchi xavfsizlik kelishuvi tuzmaguncha, Yaqin Sharq yangi beqarorlik xavfi ostida qolishidan ogohlantirgan.

Yaqin Sharq instituti tadbirida so‘zlagan Suriya yetakchisi kelishuvga umid bildirgan bo‘lsa-da, rejim o‘zgarishidan keyingi Suriyaning zaifligidan foydalanayotgan Isroilning hujumlari davom etayotganini ta’kidlagan. Shuningdek, Ash-Shara Isroil muzokaralarni cho‘zsa va havo hududi buzilishi hamda hududiy bostirib kirishlarni davom ettirsa, bundan katta xavf paydo bo‘lishini bildirgan.

U Suriyani bo‘lishga qat’iy qarshi ekanini aytib, Isroil buni druz ozchiligini himoya qilish bahonasida ilgari surayotganini tanqid qilgan.

“Iordaniya bosim ostida. Suriyani bo‘lish haqidagi har qanday gap Iroqqa ham, Turkiyaga ham zarar keltiradi”, deydi u.

Qayd etish joiz, Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad 2024 yilning dekabrida qariyb 25 yillik boshqaruvdan so‘ng hokimiyatdan ag‘darilgandi. Shundan so‘ng u Rossiyaga qochib ketdi va 1963 yildan beri hukmronlik qilib kelgan Baas partiyasi rejimi tugadi.

Joriy yilning yanvarida shakllangan ash-Shara boshchiligidagi muvaqqat hukumatning asosiy diqqat markazi siyosiy va iqtisodiy islohotlar, ijtimoiy birdamlik va xalqaro aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyada mamlakatning sobiq prezidenti Bashar Asad hukumati ag‘darilganidan keyin birinchi parlament saylovlari joriy yilning 5 oktyabr kuni bo‘lib o‘tishi haqida xabar berilgan edi. Saylovlar 60-90 kun ichida parlamentni shakllantirish uchun mo‘ljallangan vaqtinchalik, bilvosita saylov tizimi bo‘yicha o‘tkaziladi. 210 nafar parlament a’zosidan 140 nafarini saylash uchun ovoz berish Suriyaning viloyatlari bo‘ylab saylov okruglarida bo‘lib o‘tadi, qolgan 70 nafarini Ahmad al-Shara tayinlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Ursula fon der Lyayen Antoniu Koshta Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing