Jurnalistlar uyushmasi Ortiqxo‘jayevning ovozidan “uyg‘onib ketdi”
Jamiyat
−
17 noyabr 2019
14720Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli jurnalist va blogerlar nisbatan bildirilgan o‘ta keskin fikrlar, jismonan yo‘q qilish bilan tahdid qilingan audio va matnli axborot keng tarqaldi. Unga O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi o‘z munosabatini bildirdi. Unda shunday deyiladi:
“Agar unga ishoniladigan bo‘lsa, shahar hokimi so‘z erkinligi va jurnalistlar sha’niga nisbatan, nafaqat egallab turgan lavozimiga, balki umuman insoniylikka to‘g‘ri kelmaydigan so‘zlarni bildirgan.
Jurnalistlarimiz Uyushma tomonidan “Telegramm” kanalida ochilgan “O‘zbekiston Jurnalistlari guruhi” sahifasida ham ijtimoiy tarmoqlarda J. Ortiqxo‘jayevga tegishli ana shu audio va matnli axborot paydo bo‘lgan paytdan boshlab bunday munosabat madaniyatsizlik ekani haqidagi o‘z fikr-mulohazalarini bildirishmoqda”.
Jurnalistlar uyushmasi tegishli huquq-tartibot idoralari ushbu holat yuzasidan o‘zlarining adolatli xulosalarini bildirishlari zarur, deb hisoblaydi. Shuningdek, inson sha’ni, jumladan jurnalist sha’ni va haq-huquqi himoyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlangan va uning har qanday buzilishlari qonuniy baholanishi lozimligini ta’kidlaydi.