Jo Bayden Tayvanga yana $1,1 mlrdlik qurol sotmoqchi
Olam
−
30 avgust 2022
4039Amerika Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati mamlakat Kongressidan Tayvanga 1,1 milliard dollarlik qurol sotishni ma’qullashni so‘rashni rejalashtirmoqda, unga 60 ta kemaga qarshi raketalar va 100 ta “havo-havo” tipidagi raketalar kiradi. Bu haqda “Politico” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, qurol paketi hali ham dastlabki bosqichda. U 355 million dollarlik 60 dona AGM-84L Harpoon Block II raketalari, 100 dona 85,6 million dollarlik AIM-9X Block II Sidewinder taktik havo raketalari va 655,4 million dollarlik razvedka radarlarini o‘z ichiga oladi.
Aytish joizki, joriy yilning 16 iyul kuni AQSH Davlat departamenti Tayvanga umumiy qiymati 108 million dollarga harbiy texnikani ta’mirlash uchun asbob-uskunalar va ehtiyot qismlarni sotishni ma’qulladi. Xitoy AQSHdan Tayvanga harbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatishni talab qildi.
Ma’lumot o‘rnida, Xitoy Tayvan atrofida davomli ravishda harbiy mashg‘ulot o‘tkazib kelmoqda.
Xususan, 2-3 avgust kunlari AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Tayvanga tashrif buyurdi, bu esa Pekinning keskin munosabatiga sabab bo‘ldi va bunga javoban orol atrofida keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
14-15 avgust kunlari esa senator Ed Marki (Massachusets shtati) boshchiligidagi delegatsiya Tayvanga keldi. Uning ortidan ham orol atrofida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Keyinchalik 25 avgust kuni Tennessi shtatidan respublikachi AQSH senatori Marsha Blekbern Tayvanga keldi. Xitoy Blekbernning tashrifiga munosabat bildirib, AQSH Tayvan bo‘g‘ozi mintaqasida tinchlik bo‘lishini istamasligini qayd etdi.
Tayvan va AQSH munosabatlari
Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.
Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi.
AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.
LiveBarchasi