Jizzaxda 10 yashar bolaning zo‘rlanishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi

3-sahifa

−

image

Avvalroq, Jizzax shahrida erkak 10 yashar bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgani va jinoyati oshkor bo‘lgach, o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani aniqlangan. Mazkur holat haqida jabrlanuvchining yaqin qarindoshi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilgan.

Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumon qilinuvchi A.R. protsessual harakatlardan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan.

Ayni vaqtda holatning barcha tafsilotlari, jumladan, voyaga yetmagan bolaga nisbatan sodir etilgan harakatlarning davri, xususiyati va boshqa holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganilmoqda.

Joriy yilning 5 oktyabr kuni voyaga yetmagan B.D. ga Jizzax shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan keys ochilib, bola birlamchi baholashdan o‘tkazilgan va unga psixologik xizmat ko‘rsatish tashkil etilgan.

Hozirgi vaqtda voyaga yetmagan bola xavfsiz joyda bo‘lib, uning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xavfsizligini ta’minlash hamda ruhiy holatini barqarorlashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Shuningdek, holat yuzasidan tayinlangan ekspertiza natijalari kutilmoqda. Ekspertiza xulosasi olinganidan so‘ng, uning natijalaridan kelib chiqib, qo‘shimcha choralar belgilanadi.

Namangandagi bog‘chada fojia

Avvalroq, Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan joriy yilning 12 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismi va 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan K. M. protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Bundan tashqari, yshbu voqea ortidan O‘zbekistondagi bog‘chalarda xodimlarni tekshirish boshlangandi hamda yuz bergan ko‘ngilsiz holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ishchi guruh tuzilgandi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgan. Mazkur holat bo‘yicha tergovni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev shaxsan nazoratga olgan.

Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 5 yashar qizni zo‘rlagan ombor mudiriga maksimal og‘ir jazo berilishini bildirgan edi. Namangandagi 5 yashar qizaloq bilan bog‘liq fojia ortidan uning oilasi boshqa shaharga ko‘chirilib, ularga uy-joy va zarur reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilishi ham ma’lum qilingan. 

Pedofillarga umrbod qamoq

Namangandagi fojia ortidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva va Bolalar ombudsmani bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish taklifini ilgari surdi. Keyinroq O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikni keskin kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi va ikkinchi o‘qishda ma’qulladi. Keyinroq qonun Oliy Majlis Senati tomonidan ham ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan sodir etilgan nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilanmaoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing