Japarov chegara muammosini muddati tugagungacha hal qilishga va’da berdi
Olam
−
14 aprel 2022
5586Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakat xalqiga muddatidan avval qo‘shni davlatlar bilan chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalasiga chek qo‘yishga va’da berdi.
“Ha, chegara muammosi bor. 30 yildan beri hal etilmagan muammo hozirda katta e’tibor va uzoqni ko‘ra bilishni talab qiladi. Hozirda muzokaralar olib borilmoqda. Kelishilmagan kilometrlar ko‘p. Bu vaqt talab etadi. Xudo xohlasa, prezidentlik muddatim tugaguncha bu masalani hal etish niyatidaman”, deydi Japarov Facebook’dagi sahifasida.
Japarov, shuningdek, qirg‘izistonlik jurnalist va blogerlarga murojaat qilib, Qirg‘iziston bilan chegarada muammolar mavjud bo‘lgan davlatlar rahbarlarini xafa qilmaslikka chaqirdi. Uning qayd etishicha, Qirg‘iziston demokratik yo‘ldan qaytmaydi. Mamlakatda so‘z erkinligi va inson huquqlari saqlab qolinadi. Aholining istaganini aytishi va turli aksiyalarda ishtirok etishi yuzasidan cheklovlar yo‘q.
“Qo‘shni davlatlar bilan mojarolar haqida gap ketganda, ma’lumotni buzib ko‘rsatadigan va bu davlatlar rahbarlarini haqorat qiluvchi turli video va foto materiallarni tarqatishga yo‘l qo‘ymang. Bu axloqiy me’yorlarga javob bermaydi. Shunday qilib, vaziyatni yanada og‘irlashtirasiz va ikki xalq o‘rtasida janjal qo‘zg‘atasiz”, deydi Prezident.
Prezident, shuningdek, qirg‘iz ommaviy axborot vositalaridan yolg‘on ma’lumot tarqatmaslikni so‘ragan.
“Faqat so‘z erkinligi niqobi ostida yolg‘on ma’lumotlar tarqatishni bas qilaylik. Bir oy oldin soxta akkaunt ostida Qirg‘iziston go‘yoki Ukrainaga og‘ir harbiy texnika va askarlarni olib o‘ta boshlagani haqida ma’lumot tarqalgan edi. Rasmiy ommaviy axborot vositalari orqali bunday ma’lumotlarni tarqatgan fuqarolar ham bo‘lgan. Birinchidan, buni qilish uyatli. Ikkinchidan, Qirg‘iziston jahon hamjamiyatiga yolg‘on ko‘rinishda taqdim etilmoqda”, deydi Japarov.
U muxolifatchilardan halol raqobat qilishlarini, mamlakatni tinch qo‘yishlarini so‘ragan.
“Agar muxolifat bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, shaxsan menga bo‘ling, mamlakatni tinch qo‘ying. Urush bilan o‘ynashmang. Allohim xalqimizni urushdan asrasin”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 aprel kuni tojik-qirg‘iz chegarasida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida navbatdagi otishma sodir bo‘ldi. Unda 27 yoshli tojik chegarachisi Zoir Saidumarov halok bo‘ldi.
To‘qnashuv chegaradosh viloyatlar vakillarining uchrashuvidan so‘ng to‘xtatildi.
LiveBarchasi