Qirg‘iziston Tojikiston bilan mojaro tufayli 644 kishini evakuatsiya qildi 

Olam

image

Qirg‘iziston hukumati kecha, 12 aprel kuni ikki davlat chegarachilari o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergan Tojikiston bilan chegaradosh hududlardan 600 dan ortiq odamni evakuatsiya qilgan. Bu haqda Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi. 

“Botken viloyatining chegaradosh qishloqlaridan jami 644 kishi evakuatsiya qilindi”, deyiladi xabarda. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, asosan, ayollar, qariyalar va bolalar xavfsiz joylarga olib ketilgan. Ularning barchasi evakuatsiya qilinadigan vaqtinchalik joylarga joylashtirilgan. Ayni paytda evakuatsiya qilingan fuqarolar uylariga qaytishni boshlagan. 

Ikki davlat chegarachilari o‘rtasidagi mojaro kecha, 12 aprel kuni boshlangan. Bugun, 13 aprelga o‘tar kechasi tomonlar qarama-qarshilik zonasidan qo‘shimcha kuch va texnikani olib chiqishga kelishib olgan. Qirg‘iziston tomonining ma’lum qilishicha, mojaro chog‘ida respublikaning ikki fuqarosi va kamida bir nafar Tojikiston fuqarosi jarohatlangan.

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi navbatdagi keskinlashuv yanvar oyining oxiridan beri davom etmoqda: o‘shanda chegarachilar o‘rtasidagi otishmada tojikistonlik ikki harbiy halok bo‘lgan, olti nafar harbiy yaralangan, Qirg‘izistonda esa sakkiz nafar harbiy yaralangan.

Shundan so‘ng Tojikiston va Qirg‘iziston delegatsiyalari chegarada o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish hamda avvalroq mojaro joyiga jalb qilingan qo‘shimcha kuch va vositalarni olib chiqishga kelishib oldi. Shunga qaramay, chegarada vaqti-vaqti bilan otishmalar davom etmoqda.

So‘nggi yillarda Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida qurol ishlatish bilan bog‘liq kelishmovchiliklar bir necha bor sodir bo‘lgan. Oxirgi marta yirik to‘qnashuvlar o‘tgan yilning aprel oyi oxirida yuz bergandi. Mojaroga sabab bahsli hudud – “Golovnoy” suv taqsimlash punkti yoniga kameralar o‘rnatilgani bo‘lgan. Natijada har ikki davlat harbiylari aralashgan.

Qirg‘izistonning 180 dan ortiq fuqarosi to‘qnashuvlar davomida jabr ko‘rgan, deb xabar qildi respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi. 34 kishi vafot etgan. Tojikiston mojaro qurbonlari haqida rasmiy ma’lumot bermadi.

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara uzunligi 970 km. Chegaraning 460 kilometri bo‘yicha kelishuvlar mavjud emas, shuning uchun har ikkala davlat ham u yoki bu uchastkaga o‘z da’volarini e’lon qilganda, vaqti-vaqti bilan nizolar kelib chiqadi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Qirg'iziston

Baholaganlar

130

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing