Jahon banki Afg‘oniston uchun 280 mln dollar ajratadi – “Reuters”
Olam
−
03 dekabr 2021
3494Jahon banki (JB) direktorlar kengashi Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash uchun muzlatilgan 280 million dollar mablag‘ni ikki gumanitar yordam agentligiga o‘tkazishga qaror qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ularga ko‘ra, Jahon banki tomonidan boshqariladigan Afg‘onistonni qayta tiklash jamg‘armasining 31 donori Jahon oziq-ovqat dasturi (JOD) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasiga (UNICEF) borishdan oldin mablag‘ o‘tkazilishini ma’qullashi kerak. Eng katta homiysi Qo‘shma Shtatlar bo‘lgan donorlar bugun uchrashishi kutilmoqda. Har ikki tashkilot iqtisodi so‘nggi yillarda jiddiy zarar ko‘rgan Afg‘onistonga yordam ko‘rsatadi.
Joriy yilning 30 noyabr kuni kuni Jahon banki kengashi Afg‘onistonni qayta tiklash jamg‘armasining 1,5 milliard dollaridan gumanitar yordam agentliklariga 500 million dollargacha mablag‘ o‘tkazish masalasini muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazgandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida “Tolibon” harakati Afg‘onistonda hokimiyatni egallagach Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi va boshqa G‘arb tashkilotlari mamlakatni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatdi. Afg‘onistonning G‘arb davlatlardagi hisob raqamlari esa muzlatildi. Xususan, AQSH Federal zaxira tizimidagi 7 milliard dollarlik aktivlarga kirishni yopib qo‘ydi.
Ayni vaqtda Afg‘oniston gumanitar inqiroz yoqasida turibdi. Hatto, joriy yil oxirigacha ushbu davlatda 1 million bola ochlikdan o‘lishi mumkinligi prognoz qilinmoqda. Rasmiy Toshkentning Afg‘onistondagi vaziyatni e’tiborsiz qoldirmaslik borasidagi chaqiriqlari ortida Yevropa ushbu davlatga Termiz orqali gumanitar yordam ko‘rsatish rejasi bilan chiqdi. Shu o‘rinda Afg‘onistonda hokimiyat “Tolibon” harakati qo‘liga o‘tgach mamlakatdagi vaziyat og‘irlashganini eslab o‘tish kerak.
Ma’lumot uchun, mamlakatda hokimiyatni egallagan toliblar, 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumatni shakllantirdi.
Qayd etish kerakki, toliblar Afg‘onistonda hokimiyatga kelgach, minglab afg‘onlar vatanini tark etdi va bu jarayon hali ham davom etmoqda. Toliblarni Afg‘onistonda tarafdorlari ko‘pligiga shubha yo‘q, biroq ular hokimiyatga kelgach ko‘plab qiyinchiliklarga uchramoqda. Ayniqsa, moliyaviy tomondan yo‘qotishlar katta.
Shunday bir davrdan jahon hamjamiyati Afg‘onistonni bee’tibor qoldirmoqchi emas. Bunday xatoga dunyo yetakchilari avval yo‘l qo‘ygan. Buning oqibatlari ayniqsa AQSHning esidan chiqmaydi. Afg‘oniston terrorchi guruhlar uyasiga aylanmasligi uchun jahon yetakchilari “Tolibon” bilan ishlamoqchi, hatto ushbu harakat BMT tomonidan terrorchilik tashkiloti, deb tan olingan bo‘lsa ham.
LiveBarchasi