Jeenbekov va Japarovning vorisi Rossiyaga boryapti. U Putin bilan ko‘rishishi mumkin

Olam

image

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Qirg‘iziston parlamenti spikeri Talant Mamitov tez orada Rossiyaga rasmiy tashrif bilan kelishni rejalashtirmoqda.  Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin bugun, 30 noyabr kuni ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Talant Mamitovning Rossiyaga tashrifi joriy yilning 7 dekabr kuniga rejalashtirilgan. U mamlakat Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi kutilmoqda. 

Talant Mamitov Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Parlament Assambleyasining yig‘ilishida ishtirok etib, nutq so‘zlagan. Unda Qirg‘izistonda o‘tishi rejalashtirilayotgan prezident saylovlariga kuzatuvchilarni yuborish masalasi muhokama qilingan.  

Ma’lumot uchun, Qirg‘izistondagi navbatdan tashqari prezident saylovlari, shuningdek,  mamlakatning yangi konstitutsiyasi loyihasi bo‘yicha referendum 2021 yil 10 yanvarda bo‘lib o‘tadi. 

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin, 7 foizlik minimum ovozni to‘play olmagan partiya tarafdorlari norozilik namoyishlarini boshladi. Bir necha kun davom etgan namoyish va tartibsizliklar ortidan Bosh vazir Kubatbek Boronov va uning Hukumati iste’foga chiqdi. Namoyishchilar davlat idoralarini egallab oldi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Sooronbay Jeenbekov Bishkekda favqulodda holat joriy qildi va poytaxtga harbiylar kiritildi. Buning natijasida vaziyat biroz tinchidi. Ammo namoyishchilar Prezidentdan iste’foga chiqishini talab qildi. Natijada 15 oktyabrda Jeenbekov xalqiga qarata o‘q uzib qon to‘kmaslik uchun iste’fo berdi. 

Uning vazifasini vaqtincha bajarishi kerak bo‘lgan parlament spikeri Kanat Isayev bundan bosh tortdi. Natijada davlat rahbari vakolati namoyishlar ortidan Bosh vazir bo‘lgan Sadir Japarovga o‘tdi. Mamlakatni 14 noyabrgacha boshqargan Japarov saylovda o‘z nomzodini ilgari surish uchun mamlakat qonunchiligiga muvofiq Prezident va Bosh vazir vakolatlaridan voz kechdi

Talant Mamitov esa joriy yilning 4 noyabr kuni Parlament spikeri lavozimiga saylandi. Bungacha unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ozodlikdan mahrum etilgandi. Mamitov 4 oktyabrda boshlangan namoyishlar fonida Sadir Japarov bilan ozodlikka chiqdi. 19 oktyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Oliy Sudi Sadir Japarov, Talant Mamitov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Kamchibek Tashiyevga nisbatan oqlov qarorini chiqardi.


Maqola muallifi

Teglar

Sooronbay Jeenbekov Sadir Japarov Talant Mamitov

Baholaganlar

192

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing