Jeenbekov o‘z xohishi bilan iste’fo bermoqchi emas
Olam
−
08 Oktabr 2020
14158Biroz avval ommaviy axborot vositalarida Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekovning impichmenti masalasi ko‘rib chiqilayotgani xabar qilingan edi. Davlat rahbarining matbuot kotibi ushbu xabarlarni rad etdi. Tolgonay Stamaliyevaning “Interfaks”ga ma’lum qilishicha, hozirda Jeenbekovning o‘z xohishiga ko‘ra iste’foga chiqishi masalasi ko‘rib chiqilmayapti.
“Prezidentning o‘z xohishiga ko‘ra iste’foga chiqishi masalasi muhokama qilinmayapti, bu haqda gap bo‘lishi mumkin emas”, deydi Stamaliyeva.
Matbuot kotibining ta’kidlashicha, Qirg‘iziston Bosh vaziri Kubatbek Boronovning iste’foga chiqishi haqidagi hujjatga Prezident imzo chekmagan.
"Ha, ommaviy axborot vositalarida Boronov ariza yozgan deb yozishmoqda, ammo Prezidentga imzolash uchun ariza kiritilmadi", dedi Stamaliyeva.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi.
Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.
Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.
Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.
Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Ularning o‘rniga muxolifat vakillari tayinlandi.
O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.
LiveBarchasi