Jeenbekov parlamentning yangi spikeri bilan impichmenti masalasini muhokama qildi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov parlamentning yangi spikeri Miktibek Abdildayev bilan o‘zining impichmenti masalasini muhokama qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Tolgonay Stamaliyeva ma’lum qildi. Muloqot telefon orqali bo‘lgan.

“Prezident u uchun eng muhim vazifa – vaziyatni o‘z iziga tushirish ekanini ta’kidladi. Keyin u mavjud vaziyat sabab yuzaga kelgan masalalarni muhokama qilishga tayyor”, degan Stamaliyeva. Muloqot vaqtida Prezident Abdildayevni uchrashuvga taklif qilgan.

Qayd etish kerakki, Qirg‘izistonda namoyishlar boshlanganidan beri Prezident siyosiy partiyalar bilan muzokara o‘tkazib, ularni murosaga kelitirishga urinayotgani aytilyapti. 

Avvalroq, Qirg‘iziston Xavfsizlik Kengashi Sooronbay Jeenbekov qayerda ekanini bilmasligini aytib chiqqandi. Keyinroq Stamaliyeva davlat rahbari Bishkekda ekanini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Ularning o‘rniga muxolifat vakillari tayinlandi.

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

263

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing