Zelenskiyning BMT va Qizil Xochdan hafsalasi pir bo‘ldi
Olam
−
08 iyun 2023
8162Kecha, 7 iyun kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT va Qizil Xochning Kaxovka GESidagi favqulodda holatga munosabatidan juda hafsalasi pir bo‘lganini va hayratda ekanini aytdi. Bu haqda u Germaniyaning “Bild” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Zelenskiy eng yirik xalqaro tashkilotlar yordam so‘roviga javob bermaganini va bu aslida “diplomatik tilda” rad etish ekanini bildirgan.
“Bugun men xalqaro tashkilotlarga minnatdorlik bildira olmayman. Men hozirgina Ichki ishlar vaziri bilan gaplashdim. Undan xalqaro tashkilotlardan yordam bormi, deb so‘raganimda, u na BMT, na Qizil Xoch vakillari javob bermaganini aytdi. Biz javob olmadik. Men shokdaman”, degan Ukraina Prezidenti.
Kaxovka GESidagi favqulodda holat uchun javobgarlar haqida gapirar ekan, Zelenskiy mazkur halokat faqat Rossiya va hozir ushbu mintaqani nazorat qilayotgan odamlar tufayli sodir bo‘lganini ta’kidlagan.
“Ular bu yo‘nalishda qarshi hujum boshlashimizdan qo‘rqadi va bizning hududlarimizni ozod qilishga to‘sqinlik qilmoqchi”, dedi Ukraina yetakchisi.
Shuningdek, undan Ukraina Qurolli Kuchlarining qarshi hujumi allaqachon boshlanganmi, degan savol ham so‘ralgan. Biroq Zelenskiy aniq javob bermagan.
“Hujum boshlanganda buni his qilasiz”, deya xulosa qilgan u.
Eslatib o‘tamiz, 6 iyun kuni ertalab Ukrainaning vaqtinchalik Rossiya tomonidan egallangan Xerson viloyatidagi Kaxovka GESi vayron bo‘lgandi. Buning oqibatida aholi yashash punktlari suv ostida qoldi va Xerson viloyatida favqulodda holat joriy qilindi. BMT Xavfsizlik kengashi ham mazkur masalani ko‘rib chiqdi. Kiyev va Moskva stansiyadagi portlashda bir-birini aybladi. Rossiya Tergov qo‘mitasi Kaxovka GESi vayron qilinishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. NATO, Yevropa Kengashi va Germaniya esa portlashda Rossiyaning qo‘li borligini aytdi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova esa Ukraina GESga hujum qilishni reja qilganini oldindan bilganini bildirdi.
LiveBarchasi