Zelenskiy Ukrainada harbiy holat e’lon qildi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun, 24 fevral kuni ertalab butun mamlakat bo‘ylab harbiy holat joriy etilganini e’lon qildi.

“Bugun ertalab Prezident Putin Donbasda maxsus harbiy operatsiya o‘tkazilishini e’lon qildi. Rossiya bizning harbiy infratuzilmamizga, chegarachilarimizga zarbalar berdi. Ukrainaning ko‘plab shaharlarida portlashlar eshitildi. Butun davlat bo‘ylab harbiy holat joriy qilmoqdamiz. Bir daqiqa oldin, men Prezident Bayden bilan suhbatlashdim. Qo‘shma Shtatlar xalqaro yordam yig‘a boshladi. Sizdan tinchlik kerak. Iloji bo‘lsa, uyda qoling. Biz ishlayapmiz. Ukrainaning butun xavfsizlik va mudofaa sektori ishlamoqda. Vahima qilmang, biz hamma narsaga tayyormiz va barchani yengamiz”, degan Zelenskiy videomurojaatida.

Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.

Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.

Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.

Shuningdek, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

265

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing