Zelenskiy Putin bilan gaplashishni iltimos qildi. Kreml nima deydi? 

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Moskvadan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon suhbati o‘tkazishni so‘radi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Matbuot kotibi Yuliya Mendel ma’lum qilgan

Yuliya Mendelga ko‘ra, Zelenskiyning suhbatdan maqsadi Ukraina sharqidagi mojaroning avj olishini Putin bilan muhokama qilish bo‘lgan.

“Prezident ma’muriyati, albatta, Vladimir Putin bilan suhbatlashishni iltimos qildi. Biz hali javob olmadik va umid qilamizki, muloqotdan bosh tortishmaydi”, deydi Yuliya Mendel.

OAVda tarqalgan yuqoridagi xabarga, o‘z o‘rnida, Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, so‘nggi kunlarda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiydan Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazish uchun hech qanday so‘rov bo‘lmagan.

“Yo‘q, so‘nggi kunlarda men hech qanday so‘rovlarni ko‘rmadim va hech qanday so‘rovlardan xabardor emasman”, deydi Kreml vakili.

Ma’lumot o‘rnida, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi Donbass mintaqasi 2014 yildan buyon mojaroli hududga aylangan. Donbassdagi harbiy harakatlar joriy yilning mart oyida yana avj ola boshladi. Siyosiy ekspertlarga ko‘ra, bunga Ukrainaning NATOga qo‘shilish tomon faol harakati sabab bo‘lgan.

Ukraina ham, Rossiya ham ushbu mintaqaga chegaradosh bo‘lgan o‘zining hududiga harbiy kuchlarini to‘plamoqda. Bundan tashqari, Ukraina rahbari Zelenskiy harbiy tutashuv chizig‘iga borib, mudofaaning eng oldi pozitsiyalarida xizmat vazifasini o‘tayotgan harbiylar bilan suhbatda bo‘lib, ularga mukofotlar topshirgan.

O‘z navbatida, AQSH Ukraina hududiy yaxlitligini himoya qilishini aytib, Qora dengizga o‘z harbiy kemalarini yo‘naltirgan.

AQSHdan so‘ng, mintaqada yirik kuch hisoblangan Turkiya ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi hamda ushbu mamlakatning hududiy yaxlitligi tarafdori ekanini ma’lum qilgan

Shu bilan birga Turkiya Ukrainaning NATOga qo‘shilishini yoqlab, ushbu davlat bilan harbiy sohadagi hamkorlikni kengaytirishga intilyotgan bo‘lsa-da, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni muzokaralar orqali, tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

325

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing