Ukrainaning “katta og‘asi” harbiy kemalar bilan Rossiyaning biqiniga joylashmoqchi
Olam
−
09 aprel 2021
16338Turkiya Montryo konvensiyasi ishtirokchilariga AQSH harbiy kemalarining O‘rta yer dengizidan Qora dengizga o‘tishi to‘g‘risida xabarnoma yubordi. Bu haqda bugun, 9 aprel kuni TASS Rossiyaning Turkiyadagi elchixonasiga tayanib yozmoqda.
“Turkiya [Montryo] konvensiyasiga muvofiq uning ishtirokchilariga harbiy kemalarning O‘rta yer dengizidan Qora dengizga o‘tishi to‘g‘risida xabarnoma yubordi”, deydi agentlik manbasi.
Rossiya ishtirok etgan 1936 yildagi Montryo Konvensiyasiga ko‘ra, Turkiya Qora dengiz bo‘yi davlatlarini dengizga harbiy kema kirishidan avval ogohlantirishi kerak.
Turkiya Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, AQSHning ikkita harbiy kemasi 14 va 15 aprel kunlari O‘rta yer dengizi bilan Qora dengizni bog‘lab turuvchi Bosfor orqali o‘tadi va u yerda 4-5 mayga qadar qoladi.
Kecha, 8 aprel kuni CNN telekanalining AQSH Mudofaa vazirligidagi manbasiga asoslanib ma’lum qilishicha, AQSH Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini namoyish etish uchun Qora dengizga yaqin haftalarda harbiy kemalarini yuborish haqida o‘ylamoqda.
Manbaga ko‘ra, AQSH harbiy-dengiz floti u yerga o‘z dengiz kuchlarini muntazam ravishda jo‘natib turadi, ammo hozirgi paytda bunday qadam Rossiya Federatsiyasi uchun “maxsus signal” vazifasini o‘taydi. Shuningdek, Amerika rahbariyatining bunday choralar ko‘rishi Rossiyaning Ukraina bilan chegara hududlarda o‘z kuchlarini to‘plashi bilan bog‘liq.
Donbassdagi keskinlashuv
So‘nggi kunlarda Rossiya va Ukraina o‘trasidagi Donbassda harbiy harakatlar faol holatga kelib qolgan. Rossiya ushbu hudud bilan chegarada o‘z harbiy kuchini to‘plamoqda.
Bu esa o‘z navbatida Ukraina va G‘arb davlatlari tomonidan xavotirlar bilan kutib olindi. Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa “Rossiya qo‘shinlarining mamlakat hududi bo‘ylab harakatlanishi boshqa davlatlarni bezovta qilmasligi kerak, chunki bu ularga hech qanday tahdid solmaydi”, deya ta’kidladi.
LiveBarchasi