Erdo‘g‘andan Putinga qarshi yurish. Turkiya Qrimni Rossiyaning hududi deb tan olmaydi
Olam
−
11 aprel 2021
18086Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 10 aprel kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Anqara “Qrimning anneksiyasini” tan olmaslik qarorini tasdiqlaganini aytdi. Bu haqda Turkiya rahbari uchrashuv yakuni bo‘yicha matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Biz Ukrainaning hududiy yaxlitligini va Turkiya suverenitetini qat’iyan himoya qilamiz. Qrimning bosib olinishini tan olmaslik bo‘yicha qat’iy qarorimizni tasdiqladik”, deydi Erdo‘g‘an.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara Kiyevning yarim orol hududiy tegishliligi muammosi atrofiga xalqaro hamjamiyatni jalb qilish bo‘yicha loyihasi – “Qrim platformasi”ni qo‘llab-quvvatlaydi.
“Umid qilamizki, bu tashabbus Ukraina va Qrimning barcha xalqlari, shu jumladan, Qrim tatarlari uchun ijobiy natijalarni olib keladi”, deya ta’kidladi Turkiya Prezidenti.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Anqara va Kiyevning ikki tomonlama aloqalari Qora dengizning “tinchlik, xotirjamlik va hamkorlik dengizi” bo‘lib qolishiga qaratilgan. Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Minsk kelishuvini Donbassdagi nizolarni bostirish usuli sifatida qo‘llab-quvvatladi.
“Biz Sharqiy Ukrainadagi vaziyat yuzasidan fikr almashdik. Mavjud inqirozni siyosiy, diplomatik yo‘l bilan va xalqaro huquq doirasida hal qilish mumkinligiga ishonamiz”, deydi Turkiya yetakchisi.
Ayni vaqtda Erdo‘g‘an Turkiya va Ukraina hamkorligi boshqa mamlakatlarga qarshi qaratilmaganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Erdo‘g‘an Turkiya Qrimning Rossiya tarkibiga kirishini tan olmasligi haqida birinchi marta so‘z ochmayapti. 2020 yil oktabr oyida Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan keyin ham u shunday bayonot bergandi.
Ma’lumot o‘rnida, Qrim 2014 yil martda bo‘lib o‘tgan referendumdan keyin Rossiya tarkibiga kirgan edi, o‘shanda yarim orol aholisining 96 foizdan ortig‘i buni yoqlab ovoz bergan. Ushbu qaror G‘arb mamlakatlari tomonidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritilishiga sabab bo‘ldi.
Kiyev esa Qrimni vaqtinchalik bosib olingan hudud, deb hisoblaydi. Moskva yarim orolning hududiy tegishliligi masalasi yopilganini bir necha marta ma’lum qilgan.
LiveBarchasi