Kreml “hamlasi“: Putin Rossiyasi Qrimni qanday qilib “bosib“ olgandi?

Tahlil

image

2013-2014 yillarda Rossiyaga qo‘shni Ukrainada siyosiy vaziyatning izdan chiqishi kim uchundir qo‘l keldi. Natijada Rossiya Ukrainaning Qrim yarimorolini o‘ziga qo‘shib oldi. G‘arb davlatlari rasmiy Moskva yarimorolni anneksiya qildi deb baholadi.

Qrim anneksiyasi – Ikkinchi Jahon urushidan beri Yevropada ilk marta qayd etilgan bir davlat ikkinchi davlat hududini o‘ziga qo‘shib olishi. Ushbu voqeaga ham 7 yil to‘libdi. Quyida Rossiyaning Qrimni o‘z tarkibiga qo‘shib olishida amalga oshirgan siyosiy taktikalari, Ukraina Prezidentining evakuatsiya operatsiyasi hamda yarimorolning Rossiyaga keltirgan “foydasi” to‘g‘risida so‘z boradi.

2014 yil. Ukraina. Mamlakat poytaxti Kiyev markazida alanga olgan “Yevromaydan” inqilobi tugadi. Fevral oyi oxiriga kelib, Hukumat iste’fo berdi, Prezident Yanukovich esa qochib ketdi. O‘sha zahotiyoq Ukraina Oliy Radasi (parlamenti – tahr.) bir qator qarorlar qabul qildi. 

Xususan, Prezident Yanukovich mamlakat Konsititutsiyasiga zid ravishda Ukraina xalqi oldidagi burch va vazifalaridan voz kechgani, navbatdan tashqari prezidentlik saylovi 2014 yilning mayida bo‘lishi va davlat rahbari vakolatlari vaqtinchalik parlament spikeri Aleksandr Turchinga o‘tganligi to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi. 

Yanukovich qayerga qochdi?

2014 yilning 22 va 23 fevral kunlari Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan Ukraina Prezidenti va uning oilasini evakuatsiya qilish bo‘yicha operatsiya o‘tkazildi va ular Kiyevdan Qrimga ko‘chirildi. Shundan so‘ng, Prezident Yanukovich sirli ravishda Rossiyaga olib ketildi. Ukrainada yuz bergan ushbu voqealar Rossiya tomonidan davlat to‘ntarishi deb baholangan bo‘lsa, Yanukovich o‘zini Ukrainaning qonuniy Prezidenti, deb hisoblashda davom etardi. 

Putinga xat

Rossiyada bo‘lib turgan Yanukovich harbiy yordam so‘rab, Putinga xat yozadi. Xatda yozilishicha, Ukrainada boshboshdoqlik avj olgan, ayniqsa janubi-sharqiy qism tang ahvolda. Shuningdek, Yanukovichning xatida G‘arb davlatlarining ta’siri ostida Ukrainada terror va zo‘ravonlik avj olgani qayd etilgan.

“Shu sababli men Rossiya Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinga Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlaridan Ukrainada qonuniylikni, tinchlikni, barqarorlikni va aholi himoyasini ta’minlash uchun foydalanishni so‘rab murojaat qilaman”, deyiladi Yanukovichning Putinga yo‘llagan xatida. 

O‘xshamagan taktika

2014 yilning 1 mart kuni yozilgan Yanukovichning xati Rossiya tomonidan BMTga taqdim qilindi. 3 mart kuni BMT Xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘z olgan Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vitaliy Churkin Ukraina Prezidentining xatini kengash e’tiboriga havola etdi. 

Ushbu xat Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga kirishi qonuniyligini ta’minlovchi yo‘llanma bo‘lishi kerak edi. Biroq ushbu kengashda ishtirok etayotgan Ukraina vakili xatning noqonuniy ekanligini aytib, Ukraina Konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakatga chel el qurolli kuchlarining kirishiga faqat Oliy Rada (parlament) ruxsat berishi mumkinligini ta’kidlaydi. 

Gap shundaki, Prezident Yanukovich mamlakatdan qochib ketganidan so‘ng, Ukrainada qolgan siyosatchilar 2010 yilgi mamlakat Konstitutsiyasini 2004 yilgisiga o‘zgartiradi. Tarix guvohki, bu urunishlar Putinga halaqit bera olmadi. Rossiya qo‘shinlari, allaqachon Ukrainada edi. Prezident Yanukovichning xatini BMTga taqdim qilish orqali, shunchaki Ukrainaga Rossiya qo‘shinlarining kirishiga qonuniy tus berish maqsad qilingan edi.

“Yashil odamchalar”

“Yashil” odamchalar yoki “mehribon” insonlar – hech qanday belgisi va yozuvi bo‘lmagan formalar kiyib olgan, og‘ir qurollangan askarlar. Ushbu termin 2014 yilning fevralida Qrimda keng tarqaldi. 

Nom-nishonsiz, biror belgisi bo‘lmagan askarlar qayerdan kelganini Qrim aholisi yaxshi bilar edi va ularning fikriga ko‘ra “mehribon” insonlar aynan Rossiya Qurolli Kuchlarining askarlari bo‘lgan.

“Yashil” odamchalar 2014 yilning fevral oyida Qrimda joylashgan Ukraina harbiy bazalari va strategik muhim joylarni to‘liq egallab oldi.

Yolg‘onchi Putin

2014 yil 4 mart. Putin jurnalistlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. O‘shanda jurnalistlardan biri Qrimdagi askarlar Rossiyanikimi, deb Putinga savol berdi. 

Putin esa rad javobini berib, jurnalist nazarda tutayotgan askarlar mahalliy o‘zini-o‘zi himoya qilish kuchlari ekanini ta’kidlaydi.

Biroq oradan bir yil o‘tar-o‘tmas, omma e’tiboriga 2014 yilgi Qrim voqealariga bag‘ishlangan “Qrim. Vatanga yo‘l” nomli film namoyish qilinadi. Ushbu filmda ko‘rinish bergan Putin Qrimda Rossiya Qurolli kuchlaridan keng miqyosda foydalanilganini tan oladi.

“Qonuniy” referendum 

2014 yilning 16 martida Qrimda umumxalq saylovi o‘tkazildi. O‘sha vaqtda hali Ukrainaning ma’muriy birligi bo‘lgan Qrim Avtonom Respublikasining taqdiri hal qilindi. Saylov natijalariga ko‘ra, 96 foiz qrimlik yarimorolning Rossiya tarkibiga qo‘shilishi uchun ovoz bergan. 

Biroq ushbu referendumni BMT ham, Ukraina ham tan olmaydi va noqonuniy deb hisoblaydi. Nega? Gap shundaki, birinchidan saylov Ukraina Konstitutsiyasiga zid tarzda amalga oshirilgan, ya’ni avtonom respublikaning mamlakat tarkibidan chiqib ketishi uchun butun Ukraina bo‘ylab saylov o‘tkazilishi kerak bo‘lgan. Qrim masalasi esa faqat yarimorolning o‘zidan hal qilingan. 

Ikkinichidan, yuqorida Putinning ham o‘zi tan olganidek, ushbu saylovning borish jarayonida Qrim butunlay Rossiya harbiylari tomonidan egallab olingan edi. Dunyo hamjamiyatining fikricha, saylovlar o‘zga davlat armiyasi ta’siri doirasida o‘tkazilmasligi kerak.

Uchinchidan, ushbu saylovlar borishida biror bir xalqaro tashkilot kuzatuvchi bo‘lib ishtirok etmagan. 

Qrim Rossiya tarkibida

2014 yilning 16 martida o‘tkazilgan referendum Rossiya foydasiga hal qilindi. Keyingi qadam o‘sha yilning 18 mart kuni tashlandi. Rossiya Federatsiyasi va Qrim Respublikasi o‘rtasida shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, Qrim yarimoroli Rossiya tarkibiga olindi. Rossiya tomonidan ushbu hujjatni Putin, Qrim tomonidan esa Vazirlar Kengashi vakili Sergey Aksenov va Vladimir Konstantinov imzoladi.

Qrim necha pulga tushdi?

Qrimni o‘z tarkibiga qo‘shib olgan Rossiya 27 ming kvadrat kilometr yer va 2 milliondan ortiq aholiga ega bo‘ldi. Lekin chiqimlar ancha yirikroq ko‘rinish oldi. 

Iqtisodchi Sergey Aleksashenkoga ko‘ra, Qrim har doim moliyaviy ko‘mak talab qiluvchi hudud bo‘lgan: SSSR tarkibida ham, Ukraina tarkibida ham.

“Rossiyaga qo‘shilganidan so‘ng, Qrim hech qanday mo‘’jiza ko‘rsatgani yo‘q. Hududda iqtisodiy asos yaratishi mumkin bo‘lgan ulkan oltin yoki uglevodorod konlari topilgan ham emas. Shu sababli hatto mavjud byudjet va kommunal xizmatlarni saqlab qolish uchun Rossiya Moliya vazirligi shoshilinch ravishda birgina 2014 yilda yarimorol uchun 55 milliard rubl ajratgan bo‘lsa, shundan so‘ng ushbu summa faqat o‘sishda davom etmoqda”, deya tushuntirish bergan iqtisodchi Aleksashenko.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2014-2019 yillarda ushbu yarimorolga Rossiya Moliya vazirligi umumiy hisobda 1,5 trillion rubl ajratgan. 

Bu hali hammasi emas. Bu yerda Qrimning Rossiyaga qo‘shilishini noqonuniy, deb topgan G‘arbning “mehnatlarini” ham esdan chiqarmaslik kerak. 

“Bloomberg”ning ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-2019 yillar oralig‘ida aynan Qrim sabab Rossiya iqtisodiyoti 150 milliard AQSH dollari yo‘qotgan. Qrim egallanganidan so‘ng, Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalar, buning natijasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyaning kamayishi, Rossiya neftiga ta’sir va yana boshqa omillar nafaqat mamlakat iqtisodiyotiga, balki aholi turmush darajasiga ham yaxshigina zarba bergan. Aholining o‘rtacha daromadi 30 ming rubldan oshmay keldi. 2014 yildan beri sanksiyaga tushgan Rossiya kompaniyalarining soni esa 4 barobarga ko‘payib, 700 dan oshib ketgan. 

Qrim ko‘prigi

Qrimni o‘z tarkibiga qo‘shib olganidan so‘ng, Rossiya oldida chiqimlar ko‘payishda davom etmoqda. Shulardan biri asr loyihasi deb ko‘rilgan – Qrim ko‘prigi. Qrim tufayli Ukraina bilan aloqalari sovuqlashgan Rossiya ushbu yarimorolga endi Ukraina hududidan o‘ta olmasdi. Yechim sifatida esa ko‘prik qurildi. 

Uzunligi 19 km bo‘lgan ushbu ko‘prikda ham avtomobil, ham poyezd harakatlana oladi. Qrim ko‘prigi Rossiya qurgan eng uzunidir. Uning byudjeti 227 milliard rublni tashkil etdi. 2018 yilda avtomobil qatnov liniyasi ishga tushgan bo‘lsa, 2019-2020 yillarda poyezd qatnov liniyasi ham ochildi. 

Tarixan Qrim kimga tegishli bo‘lgan?

Rossiya tomoni boshqa hududlar bilan bo‘lgani kabi doim Qrim masalasining tarixiy omiliga e’tibor qaratib kelgan. Ularning iddao qilishicha, 1783 yilda Yekaterina II Qrimni Rossiya Imperiyasiga qo‘shib olgan va aynan ular yarimorolning eng yirik port-shahari Sevastopolga asos solgan. SSSR tashkil topganida ham Qrim Rossiya SFSRning tarkibida bo‘lgan. 

Biroq 1954 yilda SSSR rahbari Nikita Xrushev davrida ushbu orol Ukrainaga berildi. SSSR qulaganidan so‘ng tashkil topgan mustaqil respublikalar 1991 yilda bir-birining chegaralarini tan oldi.

2014 yilda Qrimning egallanishi bir qator xalqaro hujjutlarning buzilishi ham edi. Xususan, BMTning Nizomi, 1975 yilda imzolangan Xelsinki yakunlovchi akti, 1994 yilda imzolangan Ukraina xavfsizligining kafolati nomli Budapesht memorandumi hamda 1997 yilda Rossiya va Ukraina o‘rtasida imzolangan Do‘stlik va sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash mumkinki, dunyo hamjamiyati tan olmasada, mavjud qonunlarga zid bo‘lsada, Qrim mana 7 yildan beri Rossiya tarkibida qolmoqda. Bu bilan balki Rossiya qaysidir ma’noda strategik va geosiyosiy jihatdan muhim hududni o‘ziga qo‘shib olganini g‘alaba deb hisoblashi mumkin, lekin bu bilan raqiblari soni yana bittaga ko‘paydi, iqtisodiyoti hamda aholisi bundan jiddiy zarar ko‘rdi. Undan tashqari Qrim voqeasidan Rossiyaga qo‘shni bo‘lgan boshqa davlatlar ham o‘ziga yarasha xulosa chiqarib, sergak tortgan bo‘lsa ajab emas.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Putin Ukraina Qrim

Baholaganlar

958

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing