Ukraina Qishloq xo‘jaligi vaziri hibsga olindi
Olam
−
26 aprel
7598Ukraina sudi davlat yerlarini noqonuniy egallab olganlikda ayblanayotgan mamlakat Qishloq xo‘jaligi siyosati vaziri Nikolay Solskiyni hibsga olishga qaror qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Solskiy 12 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Vazir o‘z aybini tan olmagan.
Shu bilan birga, sud vazirdan 75,7 million grivna (1,9 million dollar) miqdorida garov undirgan.
Ta’kidlanishicha, gap 2017 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan vaqt, ya’ni Nikolay Solskiy 2022 yil mart oyida Qishloq xo‘jaligi siyosati vaziri lavozimiga tayinlanishidan oldin sodir bo‘lgan jinoyat haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.
Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, Solskiy 291 million grivna (7,35 million dollar) qiymatidagi davlat yerlarini noqonuniy ravishda egallab olgan va qiymati 190 million grivna (4,8 million dollar)ga teng yerni olishga uringan.
“Jinoiy sxema doirasida ikki davlat shirkatidan yerlar noqonuniy olib qo‘yilgan va urush qatnashchilariga ayrim xususiy firmalarga ijaraga berish sharti bilan berilgan”, deydi uning ishini olib borgan prokuror.
Nikolay Solskiy va uning advokati 25 aprel kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida unga bunday sxemadan foyda yo‘qligini aytgan.
Bir kun avval Ukraina Oliy Radasi spikeri Ruslan Stefanchuk Facebook'da Solskiy iste’foga chiqqanini ma’lum qilgan edi.
Iste’fo Ukraina parlamenti tomonidan tasdiqlanmaguncha, Solskiy rasman vazir lavozimida qoladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov pora olishda gumonlanib qo‘lga olingandi. Keyinchalik matbuotda uning poraxo‘rlikda emas, davlatga xiyonatda gumon qilinayotgani haqidagi mish-mishlar tarqaldi. Ayrim nashrlar Ivanovning hibsga olinishi ortidan Mudofaa vaziri Sergey Shoygu lavozimidan ajralishi mumkinligini yozdi. Kecha, 25 aprel kuni Ivanov ishiga aloqador uchinchi shaxs – "OlimpSitiStroy" kompaniyasi asoschisi Aleksandr Fomin qo‘lga olindi. U vazir o‘rinbosariga pora berganlikda ayblanib, hibsga olingan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi va Federal xavfsizlik xizmati xodimlari Moskva viloyati hukumati raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Svetlana Strigunkovani hibsga oldi. Amaldor bir oy oldin o‘z lavozimidan iste’foga chiqqan va hozirda u 150 million rubl miqdorida pora olganlikda gumon qilinmoqda.
Bundan tashqari, Moskvaning Tver tuman sudi Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirining sobiq o‘rinbosari Olga Yarilovani og‘ir oqibatlarga olib kelgan mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish (Jinoyat kodeksi 285-moddasi 3-qismi) aybi bilan 7 yilga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qildi.
LiveBarchasi