Zelenskiy Makron bilan Ukrainaga harbiy kontingent jo‘natish masalasini muhokama qildi
Olam
−
14 yanvar
1488Kecha, 13 yanvar kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat davomida Ukrainada “harbiy kontingent”ni joylashtirish g‘oyasi ham muhokama qilindi. Bu haqda Ukraina davlati rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u Makron bilan “tinchlikka erishish va Ukraina uchun samarali xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqishda asosiy ittifoqchilar bilan yaqindan hamkorlik qilishga” kelishib olgan.
"Ana shunday kafolatlardan biri Fransiyaning Ukrainaga harbiy kontingentlarni joylashtirish tashabbusi”, deb ta’kidladi Zelenskiy.
Biroq u gap jangovar bo‘linmalar yoki tinchlikparvar kuchlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi. Qayd etish joiz, Makron Ukrainaga G‘arb qo‘shinlarini yuborish g‘oyasini ilgari ham surgan, jumladan o‘tgan oyda u Polsha Bosh vaziri Donald Tusk bilan o‘t ochishni to‘xtatgan taqdirda u yerga tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish imkoniyatini muhokama qilgan.
Ukraina Prezidentining veb-saytida aytilishicha, Zelenskiy Makronga Kiyevning hozirgi mudofaa ehtiyojlari, jumladan, havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari va yuqori aniqlikdagi uzoq masofali qurollar haqida “ma’lumot bergan”. U, shuningdek, Fransiyaga Ukraina qurol-yarog‘ ishlab chiqarish va artilleriya snaryadlarini sotib olishni moliyalashtirishga qo‘shilish taklifini bildirgan.
Ta’kidlanishicha, davlat rahbarlari yaqin kelajakda uchrashishga kelishib olgan va “hamkorlar bilan adolatli tinchlikka erishish va samarali xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma qadamlarni muvofiqlashtirish maqsadida” turli darajadagi bir qator aloqalarni rejalashtirish bo‘yicha jamoalarga topshiriq bergan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Buyuk Britaniyaning sobiq mudofaa vazirlari Grant Shepps va Gevin Uilyamson mamlakatning “The Telegraph” nashriga bergan intervyusida harbiy harakatlar tugaganidan keyin qirollik Ukrainaga “tinchlikparvar qo‘shinlari”ni yuborishi kerakligini aytgandi.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar
Dollar kursi pastladi.
14 yanvar