Zelenskiy AQSH bilan metallar bo‘yicha kelishuvni imzolashdan bosh tortdi
Olam
−
15 fevral
10645Germaniyada davom etayotgan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida kecha, 14 fevral kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH bilan metallar bo‘yicha kelishuvni imzolashdan bosh tortdi. Bu haqda “The Washington Post” gazetasi sharhlovchisi Josh Rogin X sahifasida ma’lum qildi.
“Bu yerda, Myunxenda bir nechta qonunchilar menga AQSH Kongressi delegatsiyasi Zelenskiyga hujjat topshirganini aytishdi. Ular uni imzolashini istashgan va bu hujjat AQSHga Ukrainadagi kelajakdagi foydali qazilma zaxiralarining 50 foiziga egalik qilish huquqini berishi kerak edi. Zelenskiy uni xushmuomalalik bilan imzolashdan bosh tortdi”, deb yozdi Josh Rogin.
Keyinchalik, Rogin o‘z ma’lumotlariga aniqlik kiritdi. Unga ko‘ra, amerikalik qonunchilar bilan uchrashuvda Zelenskiy ularga ushbu hujjat haqida izoh bergan. Ko‘pchilik bu hujjat haqida hali bilmagan. Shuning uchun, Zelenskiy uni imzolay olmasligini aytgan, chunki u Ukrainaga hech qanday xavfsizlik kafolatlarini o‘z ichiga olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Donald Tramp agar AQSHga nodir yer metallar yetkazib berish va’da qilinsa, Ukrainaga yordam davom ettirilishini bildirgan edi.
Shuningdek, avvalroq Ukraina AQSHga mineral resurslarni yetkazib berish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuv bo‘yicha takliflarni taqdim etgandi. Kiyev AQSHning xavfsizlik kafolatlari doirasida o‘z tabiiy resurslarini Amerika sarmoyasi uchun ochish bo‘yicha kelishuv tuzishga tayyorligini ma’lum qilgan. Xususan, gap noyob yer minerallari: titan, uran va litiy haqida bormoqda.