Zaxarovaning bayonotlari ohangi ittifoqchilik tabiatiga zid – Qozog‘iston TIV

Olam

image

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova e’lon qilgan bayonotning ohangi teng huquqli strategik sheriklik xarakteriga mos emas. Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov Rossiya tomonning Ukraina elchisi haqidagi bayonotiga shunday munosabat bildirdi.

“Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning Ukraina elchisining Qozog‘istondan chiqarib yuborilishi haqidagi izohiga kelsak, shuni ta’kidlashni istardimki, uning bayonotlari ohangi, bizningcha, Qozog‘iston va Rossiyaning teng huquqli strategik sheriklar sifatidagi o‘zaro ittifoqchilik munosabatlarining tabiatiga mos kelmaydi.

Ma’lumki, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining janob Vrublevskiyning provokatsion xatti-harakati bo‘yicha prinsipial pozitsiyasi Ukraina tomoniga, shuningdek, jamoatchilikka yetkazilgan. Shuningdek, Ukraina tomoniga Pyotr Vrublevskiyning qozog‘istonliklarning, ayniqsa etnik ruslarning his-tuyg‘ularini ranjitgan bayonotlari qabul qilinishi mumkin emasligi haqida ma’lumot berildi. Ukraina tomoniga bu kabi bayonotlar elchi faoliyatiga mos emasligi ham aytib o‘tildi”, deydi Smadiyarov.

Uning aniqlik kiritishicha, Ukraina tomoni buni tushunish bilan qabul qilgan va Vrublevskiyni chaqirib olish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

“Ayni paytda Ukraina Tashqi ishlar vazirligidan Ostonaga yangi elchi tayinlash bo‘yicha so‘rov kelib tushgan. Shuni qayd etishni istardimki, biz Ukraina tomoni bilan bu masalada o‘zaro hamfikrlikka egamiz. Ukraina elchisi mamlakatimizda nomaqbul maqomga ega va Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi yoki boshqa davlat idoralarida uchrashuvlar rejalashtirilmagan”, deya aniqlik kiritgan Smadiyarov.

Shuningdek, u Zaxarovaning elchini jinoiy javobgarlikka tortish haqidagi chaqirig‘iga izoh berdi.

“Rossiya TIV vakili qanday jinoiy javobgarlik haqida gapirayotganini tushunmayapmiz, chunki Ukrainaning Qozog‘istondagi elchisi Vena konvensiyasiga ko‘ra, diplomatik daxlsizlikka ega”, deydi u.

Avvalroq Qozog‘istonning Moskvadagi elchisi Rossiya TIVga chaqirilgani va Ukraina elchisi Ostonaga qaytgani uchun norozilik bildirilgani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Mariya Zaxarova

Baholaganlar

216

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing