Zaxarova Ukraina va Finlyandiyaning NATOga intilishidagi farqni aytdi

Olam

image

Ukraina va Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lishga urinishida farqlar bor. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.

Bugun, 18 may kuni bo‘lib o‘tgan brifingda finlyandiyalik jurnalistning iltimosiga ko‘ra, Ukraina va Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga Rossiyaning yondashuvlari to‘g‘risida fikr bildirar ekan, diplomat “NATOning har qanday kengayishi global xalqaro nuqtai nazardan ta’sir va ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Zaxarova Ukrainaning NATOga a’zoligi va Finlyandiyaning tegishli blokka kirishi bilan bog‘liq ma’lum “vaziyatlarda farq” borligini ta’kidladi.

“Finlyandiyada [Ukrainaga o‘xshatib] juda ko‘p sonli millatchi batalonlar borligini bilmayman. [Yoki] Finlyandiyada Pentagonning o‘nlab biologik laboratoriyalari joylashgan bo‘lib, ularda xavfli patogenlar bilan tajribalar o‘tkazilganini [bilmayman]” deb davom etgan u.

Zaxarovaning ta’kidlashicha, Finlyandiyada Ukrainadan farqli o‘laroq, qurolli to‘qnashuv zonasiga shartnoma bo‘yicha va u siz ham qurol yetkazib berish kuzatilmayapti.

“Bu so‘nggi o‘n yillikdagi Ukraina va Finlyandiyani nima ajratib turishi haqida qisqa ta’rif. Vashingtonning qo‘pol aralashuvi tufayli Ukrainadagi vaziyat dramatik ssenariy bo‘yicha rivojlandi”, deya qo‘shimcha qilgan Zaxarova.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala davlatga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Erdo‘g‘an esa Turkiya ushbu ikki davlatning NATOga kirishiga yo‘l qo‘yib, Gretsiya bilan yo‘l qo‘ygan xatosini takrorlamasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Shvetsiya Finlyandiya

Baholaganlar

52

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing