Rossiyasiz Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuvini muhokama qilish xavfli – Mark Ryutte
Olam
−
17:55
1731Rossiyani muzokaralar stoliga qo‘ymasdan, Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuvlarini muhokama qilish katta xavf tug‘diradi. Bu haqda 11 dekabr kuni Bryusseldagi Carnegie Europe tahlil markazida bo‘lib o‘tgan munozara chog‘ida NATO Bosh kotibi Mark Ryutte so‘z ochdi.
“Bu yerda katta xavf bor: biz Vladimir Putinni muzokaralarga jalb qilmasdan, qanday tinchlik kelishuviga kelishimiz mumkinligi haqida o‘zaro gaplashyapmiz”, degan Ryutte.
Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO davlatlari orasida Ukraina mojarosini qanday yakunlash bo‘yicha ochiq muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda, hatto matbuotda ham.
NATO Bosh kotibi birinchi navbatda Ukraina front chizig‘ining Kiyev uchun noto‘g‘ri yo‘nalishda siljimasligini ta’minlash kerakligini ta’kidlagan.
“Front chizig‘i sharqqa emas, g‘arbga siljiyapti. Ukraina muzokaralarni o‘z hukumatining qarori bilan kuchli pozitsiyadan boshlashi kerak”, degan u.
Shuningdek, Ryutte asosiy savol, ehtimoliy kelishuvda kim g‘olib bo‘lishini aytgan: AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampmi yoki Rossiya rahbari Vladimir Putinmi?
"Agar g‘olib Putin bo‘lsa va kelishuv muvaffaqiyatsiz chiqsa, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin bunga diqqat bilan qarab, u ham Tayvan uchun harakat qila boshlaydi", deya taxmin qilgan Ryutte.
Bosh kotib ta’kidlashicha, Ukraina bo‘yicha kelishuv tuzilsa, u adolatli va barcha zarur elementlarni o‘z ichiga olishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Rossiya va Eron Suriyaning hokimiyatdan ag‘darilgan prezidenti Bashar Asad jinoyatlariga sherik ekani va rejimning qulashi ushbu ikki davlatning “ishonchsiz sheriklar” ekanini ko‘rsatganini aytgandi.
LiveBarchasi