Zaxarova Rossiyaning Ukrainadagi asl maqsadini ochiqladi

Olam

image

Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasidan maqsad qo‘g‘irchoq rejimni o‘z jinoyatlari, jumladan, Rossiya fuqarolariga nisbatan javobgarlikka tortishdir. Bu haqda bugun, 25 fevral kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi. 

Unga ko‘ra, maqsad – 2014 yilda konstitutsiyaga zid davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyatga kelgan Kiyev rejimi tomonidan sakkiz yil davomida zo‘ravonlik va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilishdan iborat 

"Operatsiyaning yana bir vazifasi – amaldagi rahbarlarni, qo‘g‘irchoq rejimni shu yillar davomida tinch aholiga, shu jumladan Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish, shuningdek, Ukrainani demilitarizatsiya va denasionalizatsiya qilish", degan Zaxarova.

Diplomatning ta’kidlashicha, Rossiya qurolli kuchlari operatsiya davomida shaharlarga zarba bermaydi va tinch aholiga ataylab xavf tug‘dirmaydi.  

“Ayni paytda Ukrainada olib borilayotgan maxsus harbiy operatsiya davomida Rossiya qurolli kuchlari mamlakat shaharlariga raketa, havo yoki artilleriya zarbalari bermayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Ukraina Qurolli Kuchlarining harbiy infratuzilmasi, havo hujumidan mudofaa inshootlari, harbiy aerodromlari va aviatsiyasi ishdan chiqarilmoqda. Hech kim tinch aholiga hech qanday xavf tug‘dirmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan u. 

Zaxarovaning aytshicha, sakkiz yil davomida Rossiya Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirgan.  

“Ukraina kelajagi,  uning birligi va Ukraina xalqining farovonligi uchun biz Kiyev hukumatini o‘z xalqiga qarshi jazo operatsiyasini to‘xtatishga,  Donbassdagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga undash uchun barcha sa’y-harakatlarimizni qildik”, deydi Zaxarova. 

TIV vakilining urg‘ulashicha, Ukraina oldida Donetsk va Lugansk bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish talabi mavjud bo‘lib, Hukumat buni bajarmagan. 

“Ukraina hukumati Ukraina qonunchiligiga muvofiq mahalliy saylovlarni o‘tkazish usullari va aslida ushbu hududlarning kelajakdagi rejimi haqida muloqot boshlashi kerak edi. Afsuski, bizni shunchaki e’tiborsiz qoldirishdi”, deydi vakil. 

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Mariya Zaxarova Ukrainaga bosqin Rossiya-Ukraina urush

Baholaganlar

490

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing