“Jurnalistika bilan shug‘ullaning”. Zaxarova yapon jurnalistlariga maslahat berdi
Olam
−
19:26 771 2 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova Saxalin viloyatida josuslikda gumon qilinib qo‘lga olingan Yaponiya muxbiri bilan bog‘liq vaziyatga izoh berar ekan, Rossiya Federatsiyasida akkreditatsiyadan o‘tgan yapon OAVlariga jurnalistika bilan shug‘ullanishni, bu faoliyatga mos kelmaydigan boshqa ishlar bilan band bo‘lmaslikni maslahat berdi. Bu haqda u bugun, 21 oktyabr kuni o‘tkazilgan brifingda yaponiyalik jurnalistning savoliga javoban so‘z ochdi.
Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Saxalin viloyatida Yaponiya maxsus xizmatlaridan birining manfaatlari yo‘lida josuslik qilishda gumonlanib, Yaponiyaning “Xokkaydo Simbun” gazetasi byurosi muxbiri qo‘lga olingan. Aniqlik kiritiliishicha, qo‘lga olingan yapon jurnalisti Yaponiya razvedkasi topshirig‘iga binoan Rossiyaning mudofaa qobiliyatiga oid ma’lumotlarni to‘plagan va saqlagan. Bu ma’lumotlar Rossiya Federatsiyasi xavfsizligiga qarshi foydalanish maqsadida topshirilishi kerak bo‘lgan.
“Biz yapon jurnalistlariga, boshqa jurnalistlar kabi ishlashlari hamda jurnalist maqomiga mos kelmaydigan faoliyat bilan shug‘ullanmasliklari uchun akkreditatsiya beramiz”, deydi Zaxarova brifing davomida Yaponiyaning “Mayniti Simbun” gazetasi jurnalisti savoliga javob berar ekan.
Uning aytishicha, ilgari yapon jurnalistlari brifing davomida doimo savollar bergan, shuningdek, intervyu olish uchun so‘rovlar yuborgan va reportajlar tayyorlagan, biroq keyinchalik bunday ishlarni bajarishni to‘xtatgan.
“Tokioning ko‘rsatmasi bilan bu faoliyat to‘xtatildi. Agar Yaponiyada sizlarni butunlay qo‘rqitib qo‘yishgan bo‘lsa, ko‘zingizni bir marta yumib oching. Tokio Rossiya bilan aloqalarning katta qismini rasman muzlatib qo‘ydi va sanksiyalar joriy etdi. Shunga qaramay, yapon jurnalistlari soni kamaymadi, ammo ular savol berishni to‘xtatdi. Shunda biz yapon jurnalistlari nima bilan shug‘ullanayotganini tushuna boshladik. Ular jurnalist maqomiga mos kelmaydigan faoliyat bilan shug‘ullanmoqda”, deydi Zaxarova.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada akkreditatsiyadan o‘tgan Yaponiyaning “Xokkaydo Simbun” gazetasi jurnalisti Imai Yuki Rossiya hududida razvedka faoliyatini olib borganlikda ayblanib, qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Jasmina Murtazoyeva
Live
Barchasi