Zaxarova AQSHdagi Rossiya viza markazlari yopilishiga javob qaytardi
Olam
−
22 iyun
19539Kreml Qo‘shma Shtatlardagi Rossiya viza markazlari yopilishiga nisbatan adekvat javob qaytaradi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibasi Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
Rossiya TIV rasmiy vakili, shuningdek, rus diplomatlarining AQSHda soliq imtiyozlaridan mahrum etilishiga javob berilishini ham ta’kidladi.
“AQSH ma’muriyati tomonidan shtatlardagi Rossiya viza markazlarining yopilishiga va diplomatlarimizni soliq imtiyozlaridan mahrum qilish harakatlariga qarshi, Moskva o‘ziga xos adekvat javob qaytaradi”, deydi Zaxarova.
Bugun, 22 iyun, kunning birinchi yarmida, Rossiyaning AQSHdagi elchisi Anatoliy Antonov AQSH Rossiya viza markazining filiallarini yopgani, bundan tashqari, rus diplomatlari soliq imtiyozlaridan mahrum qilinishi mumkinligi haqida ma’lum qildi. Rossiya elchisining ta’kidlashicha, bu Qo‘shma Shtatlar tomonidan Rossiya xalqi va diplomatlariga nisbatan uyushtirilgan navbatdagi “kichik va jirkanch hujum” bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, biroz avval AQSH rasmiylari Rossiya elchisi Anatoliy Antonovga mamlakatdagi Rossiya viza markazining Vashington va Nyu-Yorkda joylashgan filiallari yopilishi haqida xabar bergan. Elchi bu holatga izoh berar ekan, Qo‘shma Shtatlardagi Rossiya diplomatik vakolatxonalari atrofidagi vaziyat borgan sari yomonlashayotganini aytdi.