Yun Sok Yolni hibsga olish to‘xtatildi
Olam
−
03 yanvar
14488Bugun, 3 yanvar kuni Janubiy Koreya tergovchilari mamlakat tarixida birinchi marta prezident Yun Sok Yol qarorgohiga uni hibsga olish maqsadida yetib borgandi. Tergovchilar Yun Sok Yolni hibsga olish bo‘yicha bo‘lgan besh soatlik qarama-qarshilikdan so‘ng unga qarshi order ijrosini to‘xtatishga qaror qildi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
“Davom etayotgan qarama-qarshilik tufayli hibsga olish orderini bajarish deyarli imkonsiz bo‘lib qoldi. Ofitserlarning xavfsizligidan qo‘rqib, biz order ijrosini soat 13:30 da to‘xtatishga qaror qildik”, degan Markaziy razvedka boshqarmasi.
Ma’lum qilinishicha, tergovchilar ushbu masalani yig‘ilishda muhokama qilib, ko‘rib chiqqandan so‘ng, hozirgi sharoitda qanday davom etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Qayd etilishicha, departament xodimlari va politsiyadan iborat tergov guruhi qarorgohdagi ikkita kordon chizig‘ini buzib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.
“Biz qonunga muvofiq javob bermagan gumondor tomonning yondashuvidan qattiq xafa bo‘lganimizni bildiramiz”, deya qo‘shimcha qilgan departament.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 3 dekabr kuni kechqurun Yun Sok Yol harbiy holat e’lon qilgan edi. Ammo bu holat taxminan olti soatdan keyin bekor qilindi. Shundan so‘ng, joriy yilning 14 dekabr kuni Yun Sok Yolga nisbatan impichment e’lon qilindi. Oqibatda uning vakolatlari to‘xtatildi.
Birlashgan tergov guruhi 14 dekabr kuni parlamentda impichment e’lon qilinganidan keyin vakolatlari to‘xtatilgan Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olishga order berish uchun Seul sudiga murojaat qilgandi. Shundan so‘ng, Janubiy Koreya sudi tergovchilarning iltimosini qanoatlantirib, mamlakatning hokimiyatdan chetlatilgan prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olishga order bergandi.
LiveBarchasi