Yulduz Usmonova masalasi yopdi-yopdi bo‘ldi...mi? So‘z IIBB rasmiysi Sayfutdinovaga

Jamiyat

image

Joriy hafta boshidan buyon O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib turibdi. Sardoba va Buxorodagi ofat, barchani “uyga qamagan” koronavirus bir chetda qolib, Usmonovaning tillarga tushishiga xonandaning ichki ishlar xodimlarini keskin tanqid qilib, haqoratomuz videomurojaat qilgani sabab bo‘ldi. 

Usmonovaning videosi internetda tarqalgach, IIV, Madaniyat vazirligi va “ha” deganda san’atkorlarning litsenziyasini olib qo‘yadigan “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi unga munosabat bildirdi. IIV holat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilishini ma’lum qilgan bo‘lsa, Madaniyat vazirligi “qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi” qabilida ish tutib, tanbeh bilan cheklandi. “O‘zbekkonsert” esa xalq artistining odob-ahloqi masalasi Madaniyat vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashida ko‘rilishini ma’lum qildi. Kecha esa Yulduz Usmonova Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning “kabineti”dan uzr yo‘lladi. 

Voqealar rivojini kuzatib kelayotgan QALAMPIR.UZ hodisa tafsilotlarini yanada batafsilroq o‘rganish uchun Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Matbuot kotibi Irina Sayfutdinova bilan suhbatlashdi. U bizga haqoratli videogacha bo‘lgan ishlarni so‘zlab berdi.

“2 may kuni Mirzo Ulug‘bek tumanining Sadaf ko‘chasida odamlar to‘plana boshlagach, dastlab profilaktika inspektori borgan. U yerda, shunchaki, Sirdaryo viloyatida toshqindan zarar ko‘rganlarga yordam yig‘ilayotganini ko‘rgach, inspektor ikki nafar Post-patrul xizmati xodimlarini chaqirgan. Ular yuklarni ortishga yordamlashgan, keyin esa Yo‘l-patrul xizmati mayorini chaqirishgan. Mayor ularni sirdaryoliklar uchun markazlashgan tarzda yordam yig‘ilayotgan “Turkiston” san’at saroyigacha kuzatib borgan. Bu haqda avval e’lon qilingandi. Shaxsan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida e’lon qilgandi”, dedi Irina Sayfutdinova.

IIBB vakili markazlashgan yordam yig‘ish punktlari nega tashkil etilganiga to‘xtalib o‘tdi. U karantin sharoitidan kelib chiqib, yig‘ilayotgan buyumlarni dezinfeksiya qilish kerakligi va uni Sirdaryoga yetkazishni muammosiz hal qilish uchun shunday punktlar ishga tushirilganini qayd etdi. 

“Ertasi kuni YPX mayoriga Yulduz Usmonovaning yordamchisi qo‘ng‘iroq qilgan va undan yordamga kelishini so‘ragan. Mayor kelgan, yuklar yuklangan. Ammo vaqt ancha kech bo‘lgan, aniq aytishim mumkin soat 00:00 dan keyin. Dastlab gap yig‘ilgan yordam yukini “Turkiston” san’at saroyigacha kuzatib borish haqida ketgan. Ammo u yerda yordamchilar mayordan yuk mashinasini to Sirdaryo viloyatigacha kuzatib borishni so‘rab turib olgan”, dedi Sayfutdinova.

U so‘zida davom etib, PPX va YPX xodimlari o‘zi javobgar bo‘lgan hududni tashlab ketolmasligi va qattiq nazorat olib borish uchun ularning avtomobiliga GPS kuzatuv uskunasi o‘rnatilganini aytib o‘tdi. Bu o‘z navbatida biror hodisa yuz bersa PPX yoki YPX xodimlarini tezkorlik bilan voqea joyiga yo‘naltirish uchun ham kerakligini qo‘shimcha qildi.

“Ular o‘zlariga biriktirilgan hududni tark eta olmaydi. PPX yoki YPX xodimi Yunusobod tumanidan Mirzo Ulug‘bekka o‘tishga haqi yo‘q. Shahar hududini tark etish haqida esa gap bo‘lishi ham mumkin emas. Bu taqiqlangan.

Vazirlar Mahkamasining 2011 yil dekabr oyida qabul qilingan qarorida xavfsizlik nuqtai nazaridan kechki vaqtda yuk mashinalarining yuki bilan harakatlanishi qat’iyan man qilingani aniq ko‘rsatilgan. Shuning uchun mayor holatni tushuntirishga harakat qilgan”, deydi Irina Sayfutdinova.

U ichki ishlar xodimlarining ish vaqtida uxlagani va bekor yurgani haqidagi gaplar asossiz ekanini qayd etdi. Sayfutdinova shu o‘rinda IIV xodimlari karantin sabab kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tgani va sutkasiga 12 soatlab ishlashiga to‘g‘ri kelayotganini aytib o‘tdi. Profilaktika inspektori ham (aynan o‘sha mahalladagi) undan oldingi kun hududida bir odam vafot etgani, shu masala bilan shug‘ullanib, uyiga juda kech qaytganini qo‘shimcha qildi.

Irina Sayfutdinova Usmonovaning aytganlarini so‘z erkinligi deb baholanishi masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“So‘z erkinligi bu boshqa odamlarning shaxsiyati va huquqlarini poymol qilmagan holda fikr bildirish ekanini bilamiz-ku. So‘z erkinligi bizda ham bor. Ammo bu odamlarga “eng yoqimli” gaplarimizni aytishimiz mumkin degani emas-ku. Bo‘lgan voqeani baholashga kelsak, vaqt hamma narsani o‘z joyiga qo‘yadi. Xalq o‘z bahosini beradi. Hodisadan keyin bizga odamlardan ko‘plab izohlar kelyapti va ular bizni qo‘llab-quvvatlayapti”, deydi IIBB voizi.

Sayfutdinova ichki ishlar tizimida ham nomunosib xodimlar borligini tan olib, ular haqida ham ma’lumotlar berib borilayotganini, xodimlar ham jarimaga tortilayotganini aytib o‘tdi.

“Tanqid bizni rivojlanishimizga yordam beradi. Biroq tanqid asosli bo‘lishi kerak”, deydi u.

Yulduz Usmonovaga nisbatan ochilgan ma’muriy ish materiallari sudda ko‘rib chiqilishi aytilib, keyin sud bo‘lmay qolganini hisobga olib, Sayfutdinovadan odatda bunday ishlar qancha vaqtda sudga yuborilishi haqida so‘raganimizda, u kamida 10 kunda jo‘natilishini aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, IIV tomonidan joriy yilning 5 may kuni ma’muriy ishlar bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida Yulduz Usmonovaga nisbatan ochilgan ish ko‘rib chiqilishi aytilib, OAV vakillari to‘plangandi. Biroq sud bo‘lmadi, ayblanuvchi sudda ko‘rinish bergani ham yo‘q. Oliy sud holatga izoh berib, ish materiallari hali yetib kelmaganini ma’lum qildi.

Voqealar xronologiyasi

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova 3 may kuni Instagram'dagi sahifasidagi jonli efirda Ichki ishlar xodimlarini ishlamayotganga chiqarib, ular bugun marhum Birinchi Prezident Islom Karimov davrida yashamayotgani, har kuni klizma olishga o‘rganib qolganini aytgandi. Xonanda efirda "Padarla’anati bo‘ldilaring bugun" degan so‘zlarni qo‘llagan edi. Ushbu video jamoatchilikning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Avvaliga Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi. Bu orada Yulduz Usmonova Ichki ishlar xodimlaridan uzr so‘radi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi esa keskin bayonot bilan chiqdi. Usmonovaning harakatlari ustidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari boshlangani ma’lum qilindi. IIV Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov esa Yulduz Usmonovaning ruhiy sog‘lomligiga shubha bilan qarayotganini aytdi.

So‘ng "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi xonandaning xatti-harakatlari Madaniyat vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashida muhokama qilinishi aytib chiqdi. Ammo, bu masalaga qaytilmadi.

IIV 5 may kuni Yulduz Usmonova ishi bo‘yicha sud bo‘lib o‘tishini ma’lum qilib, OAVni Ma’muriy ishlar bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga taklif qildi. Ammo sud bo‘lmadi.

Mamlakatda bo‘lib o‘tgan voqealar esa Turkiya matbuotigacha yetib bordi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi esa Usmonovaning sudi nega o‘tmaganini ochiqladi.

Usmonova 7 may oqshomida yana bir bor Ichki ishlar xodimlari va ularning ota-onalaridan uzr so‘rab chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

IIBB Yulduz Usmonova Irini Sayfutdinova

Baholaganlar

3350

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing