“Yuh sizlarga“ – Madaniyat vazirligi Yulduz Usmonovaning ”zapret"ini xaspo‘shlashga urinyapti

Madaniyat-san’at

image

Bundan bir necha kun avval, QALAMPIR.UZ ishonchli manbalariga asoslangan holda O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlari va kliplariga mamlakatdagi barcha nodavlat telekanallarda taqiq o‘rnatilgani haqida xabar bergan edi. Bu vaqt oralig‘ida xonandaning qo‘shiqlari va kliplari efir yuzini ko‘rgani yo‘q. 

Bugun, 15 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Yulduz Usmonovaning litsenziyasi olinmaganini aytib, uning navbatdagi “zapret”ini xaspo‘lashga urindi. Vazirlik Matbuot xizmatining Telegram’dagi sahifasida tarqatgan xabarida shunday deyiladi: 

“Internet va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning litsenziyasi bekor qilinganligi hamda xonanda ijrosidagi qo‘shiqlar telekanalar efirlaridan olib tashlanganligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Axborot xizmati  ushbu xabarlar asossiz ekanligini ta’kidlaydi. Yulduz Usmonova o‘z faoliyatini davom ettirmoqda va uning ijodiy faoliyatida hech qanday cheklovlar o‘rnatilmagan”.

QALAMPIR.UZ tomonidan tarqatilgan xabarda Usmonovaning qo‘shiqlari va kliplariga o‘rnatilgan navbatdagi taqiq norasmiy ekani aytilgan edi. Unda tahririyat “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi sobiq direktori Odiljon Abduqahhorov bilan muloqot qilgani, mas’ul Usmonovaning litsenziyasi olinmaganini aytgani bayon qilingandi. Oradan 17 kun o‘tib, Madaniyat vazirligining bu masalaga e’tibor qaratishi biroz g‘alati emasmi? Yo vazirlik mavjud taqiqning olib tashlanishiga nisbatan shu yo‘l bilan kurashmoqchimi? Va bunda xonandaning litsenziyasi ro‘kach qilinishi esa savodsizlikning o‘zginasi. Chunki, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan xonandalarga taqdim etiluvchi litsenziya qonunan xonandaning konsert-tomosha faoliyatini tashkil etishi uchun beriladi. Tashkilot mamlakatda xonandalar ustidan “zapret” o‘rnatish borasida vakolatli organ emas. Litsenziya esa san’atkorlarning daromad olishi, soliq to‘lashini belgilovchi hujjat. U na telekanalga chiqish huquqini beradi, na undan mosuvo qiladi. Buni esa birinchi navbatda Yulduz Usmonova himoyasiga otlangan navkarlar – Madaniyat vazirligidagilar bilishi kerak emasmi?

Gap kelganda shuni ham eslatib o‘tish o‘rinliki, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov davrida 11 yil “zapret”da bo‘lgan Yulduz Usmonovaning o‘sha vaqtlarda ham litsenziyasi bo‘lgan. U vaqtlarda ham o‘sha bir parcha qog‘oz unga konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish vakolatini bergan. Ammo “zapret” narasmiy ravishda o‘rnatilgan. Shuning ortidan xonanda 11 yil o‘zbek mediasidan uzoqda bo‘ldi. 

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, Yulduz Usmonova Ichki ishlar organlari xodimlariga yo‘llagan haqoratli videomurojaatidan keyin ikkinchi uzirini O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning xonasida so‘ragan edi. Balki, bo‘lib o‘tgan voqealarni unutish va unuttirishda barcha mas’uliyatni Madaniyat vazirligi gardaniga olgandir...

Yulduz Usmonova mojarosi qanday boshlanib, qanday yakun topdi? 

4 may tongida internetning o‘zbek segmenti O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning g‘azab va nafrat to‘la murojaatidan karaxt bo‘lib qoldi. Xonandaning bu g‘azabi bir yo ikki shaxsga emas butun boshli mamlakat Ichki ishlar tizimi xodimlariga qaratilgandi.

“Aslo rozi emasman. Xalq eshitsin. Yurt-olam eshitsin. Militsiya absolyutno ne rabotayet. Hozir Karimov davrida yashamayapsizlar klizma olgani, shunchalik ham klizmaga o‘rganib qolasizlarmi?”, degan Usmonova hissiyotga berilib.

U so‘zida davom etarkan, qo‘l soatiga ishora qilib xodimlar uxlab yotganini aytadi. 

“Uyat bormi, vijdon bormi? Xalqni “nalog”idan oylik olyapsanlar, nima qilyapsanlar? Bittangni topib bo‘lmayapti, hammang uxlab yotibsan”, deydi Yulduz Usmonova.

Video so‘ngida Yulduz Usmonova Ichki ishlar xodimlari xalq mehrini mehnat bilan qozonishi kerakligini aytib, jurnalistlardan ushbu voqealarni nashrlarda e’lon qilishni so‘ragan.

Madaniyat xodimining ijtimoiy tarmoqdagi jonli efirda Ichki ishlar xodimlariga qarata “Padarla’anati bo‘ldilaring bugun”, kabi so‘zlarni aytishi jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Usmonovaning “qaynoq” chiqishiga dastlab Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi. Ko‘p o‘tmay, Usmonova Ichki ishlar xodimlaridan kechirim so‘radi.

O‘z xodimlariga nojo‘ya gap aytgan yoki ularga nisbatan ortiqcha harakat qilganlarga tezda chora ko‘rib, “kavushini to‘g‘rilab qo‘yadigan” Ichki ishlar vazirligi keskin bayonot bilan chiqdi. Usmonovaning harakatlari ustidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari boshlangani ma’lum qilindi. IIV Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov esa Yulduz Usmonovaning ruhiy sog‘lomligini shubha ostiga oldi.

Bunday keskin munosabatdan keyin barcha “endi Yulduz Usmonova ham jazosini olarkan-da” deb adolat qaror topishini kuta boshladi.

So‘ng “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonandaning xatti-harakatlari Madaniyat vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashida muhokama qilinishi aytib chiqdi. Ammo, bu masalaga qaytilmadi. Boshqalarning litsenziyasini olib qo‘yishga usta bo‘lgan “O‘zbekkonsert”ning Yulduzga "tishi" o‘tmadi. Mana, sizga ijtimoiy tenglik.

IIV 5 may kuni Yulduz Usmonova ishi bo‘yicha sud bo‘lib o‘tishini ma’lum qilib, OAVni Ma’muriy ishlar bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga taklif qildi. Ammo sud bo‘lmadi.

Mamlakatda bo‘lib o‘tgan voqealar esa Turkiya matbuotigacha yetib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi esa Usmonovaning hujjatlari sudga yetib kelmagani sababli mahkama majlisi o‘tkazilmaganini ma’lum qildi.

Usmonova 7 may kuni Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning kabinetidan turib yana bir bor Ichki ishlar xodimlari va ularning ota-onalaridan uzr so‘rab chiqdi.

May oyi oxirida esa O‘zbekistondagi barcha telekanallarda Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlariga va kliplariga taqiq o‘rnatildi.

Oradang bir oydan ortiq vaqt o‘tib, IIV rasmiysi Yulduz Usmonova masalasi yopilganini aytib chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

Yulduz Usmonova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing