Yil kashfiyoti – Jo‘loniy
Tahlil
−
26 dekabr
5893Yarim asrdan ko‘proq davom etgan repressiv Asadlar rejimi so‘nggi yillarda Eron va Rossiyaning manfaatli yordami evaziga jon saqlayotgandi. Ammo Rossiya va Eron o‘z mintaqalarida juda uzoq va og‘ir yo‘qotishlar bilan davom etgan mojarolarda ancha kuchsizlangani Asadni qutqaruv yostiqlaridan mahrum qildi. Rossiya Ukraina bilan, Eron esa o‘zining proksi guruhlari orqali Isroil bilan ovoraligi rejimga qarshi kuchlarga juda qulay vaqt va imkoniyat taqdim qildi.
Suriyadagi eng kuchli qurolli guruh bo‘lgan “Hayat Tahrir ash-Shom”ga Asadni qulatish uchun atigi 10 kun yetarli bo‘ldi. Asosan 27 noyabrda boshlangan qo‘zg‘alish 8 dekabr kuni Jo‘loniy boshchiligidagi kuchlar Damashqqa yetib kelishi bilan nihoyalandi. 2013 yildan boshlab katta sahnaga chiqqan, dastlab butun dunyo ko‘z o‘ngida o‘z qarashlari va harakatlari bilan terrorchi sifatida gavdalangan Jo‘loniy darhol diplomatik etiketdan xabardor, tashqi dunyoga ochiq va ma’lum darajada liberal siyosatchiga aylandi.
Albatta, uning o‘zini bunday tutishi kecha yo bugun paydo bo‘lib qolmagan. Jo‘loniy G‘arb va liberal siyosiy markazlar ko‘z o‘ngida ijobiy obrazda ko‘rinish uchun klassik uslubdan vaqti-vaqti bilan foydalanib turgan. Endi esa u doim kostyum-shimda, soqoli va soch turmagi tartibli rahbarga aylandi. Qonuniy va xalqaro huquqning to‘laqonli a’zosi bo‘lgan davlat rahbari sifatidagi siyosiy faoliyati esa hali boshlangunicha yo‘q. Ammo Suriyaning ayni damdagi de-fakto yangi rahbariga aylangan 42 yoshli Jo‘loniy kelgusida mamlakat prezidentiga aylanmasligiga hozircha biron-bir aytarli asos yo‘q. 2024 yil oxirlab borar ekan, insoniyat yil davomida juda ko‘plab siyosiy jarayonlar va keskin konfliktlar guvohi bo‘ldi.
Umuman olganda, 2024 yil qirg‘inlar va murosasiz siyosiy kurashlar yili bo‘ldi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Ammo siyosatdagi individlarga alohida to‘xtaladigan bo‘lsak, ortda qolayotgan yilning eng so‘nggi oyida siyosiy maydonga otilib chiqqan Jo‘loniyni bemalol yil kashfiyoti deb nomlasak bo‘ladi. Quyida uning Suriyadagi bugungi o‘rni va ahamiyati, 20 kunlik yangi rahbar qanday faoliyat olib borayotgani haqida so‘z yuritiladi.
Dunyo uni tan olyapti
Jo‘loniy boshchiligidagi kuchlar Asadni qulatgandan so‘ng tashqi dunyoda Suriya bilan muloqot o‘rnatish uchun undan boshqa variant yo‘q. Shunday ekan, to‘ntarishdan ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i roppa-rosa 10 kundan so‘ng aksar dunyo davlatlari o‘zlari tomonidan terrorchi deb e’lon qilgan shaxs bilan birin-ketin muzokaralarga ochila boshladi. 16 dekabr kuni “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi yetakchisi Britaniya vakillari bilan uchrashib, Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi. Bundan tashqari, o‘zaro uchrashuvda suriyalik qochqinlarni o‘z uyiga qaytarish ham muhokama qilindi. U britaniyalik diplomatlar bilan uchrashuv o‘tkazganidan so‘ng, Fransiya va Germaniya vakillari bilan ham uchrashishni rejalashtirgani ma’lum qilindi va G‘arbning boshqa mamlakatlari bilan ham hamkorlikka tayyorligini bildirgan.
Oradan bir kun o‘tib, 17 dekabrda BMTning gumanitar masalalar bo‘yicha bosh kotibi o‘rinbosari Tom Fletcher Damashqda Suriyaning yangi rahbarlari bilan uchrashdi. Ahamiyatlisi shundaki, BMT vakili mazkur uchrashuvdan keyin g‘oyat “ilhomlanganini” va “hayot uchun zarur bo‘lgan gumanitar yordam ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirish uchun asos borligini” ta’kidladi. Bu orada esa Yevropa Ittifoqi Suriyaning yangi rasmiylari bilan aloqalarni davom ettirish uchun Damashqdagi diplomatik vakolatxonasini qayta ochishi ham xabar qilindi. 17 dekabrning o‘zida Damashqdagi nemis diplomatlari ham ilk bor Jo‘loniy bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatdi. Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Suriyaning yangi yetakchisi bilan aloqalarni o‘rnatish uchun tajribali diplomatni Damashqqa yuborgani haqida xabar berildi. BMT Bosh kotibining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Geyr Pedersen ham Jo‘loniy bilan muzokaralar olib borgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, Jo‘loniy bilan shaxsan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham tez orada, taxminan kelasi ikki hafta ichida uchrashishi haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarga ko‘ra, Damashqda Erdo‘g‘an va Suriyaning yangi rahbariyati bilan bo‘lajak uchrashuvi uchun ancha jiddiy tashkilotchilik ishlari rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, Erdo‘g‘anning Suriyaga parvozi davomida favqulodda havo yo‘lagi yaratiladi va Hama, Homs va Idlib chizig‘i bo‘ylab “yerusti qalqoni” tashkil qilinadi. Bu hududlarda turk radar tizimlari faollashtiriladi. OAVda tarqalgan bu xabarning tasdig‘i o‘laroq Turkiyaning Damashqdagi vaqtinchalik ishlar vakili Burhon Kero‘g‘li 22 dekabrda Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidanning Damashqqa tashrifidan so‘ng prezident Erdo‘g‘an ham bu yerga kelishni o‘ylayotganini aytdi.
Suriyadagi hokimiyat almashinuvida asosiy ishtirokchi sifatida ko‘rilgan Erdo‘g‘an mamlakatga tashrif buyurishi haqidagi gap-so‘zlar tarqalganda Qo‘shma Shtatlarning uch nafar yuqori martabali diplomati Damashqqa kelib ulgurdi. Bu so‘nggi 12 yilda AQSH rasmiylarining Shomga qilgan birinchi tashrifi bo‘ldi. Bu paytgacha Suriyaga kelib ketgan qator G‘arb davlatlarining diplomatlari faqat aloqalarni tiklash, qochqinlar masalasi va boshqa umumiy masalalar muhokamasi uchun tashrif buyurdi. Ammo okean ortidan kelganlarda bu topshiriqlardan tashqari ba’zi spetsifik manfaatlar ham borligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, Davlat departamenti bayonotiga ko‘ra, diplomatlar AQSHning Suriyadagi elchixonasini ochish imkoniyatlarini baholashi kerak va bundan tashqari, tashrifning asosiy maqsadlari sirasiga 12 yil oldin Suriyada g‘oyib bo‘lgan amerikalik jurnalist Ostin Tays hamda terapevt Majd Kamalmazning qayerdaligini aniqlashi lozim edi. Amerikalik jurnalist Ostin Tays 12 yil oldin Damashq yaqinida o‘g‘irlab ketilgan, terapevt Kamalmaz esa 2017 yilda g‘oyib bo‘lgan. Ma’lumot o‘rnida shuni qayd etish joizki, fuqarolar urushi boshlangandan to Asad ag‘darilgan bugungi kungacha Suriyaning rasmiy hokimiyati qo‘l ostida bo‘lgan hududlarda g‘oyib bo‘lganlarni ko‘p holatlarda ikki manzildan topish mumkin. Bular Damashq yaqinidagi “insonlarni so‘yish uchun mo‘ljallangan kushxona” deb nom olgan Seydnaya qamoqxonasi va Asad rejimiga qarshilik qilgan 100 minglab insonlar ko‘mib yuborilgan ommaviy qabrlardir.
Shunday qilib, asl ismi Ahmad ash-Shara bo‘lgan Jo‘loniy va uning atrofidagilar uchun barchasi juda tez va silliq boshlandi. Bunga ko‘p ehtimol u boshchiligidagi kuchlar hokimiyat tepasiga kelganda ular haqidagi aksar salbiy taxminlarni hech bo‘lmasa og‘zaki tarzda yo‘qqa chiqargani va ba’zi liberal xatti-harakatlarga ishora qilgani tufayli erishildi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qisqa qilib aytganda, Jo‘loniy radikalizm va konservatizmdan masofa saqlayotgani tufayli dunyo hukumatlari ko‘z o‘ngida ancha jozibali ko‘ringani ehtimoldan holi emas.
Mossad yoki Anqara. Jo‘loniyning ortida kim turibdi?
Jo‘loniy katta-katta sahnaga chiqqach, uning o‘tmishi, faoliyati hamda shakllanish bosqichlarini Isroil razvedka agentligi – Mossad bilan bog‘laganlar ham bo‘ldi. Bunday da’voni livanlik ekspert Ali Hamiy Suriyada Asad hokimiyati iplari uzilay degan paytda Yamanning “Al-Masirah” telekanaliga bergan intervyusida ilgari surdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Jo‘loniy – Isroil kashfiyoti va bolaligida isroilliklar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan. U Mossad qo‘l ostida tarbiyalangan va keyinchalik Suriyaga jo‘natilgan. Hamiy bu vaqtda Jo‘loniy xuddi AQSH qamoqxonasida saqlanayotgandek ko‘rsatilgani, ammo u aslida Iroqda Mossad nazoratida mashg‘ulot o‘tkazganini aytdi. Bugun Jo‘loniy va Isroil o‘rtasida sodir bo‘layotgan voqeliklar livanlik tadqiqotchining iddaolarini biroz bo‘lsa-da tasdiqlashi mumkin. Jumladan, Asad ag‘darilganidan so‘ng Isroil Suriya bilan chegaradagi bufer zonaga o‘zining bosqinchilik uslubida kirib kelganda Jo‘loniy tomonidan jiddiy reaksiya bildirilmadi. Ammo bu asos uning Mossad ixtirosi va Tel-Avivdagi rejimga xizmat qiladi degan da’volar uchun yetarli emas. Aksincha, uning so‘zlari haqiqatdan yiroqligiga ishora qiluvchi ko‘plab faktlar mavjud.
Birinchidan, Jo‘loniy o‘z vaqtida AQSH tomonidan qo‘lga olingani va 5 yil davomida hibsda saqlangani bor gap. Ammo bu voqea 2006 yilda, Jo‘loniy 24 yoshga to‘lganda sodir bo‘lgan. 24 yoshda esa erkak jinsidagi shaxs bola emas, balki shaxs bo‘lib yetishadi.
Ikkinchidan, bunday iddaoni ilgari surayotgan ekspertning shaxsiyati va u chiqish qilgan manba bu yerda bir qator shubhalarni uyg‘otmay qolmaydi. Xususan, Ali Hamiyning Jo‘loniy haqidagi fikrlari yoritilgan Yamanning “Al-Masirah” telekanali mamlakat hududida faoliyat yuritadigan Eronga qarashli proksi guruh – husiylarning targ‘ibot-tashviqot kanali hisoblanadi. Eron tomonidan ta’minlanadigan guruhga qarashli telekanali va Tehron ta’siri g‘oyatda kuchli bo‘lgan Livandagi siyosiy ekspertlar Jo‘loniyning hokimiyat tepasiga kelishiga shunday munosabat bildirishi tabiiy. Chunki rasmiy Tehron bundan 25 kun ilgari Jo‘loniy boshchiligidagi qurolli kuchlarga qarshi jang qilishga tayyor edi va ular mamlakatni Rossiya va Eron manfaatlariga bo‘lib bergan Asadning qulashidan xursand emas.
Shunday ekan, Suriyaning yangi rahbariyati va Mossad o‘rtasidagi ehtimoliy yashirin bog‘liqlikni chetga surgan holda, bugun unga kuratorlik qilayotgan mintaqadagi asosiy kuch – Turkiya variantiga to‘xtalish to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki bu uchun yetarlicha asoslar mavjud. Masalan, Jo‘loniy boshchiligidagi “Hayat Tahrir ash-Shom” Asad rejimini “Suriya milliy armiyasi” nomli muxolif guruh yordami bilan qulatdi. Bu guruh esa Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ko‘pchilikka sir emas. Bundan tashqari, muxolif kuchlar Halabni egallab, Homs va Hamani qulatish arafasida Erdo‘g‘an ushbu qurolli guruhlar o‘z maqsadlariga yetishiga “tilak” bildirib, Asad hokimiyatining yo‘q qilinishiga xayrixoh ekanini yashirib o‘tirmadi. U juda ko‘p marotaba Damashq bilan aloqalarni tiklashga intilgani, biroq bu Asad tomonidan doim rad qilinganini eslatdi. Ortda qolgan 3 yil davomida rasmiy Anqara Damashqqa bir necha bor munosabatlarni normallashtirish taklifi bilan chiqqani rost. Hatto yaqin-yaqingacha Erdo‘g‘anning o‘zi ham Asadga bu haqda to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaatlar yo‘lladi. Chunki Turkiya uchun fuqarolar urushi davrida Suriyadan oqib kelgan 3,6 million qochqinni o‘z uyiga qaytarish dolzarb vazifaga aylangan. Bunday miqdordagi qochqinlar oqimi Turkiya iqtisodiyotiga og‘ir yuk bo‘layotgani ko‘pdan beri aytib kelinadi. Bundan tashqari, Suriya shimoli-sharqidagi kurd terrorchilari Turkiya uchun strategik xavf bo‘lib, Anqara ularni yo‘q qilish uchun 8 yildan buyon bu hududlarda vaqti-vaqti bilan harbiy operatsiyalar olib boradi. Shuning uchun eng ustuvor masalalar qatorida Turkiya Suriya bilan aloqalarni normallashtirishi lozim edi.
Biroq Suriyada 2016 yildan so‘ng Turkiya harbiy kontingenti faollashgani va u tomonidan Suriyaning shimoli egallab olingani bois Asad muzokaralarni bloklab kelayotgandi. Qisqa qilib, Erdo‘g‘an ta’biri bilan aytganda, u Suriyaning taqdirini birga belgilashni taklif qildi, ammo Asaddan ijobiy javob olmadi. Asad uchun uning bu qarori fatal oqibatlar bilan yakunlandi. Bugun esa Golan tepaliklarida bosqinchilik amaliyotlarini o‘tkazayotgan Netanyaxu rejimini inobatga olmaganda, Suriyadagi eng faol tashqi kuch bu – Turkiya. Mamlakatning yangi konstitutsiyasi, yangi hukumatni shakllantirish, armiyani qaytadan tashkil qilish, xullas har bir jabhada Turkiyaning ishtiroki borligi haqida xabarlar tez-tez quloqqa chalinmoqda. Mamlakat esa Turkiya modelida qayta qurilishi tobora oydinlashyapti. Xususan, Turkiya gazetasining xabar berishicha, rasmiy Anqara Suriyaning yangi hukumatiga 300 ming kishilik muntazam armiya tuzishda yordam beradi va bu jarayonda turkiyalik harbiy maslahatchilar va mutaxassislar ishtirok etadi.
Suriya yangi rahbariyati vakili general Ahmad Usmon bir yoki bir yarim yil ichida 300 ming kishilik armiya yaratish maqsad qilingani, bu mamlakat ichidagi qiyin vaziyat va Isroil tahdidi tufayli zaruratga aylanganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki bosqichda 70-80 ming kishilik Suriya armiyasi yadrosi shakllantiriladi va ularning soni eng qisqa vaqt ichida 150-200 mingga yetadi. Bu armiyaga Idlibdan “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhining 50 ming askari, shuningdek, sobiq prezident Bashar Asad rejimi tomonidan qilingan jinoyatlarga aloqador bo‘lmagan harbiy va razvedka zobitlari kiritiladi. Ahmad Usmon bu vazifani bajarishda Turkiyaning harbiy yordami alohida ahamiyatga egaligini ta’kidlagan holda Turkiya harbiy kontingenti Suriyadagi beshta hayotiy muhim hududga joylashtirilishini ham qo‘shimcha qilgan.
Jo‘loniy davridagi o‘zgarishlar va uning va’dalari
Jo‘loniy hokimiyat jilovini o‘z qo‘liga olarkan, dunyo hamjamiyatiga Suriya ikkinchi Afg‘onistonga aylanmasligini ma’lum qildi. U BBC nashriga bergan intervyusida mamlakat urushdan charchagani va o‘zining qo‘shnilariga ham, G‘arbga ham tahdid solmasligini aytib, Suriyaga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlashni so‘radi. Bu intervyuda Jo‘loniy tashqi dunyo nazdida yanada murosali va liberal yetakchi bo‘lib ko‘ringan bo‘lsa ajab emas. Chunki BBC bilan suhbat tafsilotlari shuni ko‘rsatadiki, Al-Qoidaning sobiq jangarisi oradan yillar o‘tib siyosiy maydonda toblangan, hozirjavob va kerakli paytda savollarga yaxshigina chap bera oladigan siyosatchiga aylantirgan. U OAVning savollariga G‘arb dunyosi, inson huquqlari tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar eshitishni xohlaydigan javoblarni berib kelmoqda. Xususan, u Suriyaning kelajakdagi taqdiri Afg‘onistonni takrorlashi mumkinligi haqidagi taxminlarni rad etib, bu ikki mamlakat juda farqli va turli an’analarga ega ekanini ta’kidladi. U hatto Afg‘onistonni qabila jamiyati deb nomladi. Suriyada esa, Al-Jo‘loniyga ko‘ra, boshqacha mentalitet mavjud. Buning isboti o‘laroq, Jo‘loniy ayollar ta’limi juda muhim ekaniga ishonishini ta’kidladi. Ko‘pchilikka ma’lumki, “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi uzoq yillar davomida, aniqrog‘i 8 yildan buyon Suriya shimoli-g‘arbidagi Idlibni idora qilib kelardi. Jo‘loniyning esa ayollar ta’limini qo‘llab-quvvatlashi va bunga qarshilik qilmasligini dalillash uchun Idlibdagi universitetlar uning boshqaruv davrida sakkiz yildan ortiq vaqtdan beri faoliyat yuritib kelayotgani va bu ta’lim dargohlaridagi ayollarning ulushi 60 foizdan yuqoriligini bildirdi. Bundan tashqari, u Suriyada spirtli ichimliklar ruxsat etiladimi, degan savolga ham anchagina balansli javob qaytardi.
“Gapira olmaydigan ko‘p narsalar bor, chunki bular huquqiy masalalar hisoblanadi”.
Umuman olganda, Jo‘loniy Suriyada huquqshunoslardan iborat qo‘mita tashkil etilib, bu guruh yangi konstitutsiyani ishlab chiqishini aytib, qaror qabul qilish shu huquqshunoslarning vazifasi ekani va har qanday hukmdor yoki prezident qonunga bo‘ysunishi shart dedi. Jo‘loniy o‘zining bu gaplariga rasman Suriya prezidenti sifatida ish boshlagan va u dunyo tomonidan tan olinganidan keyin ham rioya qiladimi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi. Ammo uning 2 haftalik faoliyati davomida Suriyada qochqinlar va xalqaro gumanitar yordam dasturlarida anchagina siljish ro‘y berdi. Jumladan, BMT Xalqaro Migratsiya Tashkiloti Suriyada hokimiyat yangi kuchlarga o‘tganidan so‘ng bir hafta ichida 100 ming suriyalik qochqin xorijiy mamlakatlardan qaytib kelgani, yana 150 ming Suriya ichida bir joydan boshqa joyga qochgan aholi o‘z uylariga qaytgani haqida ma’lumot berdi. Ammo bu Suriyani tark etishga majbur bo‘lgan suriyaliklarning umumiy sonidan anchagina kichik. Sababi 2011 yilda fuqarolik urushi boshlanganidan buyon terrorizm va Asad repressiyasida omon qolish ilinjida 6 milliondan ortiq suriyalik mamlakatni tark etgan. 5,5 million kishi esa Suriya ichida uy-joyini tark etib, mamlakat ichidagi boshqa bir tinch joyga ko‘chgan. Suriyada 17 million kishi hamon yordamga muhtoj va umumiy aholining 90 foizi qashshoqlik chegarasida yashaydi. Urushdan qochgan minglab suriyalik qochqinlar hozir uylariga qaytmoqda, boshqalari esa mahalliy sharoit ularning eson-omon qaytishiga imkon berish yoki bermasligini baholamoqda. Hozirda Suriyada bo‘lgan XMT Bosh direktori Emi Pope BMT Suriyaning ulkan gumanitar ehtiyojlarini qondirish, rekonstruksiyaga ko‘maklashish va aholi hayotini barqarorlashtirish uchun hayotiy yordam berishini tasdiqladi.
“Bu 14 yildan ortiq vayronagarchilikli to‘qnashuvlar davomida juda ko‘p azob va g‘alayonlarni boshdan kechirgan Suriya xalqi uchun katta umid va tarixiy imkoniyatdir. Katta qiyinchiliklarga qaramay, xalqaro hamjamiyat suriyaliklarning hayotini tiklash va yaxshi kelajakni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlashi kerak”, dedi u.
U donor davlatlar, hamkorlar va diplomatik missiyalarni Damashqqa XMT guruhlari joylashtirilgani haqida xabardor qildi va xalqaro hamjamiyatni qochqinlarni qaytarish uchun o‘z resurslarini safarbar qilishga chaqirdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligining Yaqin Sharq bo‘yicha direktori Rema Jamus Imseysning aytishicha, bir million suriyalik 2025 yilning iyunigacha qaytishi kutilmoqda. Bu esa mamlakatni tark etgan 6 million kishi singari bugun o‘zi ham qochqinga aylangan Bashar Asad 14 yil davomida uddasidan chiqmagan vazifaga (agar Asad suriyaliklarni o‘z vataniga qaytarishni xohlagan bo‘lsa) Jo‘loniy bir necha oylarda yetishishi mumkinligiga ishora qiladi. Ha, ishonch va muhabbat asosida qurilgan hokimiyat qo‘rquv bilan bunyod etilganidan ko‘ra ko‘proq yashaydi. Jo‘loniy esa kelgusida Suriyani boshqarishda qaysi tanlovga murojaat qilishi hozircha noma’lum.
LiveBarchasi