Erdo‘g‘an Putin bilan gaplashdi. Asosiy masalalar Ukraina va Suriya

Olam

image

Bugun, 28 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin turkiyalik mavqedoshi Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ikki o‘rtadagi muloqotda Ukrainadagi vaziyat muhokama qilingan.

“Erdo‘g‘an Turkiya Rossiya va Ukraina o‘rtasida davom etayotgan mojaroni to‘xtatish uchun boshlangan jarayonni diqqat bilan kuzatib borayotganini va har qanday yordam ko‘rsatishga, jumladan, tinchlik muzokaralarini tashkil etishga tayyorligini aytdi”, deyiladi xabarda.

Qolaversa, Erdo‘g‘an va Putin Suriya masalasini ham muhokama qilgan.

“Suriya Arab Respublikasidagi mavjud vaziyatni muhokama qilish chog‘ida yetakchilar mamlakatning birligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini ta’minlash muhimligini, ichki siyosiy barqarorlikni mustahkamlash, aholining barcha etnik va konfessional guruhlarining qonuniy huquq va manfaatlariga rioya etish maqsadida uning hokimiyati va xalqiga har tomonlama yordam ko‘rsatish zarurligini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.

Turkiya Prezidenti axborot xizmatining bayonotiga ko‘ra, Erdo‘g‘an Suriyaning resurslari Suriya ma’muriyatiga qolishi kerakligini ta’kidlab, Turkiyaning “Suriya demokratik kuchlari” deb ataluvchi kuchlarning markaziy boshqaruvga bo‘ysundirilishini qo‘llab-quvvatlaganini, “Suriyani butunlay terror tashkilotlari uchun qulay zamin bo‘lib xizmat qilishini to‘xtatish mamlakat barqarorligi uchun hayotiy ahamiyatga ega” ekanini aytgan.

Shuningdek, 2022 yil iyul oyida Turkiya va BMT Kotibiyati vositachiligida tuzilgan, ammo amalga oshirilmagan xavfsiz kema qatnovi va Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlari eksporti yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha “Qora dengiz tashabbusi”ni qayta tiklash yuzasidan fikr almashilgan.

Davlat rahbarlari Rossiya va AQSH ekspert guruhlarining Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan maslahatlashuvlari yakunlari hamda 18 martdan boshlab 30 sutka muddatga Rossiya va Ukraina energetika ob’ektlariga zarba berishni to‘xtatish bo‘yicha erishilgan kelishuvni muhokama qilgan.

Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo‘g‘an va butun turk xalqini musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi va yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bilan tabriklagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqot qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo'g'an Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing