Yevropada Erdo‘g‘anni yana tahqirlashdi (video)

Olam

image

Shveysariyaning Syurix shahrida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ko‘rinishidagi qo‘g‘irchoq hamda Turkiya bayrog‘i yoqib yuborildi. Bu haqda “News Bulletin 247” xabar berdi

Qayd etilishicha, mazkur namoyish Shveysariyaning Syurix shahridagi UBS banki binosi oldida Syurix inqilobiy ish tashlashlar jamoasi nomli guruh tomonidan amalga oshirilgan. Shu bilan birga “Erdo‘g‘anni (o‘ldir)” deya yozilgan banner ham ko‘tarilgan. 

Eslatib o‘tamiz, Yevropa bo‘ylab bunday holatlar tez-tez uchramoqda. Avvalroq Shvetsiyada Erdo‘g‘an ko‘rinishidagi qo‘g‘irchoqni oyog‘idan osishgandi. Shundan so‘ng Erdo‘g‘anning advokati Husayn Oydin Anqara prokuraturasiga Shvetsiyada Turkiya rahbariga qarshi namoyish tashkilotchilariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish talabi bilan murojaat qilgandi. Turkiya hukumati esa Shvetsiya mudofaa vaziri Pol Yonssonning 27 yanvarga mo‘ljallangan Turkiyaga tashrifini Stokgolmda bo‘lib o‘tgan namoyishlar tufayli bekor qilgandi. Bundan tashqari mamlakatning o‘sha paytdagi Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavusho‘g‘li Shvetsiyaning Stokgolmda o‘tkazilgan mitingni qoralashi yetarli emasligini aytgandi.

Birin-ketin o‘tkazilayotgan bunday mitinglarga Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishiga Turkiya tomonidan qo‘yib kelingan taqiq sabab bo‘lmoqda. NATOda qaror qabul qilish konsensus – tashkilotning har bir a’zosi bir ovozdan rozi bo‘lishi asosida amalga oshiriladi. Bunda bir davlat, masalan, Turkiya biror qarorga “veto” qo‘yadigan bo‘lsa, o‘sha qaror qabul qilinmaydi. 

Ma’lumot uchun 2022 yilning 18 may kuni Shvetsiya va Finlyandiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi, biroq Turkiya bu jarayonni darhol to‘sib qo‘ydi va bu davlatlardan PKK/PYD va YPG'ni terrorchi tashkilotlar deb e’lon qilishni, terrorchilikda ayblangan yoki 2016 yilda mamlakatdagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etgan shaxslarni ekstraditsiya qilishni va ularni qo‘llashni to‘xtatishni talab qildi. Aynan shu talablar bajarilishining paysalga solinishi, shuningdek, Daniya, Shvetsiya kabi mamlakatlarda o‘tkazilgan namoyishlarda Turkiya bayrog‘i va Qur’on kitobi yoqib yuborilishi Turkiyaning Shvetsiyani NATOga qabul qilishga rozi bo‘lmasligiga sabab bo‘lib kelmoqda. Finlyandiya esa allaqachon alyansga qo‘shilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Erdo'g'an Shveytsariya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing