Shvetsiya “oyog‘idan osilgan Erdo‘g‘an” uchun uzr bilan qutulmaydi – Turkiya
Olam
−
13 yanvar 2023
25778Turkiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Mavlud Chavusho‘g‘li Shvetsiyaning Kurdiston Ishchilar partiyasi (KIP, Turkiyada taqiqlangan) tarafdorlari tomonidan Stokgolmda o‘tkazilgan mitingni qoralashi yetarli emasligini aytdi. U bu haqda bugun, 13 yanvar kuni Italiya Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani bilan Anqarada matbuot anjumanida so‘z ochgan.
“KIPning Shvetsiyadagi provokatsiyalarini hammamiz ko‘rdik. Ular faqat qoralash bilan qutulolmaydi, Shvetsiya aniq choralar ko‘rishi kerak. Bunga qarshi kurashishi kerak. Bu harakat shahar markazida, shahar hokimiyati yaqinida bo‘lib o‘tdi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 yanvar kuni Turkiyada faoliyati taqiqlangan va terrorchi deb topilgan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) tarafdorlari tomonidan Stokgolmda o‘tkazilgan mitingda Erdo‘g‘anga nisbatan haqoratli so‘zlar aytildi. Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat binosi oldidagi ustunga Erdo‘g‘anga o‘xshatib yasalgan qo‘g‘irchoq oyog‘i osmondan holatda osib ketildi. Aftidan, buni o‘zini “butun Kurdiston bo‘ylab inqilobiy harakat bilan birdamlik va almashish tarmog‘i” deb ataydigan shved tashkiloti faollari amalga oshirgan. Ular Erdo‘g‘anni Italiyaning fashist diktatori Benito Mussolini bilan tenglashtirmoqchi bo‘lgan, uning jasadi 1945 yilda Milanda teskari osilgan edi.
Turkiya hukumatining ko‘plab siyosatchilari namoyishni keskin qoraladi. Turkiya prokuraturasi Erdo‘g‘anning advokati jinoiy ish bo‘yicha ariza berganidan so‘ng tergov boshladi. Turkiya parlamenti spikeri Mustafo Shentop Shvetsiya parlamenti rahbarining 17 yanvarga mo‘ljallangan Anqaraga tashrifini bekor qildi, unda shimoliy mamlakatning NATOga kirishi masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan edi.
Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson Erdo‘g‘anning shaxsiga qaratilgan bu harakatni qoraladi.
“Bu Shvetsiyaning NATOga kirishini sabotaj qilishga qaratilgan o‘ta jiddiy voqea edi”, deydi u
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu voqea NATOga kirish jarayoniga ta’sir qiladimi yoki yo‘q, buni aytishga hali erta, ammo xavf bor.
2022 yilning 18 may kuni Shvetsiya va Finlyandiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi, biroq Turkiya bu jarayonni darhol to‘sib qo‘ydi va bu davlatlardan PKK/PYD va YPG’ni terrorchi tashkilotlar deb e’lon qilishni, terrorchilikda ayblangan yoki 2016 yilda mamlakatdagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etgan shaxslarni ekstraditsiya qilishni va ularni qo‘llashni to‘xtatishni talab qildi. 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, o‘sha paytda Shvetsiya Bosh vaziri bo‘lgan Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo va Alyans Bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga ruxsat beruvchi memorandum imzolandi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Shvetsiya terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan 70 dan ortiq shaxsni ekstraditsiya qilishga va’da bergan.