Erdo‘g‘an va Mers tortishib ketdi (video)
Olam
−
31 Oktabr 21209 2 daqiqa
Kecha, 30 oktyabr kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqarada bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida og‘zaki tortishuvga kirishib ketdi. Bu haqda “Milliyet” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ikki yetakchi G‘azodagi vaziyat bo‘yicha kelishmovchiliklarga duch kelgan. Mers Isroilni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlagan, Erdo‘g‘an esa yana Isroil hukumatini genotsidda ayblagan.
Nashrning yozishicha, turk jurnalistining savoliga javoban kansler Isroil millionlab Xolokostdan (1933 yildan 1945 yilgacha natsistlar Germaniyasi tomonidan yahudiylarning ta’qib qilinishi) omon qolganlar uchun boshpana bo‘lganini aytgan.
“Shuning uchun Isroil har doim Germaniya davlati tomonidan qat’iy qo‘llab-quvvatlanadi”, deya ta’kidlagan kansler.
Isroilning G‘azodagi operatsiyasi haqida gapirar ekan, u Qo‘shma Shtatlar, Yevropa Ittifoqi, Germaniya va boshqa ko‘plab davlatlar tomonidan “terrorchi tashkilot” sifatida tan olingan HAMAS harakatini ayblagan.
“Isroil o‘zini himoya qilish huquqidan foydalangan va son-sanoqsiz keraksiz qurbonlarning oldini olish uchun faqat bitta yechim kerak edi: HAMAS garovga olinganlarni oldinroq qo‘yib yuborishi va qurollarini topshirishi kerak edi. Shunda, bu urush darhol tugaydi”, degan germaniyalik yetakchi.
Biroq Turkiya Prezidenti kanslerga to‘g‘ridan to‘g‘ri aytganidek, bunga qo‘shilmagan. Erdo‘g‘anning fikricha, HAMASda yadroviy qurol va bombalar yo‘q, Isroil esa mavjud sulhga qaramay, G‘azo sektorini bombardimon qilmoqda.
“Ular nafaqat G‘azoga hujum qilmoqda, balki har doim ocharchilik va genotsid orqali G‘azoni bo‘ysundirishni niyat qilganlar va bu bugungi kungacha davom etmoqda”, deya o‘z pozitsiyasini bildirgan Turkiya yetakchisi.
Shu bilan birga, u Germaniya va Turkiya G‘azo sektorining kelajagi ustida yakdil ishlashlariga ishonch bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu HAMASni sulh bitimini buzganlikda ayblab, G‘azo sektoriga yirik zarbalar berishni buyurgandi.
Ko‘p o‘tmay, ommaviy axborot vositalari G‘azo shahriga zarba berilgani haqida xabar berdi. HAMAS nazoratidagi G‘azo rasmiylari Isroil samolyotlari hududga kamida uchta havo hujumini amalga oshirgani va to‘qqiz kishining o‘lganini da’vo qildi.
Live
Barchasi